Har qanday go'zallikning nomi - Allohdir!
#maqola
Har qanday go'zallikning nomi - Allohdir!
Cheksiz ustunlik, ulkan rahmat sohibi Robbimiz...
U Rahmon va Rahiymdir. Sajdaning rohatini qalbimizga soluvchi Allohdir. Ibodatning shavqini bizga berguvchi Allohdir. Yaxshilikka haris, jannatda musobaqalashishda bir-birimizga solih(a) hamroh qilguvchi Allohdir.
Ertalab uyg'onganda hamd aytishning nomi Robbimizdir.
O'ziga bandalik qilishdagi huzurni ko'nglimizga solgan yagona Xoliq - Robbimizdir.
Nafas olishimiz Uning ikromidir. Musulmon bo'lib dunyoga kelish Uning marhamatidir. Ilm olish Uning in'omidir. Rahmondan keldik, albatta, qaytish ham Rahmongadir. Barchasining shukri, buyruqlarning xolis ado etilishi ila oxirat diyorida Uning jamolini ko'rishdek ulkan mukofot ila rag'batlanamiz, in shaa Alloh.
Allohim, Sen qalbimizda bo'lmaganingda biz qanday g'arib hollarda bo'lardik? Sen Rahmon bo'lib bizni mag'firat qilmaganingda, biz qaysi eshikka bosh urib borgan bo'lardik?
Sen bizni "Biz" qilmaganingda tuproq bo'lgan bo'lardik. Sening marhamating bo'lmasa, biz nima qilardik?! Sendan boshqa kechirguvchimiz, najot so'rab boradigan joyimiz yo'q bizning. Sengagina muhtojmiz, zero, Sen hamma narsadan behojatsan.
Noto'g'ri yo'llarni tutamiz, va yana lutfi-karamingdan umid qilib, "bizning Robbimiz o'ta mag'firatli Zot" deya oldingga boramiz. Xatolarimiz ila kelamiz, ojiz qulingman deymiz, ammo bilamiz Sen Rahimsan.
Allohim, Senga qul bo'lmoq bunchalar go'zal. Duo qilsak, "bandam..." deya javob bermog'ing buncha go'zal. Butun koinot Senga ibodat qilayotganda bunchalar go'zal! Kichik gallaktikadagi mitti sayyoradagi chang ko'chali shaharda butun mulkingdagi bir zarrang bo'lmoq qanchalar faxr...
Ya Molik bo'lgan Xoliq zot, ko'ngillarimizni muhabbating ila rizqlantir...
3-kurs talabasi Sattorova Ozoda
Izoh qoldirish