27.11.2026

BIR NABIRAGA BITILGAN MAKTUB — BUTUN AVLODGA O‘GIT

            Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Iordaniya Hoshimiylar Podshohligiga — buyuk payg‘ambarlar, ulug‘ zotlar hamda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak avlodlari yurtiga qilgan tarixiy va muqaddas tashriflari chog‘ida suyukli nabiralariga yo‘llagan maktublari keng jamoatchiligimiz qatori bizni ham chuqur hayajon va cheksiz ma’naviy g‘ururga to‘ldirdi.

Maktub bolakayning “Nega Siz doim uzoq safarlarga ketasiz?” degan beg‘ubor savolidan boshlanadi. Shu savolga javob berar ekan, Prezidentimiz nabirasiga el-yurtga xizmat qilish, ilm olish, vaqtni qadrlash va hayot sinovlari qarshisida sabrli bo‘lish haqida so‘zlaydi. Boboning nabirasiga mehri bilan yo‘g‘rilgan bu o‘gitlar yurtimizning barcha farzandlariga daxldordir.

Buxorodagi “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, ona va ustoz sifatida maktubdagi bir fikr meni o‘ylantirdi. Farzandlarimizning kelajagi haqida qayg‘urish ularning bugun yaxshi ta’lim olishi uchun sharoit yaratishdan boshlanadi. Prezidentimiz olis safarlarga chiqishi, yangi hamkorlar izlashi sababini nabirasiga aynan shu maqsad bilan bog‘lab tushuntiradilar. Maktubning keyingi qismida, vaqt qadri haqida so‘z yuritar ekanlar, “Xalqim tunda osuda uxlashi uchun ham men har doim bedor bo‘lmog‘im kerak, axir!” deya yozadilar. Bu so‘zlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bir inson o‘z zimmasiga topshirilgan kishilar uchun mas’ul ekani haqidagi hadislarini yodga soladi (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Maktubdagi bolalik xotiralari ham kishini chuqur o‘yga toldiradi. Davlatimiz rahbari yozning jaziramasida g‘o‘za chopganlari, izg‘irin sovuqda paxta terganlari va maktabda o‘qiganlari o‘n yilning deyarli yarmi dalada o‘tganini eslaydilar. Prezident bo‘lgach, birinchi galda bolalarni paxta dalalaridan maktabga qaytarganlarini yozadilar. Bu xotiralar bugun qizlarimizning bilimlarni egallashi uchun yaratilgan imkoniyatlarning qadrini yanada teranroq anglashga undaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “… Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman” (“Ibrohim” surasi, 7-oyat), — deya marhamat qilgan. Yoshlarimiz bu dorilomon kunlarning qadriga yetishi, shukronalik bilan faqat ilm olishga intilishi shart.

Maktubda muhaddislar sultoni Imom Buxoriy, allomalar sardori Abu Rayhon Beruniy, tibbiyot ilmi sultoni Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy hamda ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi buyuk zotlarning muborak nomlari alohida hurmat va iftixor bilan tilga olingan. Buxoroyi sharifda — ne-ne alloma-yu avliyolar xoki yotgan muqaddas zaminda faoliyat yuritayotgan biz, ustozlar uchun bu so‘zlar ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, asrlar davomida ma’rifat va ziyo tarqatib kelgan “Jo‘ybori Kalon” madrasasi an’analarini davom ettirib, o‘quvchi-qizlarimiz qalbida ana shunday buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘lish tuyg‘usini uyg‘otishimiz zarur. Alloh taolo Qur’oni karimda olimlarning darajasini yuksak ko‘tarib: “… Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) darajalarga ko‘tarur” (“Mujodala” surasi, 11-oyat), — deb marhamat qilgan. Prezidentimizning “Yoshlikda olingan bilim xuddi toshga o‘yilgan naqsh kabi sira o‘chmaydi” degan o‘gitlari esa Imom Hasan Basriy rahimahullohning: “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, — degan hikmatlari bilan to‘liq hamohangdir.

Bugungi axborot asrida yoshlarni mutolaa va ilm olishdan chalg‘ituvchi omillar nihoyatda ko‘p. Yurtboshimiz bu borada ham o‘ta dolzarb va nozik masalaga to‘xtalib: “Zamonaviy gadjetlar va sun’iy intellektdan unumli foydalan, ammo ularga qaram bo‘lib qolishdan ehtiyot bo‘l!” — deya ogohlantirdilar. Bu — bugungi kun pedagoglari va ota-onalarini eng ko‘p o‘ylantirayotgan muammoga berilgan eng aniq yechimdir. Texnologiya insonning aqlini o‘tmaslashtiruvchi emas, balki uning tafakkurini boyituvchi vosita bo‘lishi kerak. Shuningdek, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish, bugungi ishni ertaga qoldirmaslik va har bir daqiqani g‘animat bilish haqidagi nasihatlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar ularning qadriga yetmaydilar: biri — sihat-salomatlik, ikkinchisi — bo‘sh vaqt” (Imom Buxoriy rivoyati), — degan muborak hadislarini yodimizga soladi.

Maktubning eng ta’sirli o‘rinlaridan biri — hayot sinovlari qarshisida sinmaslik, sabr va irodaga suyanish haqidagi fikrlardir. Prezidentimizning: “Hayotdagi eng katta yutuq hech qachon yiqilmaslikda emas, balki yiqilgan taqdirda ham o‘zida kuch topib qayta tura bilishdadir” degan hikmatlari muqaddas islom dinimizning sabr, shukr va qat’iyat haqidagi ta’limotlari bilan chambarchas uyg‘unlashib ketadi. Qur’oni karimda: “Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” (“Sharh” surasi, 5-oyat) hamda “… Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” (“Baqara” surasi, 153-oyat), — deya marhamat qilingan. Zero, inson kamolotga faqat oson yo‘llar bilan emas, balki mashaqqatlarni sabr bilan yengib, xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib erishadi.

Bu maktubni ustozlarimiz va o‘quvchi-qizlarimiz bilan birgalikda o‘rganib, undagi o‘gitlarni hayotiy misollar asosida muhokama qilamiz. Oila, mahalla va ta’lim muassasasi hamkorligida o‘tkaziladigan tarbiyaviy suhbatlarda ham uning mazmuniga murojaat qilamiz. Qizlarimizning diniy va dunyoviy ilmlarni puxta egallashi, hayot sinovlari oldida sabotli bo‘lishi va o‘z bilimi bilan xalqiga xizmat qilishi yo‘lida ustoz sifatida bizning ham mas’uliyatimiz bor. 

                                                                                                                                            N. K. Raximova,

“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta

 maxsus islom ta’lim muassasasi

o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari

 

Izoh qoldirish