21.10.2026

BUXOROI SHARIF — ILM-MAʼRIFAT BESHIGI

       Buxoro butun islom olamida Buxoroi Sharif, Bahrul ulum, Qubbatul Islom degan yuksak nomlar bilan eʼtirof etilgan. Buxoro shahri va uning atrofida juda koʻp ziyoratgohlar bor. Muhammad Gʻiyosiddin “Gʻiyosul lugʻot” kitobida yozadi: “Buxoro — ilm demakdir”. Bu shaharda ulamolar va fuzalolar koʻp boʻlgani bois shunday deganlar.
Abu Hafs Kabirning beqiyos xizmatlari sabab Buxoro «Qubbatul Islom» unvoniga sazovor boʻlgan. Shu bois har bir obida, har bir ziyoratgoh tarixi juda qadimiy. Yurtimizdagi ziyoratgohlar, ulugʻ insonlar va buyuk allomalar haqida koʻplab ibratli hikoyatlar, rivoyatlar yuradi.
KITOBLAR KARVONI – MAʼNAVIYAT ZIYOSI
     Rivoyat qilishlaricha, karvon Buxoroga yetib kelganda, shahar tun qoʻynida mudrab yotardi. Donishmand shahar darvozasiga yaqinlashib, oʻzini Abu Hafs Kabir deb tanishtiradi. Buxoroliklarga, ona xalqiga tuyalarga ortilgan “ilmu ziyo xazinasini olib keldim”, deydi.
“Tong otib, darvozalar ochilgach, bemalol kirasiz”, deb javob beribdi. Tong otgach, kitoblar karvoni Buxoroga kirib keladi.
Buxoroda oʻz davrida maʼrifat va maʼnaviyat rivoj topgan, boshqa mamlakatlardan kelib, bu yerda taʼlim olishgan.
ASRLAR SHOXIDI — ZIYORATGOH
      Hazrati Imom maqbarasi nomini olgan qadamjo Buxoro faqihlarining ustozi va birinchisi boʻlgan Ahmad ibn Hafs Buxoriy (767–832) nomli buyuk ustozning qabri ekanligini tarixchi olim V. V. Bartold qayd qilib qoldirgan. U zot eski Buxoro shahristonining shimoliy qismida yashaganlar.
U kishining uylariga olib boruvchi yoʻl Haqq yoʻli deb atalgan hamda unga yaqin Buxoro darvozasi ham shu nom bilan Haq darvozasi deb nom olgan.
Hazrati Imom koʻpchilik musulmonlar oʻrtasida Hoja Imom Hafsi Kabir Buxoriy nomi bilan tanilganlar. Buni X asrda yashagan tarixchi Narshaxiy keltirgan. Hozirgi kunda esa Hazrati Imom yoki Eshoni Hojat Baror nomlari bilan mashhur.
Hazrati Imomning shuhratlari shu qadar buyuk ediki, hatto shaharning u zotning uylariga yetadigan yoʻldagi darvozasini “Darvozai Imom” deb atashgan. Hazrati Imom qabristoni mana ming yildan beri faoliyat koʻrsatayapti. Maqbara yonida hazira boʻlgan. Hazirada masjid joylashgan va uchta chiroqxona boʻlgan. Masjid ayvonlik boʻlib, devor qalinligi 80 santimetrni tashkil etgan. Masjid yaqinida eski minoralar bor.
Oʻtgan yillar davomida xonaqoh, hovuz, hujra va minoralar taʼmirlanib, asl holiga keltirildi. Ziyoratgohda Abu Hafs Kabir, oʻgʻillari Abu Abdulloh Moriziy va shogirdlari dafn qilingan edi. Bu Buxorodagi eng qadimiy ziyoratgohlardan biridir.
Narshaxiyning yozishlaricha, Afrosiyobning ham qabri ziyoratgohdagi tepalikda boʻlgan. Lekin yillar oʻtishi bilan u tepalik yoʻqotilgan.
Maʼlumki, allomaning uylari oldidagi shahar darvozasi "Darvozai Haqqroh", yaʼni “Haq yoʻl darvozasi” deb nomlangan edi.
ILM YOʻLIDAGI YUKSALISH
           Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy Buxoroda ilmiy va diniy bilimlar rivojiga katta hissa qoʻshgan, madrasaga asos solgan. Movarounnahr va Xurosonda madrasalar barpo etilganini zikr etib, birinchi madrasa Buxorodagi “Farjak” madrasasi degan fikrni ilgari suradi. Ushbu madrasa 937-yilgi yongʻin natijasida yonib ketgan.
