22.06.2022

Millatimizga xos, zamonaga mos bo’lsin.

Ayol-jamiyat gultoji, latofatli fitrat egasi, mo'tabar onadir. U qalblarga bor iliqlikni baxsh etuvchi bulbul navosidek, dengiz tubidagi dur-u gavhardek. Insonlar har doim gavharni e'zozlab kelishadi. Chunki u yer qa'ridan olingan, chig'anoq ichidagi yashirin durdir. Ayollar ham dillarga berkingan, gavharga burkangan dur kabidir. Shuning uchun ayol muhtaramdir, e'tibor egasidir. Uni asrab-avaylab, o'ta ehtiyotkor bo'lmasak, shisha kabi nozik qalbiga ozor yetishi mumkin. Unga har doim shirin so'zlar, ozgina iltifot va yuksak ehtirom bilan munosabatda bo'lmog'imiz darkor. Zero, u jamiyatning tayanchidir, u bir oilaning faxri va nomusidir, ayol kimgadir farzand, yana kim uchundir opa yoki singildir. