23.09.2022

Tinchlik – eng buyuk ne’mat

Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy ne’matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. 

Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhivasallam hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik- eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab shunday deganlar:

“Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U —  xotirjamlik va sihat-salomatlikdir”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukurlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.

Alloh ta’olo Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab, shunday deydi:

 

وَلَا تُفۡسِدُواْ فِي ٱلۡأَرۡضِ بَعۡدَ إِصۡلَٰحِهَا وَٱدۡعُوهُ خَوۡفٗا وَطَمَعًاۚ إِنَّ رَحۡمَتَ ٱللَّهِ قَرِيبٞ مِّنَ ٱلۡمُحۡسِنِينَ

 

Va isloh qilingandan keyin yer yuzida fasod qilmang va Undan qo‘rqib tama’ ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir.(A’rof surasi 56-oyat)

Yana bir oyati karimada shunday deydi:

 

أَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱدۡخُلُواْ فِي ٱلسِّلۡمِ كَآفَّةٗ وَلَا تَتَّبِعُواْ خُطُوَٰتِ ٱلشَّيۡطَٰنِۚ إِنَّهُۥ لَكُمۡ عَدُوّٞ مُّبِينٞ

 

Ey, iymon keltirganlar! Islomga to‘lig‘icha kiring. Va shaytonning izidan ergashmang. Albatta, u sizga ochiq dushmandir.(Baqara surasi 208-oyat)

Afsuski, Alloh taoloning ulug‘ ne’mati bo‘lmish tinchlikdan hamma ham barobar bahramand emas. Chunki, dunyoning turli burchaklarida terrorchilar tomonidan nohaq qon to‘kilishlar sodir etilmoqda. Shunday mudhish voqealarnining qabih niyatli buzg‘unchi guruhlar tomonidan amalga oshirilishi butun dunyo tinchliksevar xalqlari qatori O‘zbekiston xalqining ham qalbini larzaga soladi. Shuning uchun ham biz doimo tinchlik va mehr-oqibatni o‘zida mujassam etgan muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etishni dolzarb vazifa sifatida bilamiz. Shuningdek, islom dinini niqob qilib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishishga urinayotgan harakat va kuchlarga qarshi doimo sergak va hushyor turish zarurligini yana bir bor ta’kidlaymiz.

Shunday ekan, biz insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishimiz balki, unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishimiz lozim. Bu yo‘lda barchamiz yanada birlashib, hamjihatlikda harakat qilishimiz kerak. O‘z uyingni o‘zing asra, degan gapda hikmat ko‘p, uning ma’nosi keng. Zero, tinchlik uchun doimo kurashish kerak. Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beraveradi.

“Jo‘ybori Kalon” ayol qizlar o‘rta-
maxsus islom ta’lim muassasasi
ARM xodimasi Maftuna Baxshilloyeva
 

Izoh qoldirish