Shuningdek, Nojiy Maʼrufning tadqiqotiga tayangan holda, «Nishopur, Buxoro, Gʻazna va Bushandda Bagʻdoddagi birinchi madrasa barpo etilgunga qadar 33 ta madrasa mavjud boʻlgan», degan maʼlumotni keltiradi.
Buxorodagi Abu Hafs Kabir madrasasi oʻz zamonasida mashhur madrasalardan sanalgan. Tarixchi Vamberi oʻzining “Tarixi Buxoro” va as-Saʼdiy “Tarix ad-duval” nomli asarlarida Imom Abu Hafs Kabir Buxoriyning madrasasi islom olamining turli oʻlkalaridagi olimlar va talabalar orzu qilgan eng yaxshi madrasa boʻlganini taʼkidlashgan.
IMOM BUXORIYNING USTOZI
             Abu Hafs Kabirning ustozlari bagʻdodlik alloma Imom Muhammad Hasan Shayboniy hisoblanadilar. Buxoroning aksar olimlari Abu Hafsdan tahsil olishgan.
Abu Hafs Kabir amir boʻladimi, oddiy fuqaro boʻladimi, qanday muammo bilan kelsa, hal qilib berar edi. Shu bois odamlar olimni «Hojatbaror imom» deb hurmat qilishgan.
Imom Buxoriy yoshliklarida Abu Hafs Kabirning oldilarida ilm olganlar. Imom Buxoriyni hadislarning sahihini toʻplashga undagan zot ham Abu Hafs Kabirdir.
Abu Hafs Kabirning ustozlaridan biri Abul Hasan Nuriy sahih hadislarni toʻplashga kirishganlar, lekin oxiriga yetkaza olmaganlar. Shundan soʻng, u kishining vasiyatlari bilan Abu Hafs rahmatullohi alayh ham sahihlarni jamlaydilar, lekin u zot Buxoroga kelgan davrda fiqhga koʻproq eʼtibor beradilar.
Niyatlariga yetmaganliklari sababli oʻzlarining qobiliyatli shogirdlari Muhammad ibn Ismoil (Imom Buxoriy)ga shu ishni oxirigacha yetkazishni buyuradilar.
Manbalarda qayd qilinishicha, Abu Hafs Kabir Buxoriy Imom Buxoriyga dars berib, u kishidagi hadisga boʻlgan muhabbatni bilgach, “Kelajakda bu kishidan ulugʻ muhaddis chiqadi!” deb karomat etganlar.
Imom Abu Hafs Kabir zamonasining buyuk olimi sifatida tan olingan. Bu zotning bizgacha yetib kelgan noyob asarlari anchagina.
MAʼNAVIY KAMOLOT
Imom Abu Hafs Kabir Buxoriy Movarounnahrga fiqh ilmining sir-sinoatlarini targʻib qiladilar. Allomaning bizgacha yetib kelgan asarlari mavjud. Abu Hafs Kabir koʻplab faqihlarni tarbiyalab yetishtirgan.
Abu Hafs Kabir hanafiy mazhabi fiqhining Movarounnahrda tarqalishida qancha jonbozlik koʻrsatgan boʻlsa, uning oʻgʻli Abdullohning ham bu borada xizmati katta boʻlgan. Shuning uchun ham Abdullohni “Abu Hafs Sagʻir”, yaʼni “Kichik Abu Hafs” deb atashgan.
Abu Hafs Kabirning shuhrati Buxoroga, qolaversa, butun islom olamiga maʼlum va mashhur boʻldi. Uni “Muallimi Islom”, yaʼni “Islom dinining muallimi” deb atashgan. Buxoro allomaning beqiyos xizmati tufayli ilm-maʼrifat maskaniga aylangan.
Abu Hafs Kabir rahmatullohi alayh 216-hijriy yili (832-milodiy) Buxoroda vafot etadilar va hozirgi Hazrati Imom mavzeyiga dafn etildilar.

                                                                                                                                        Inobat Ochilova

Izoh qoldirish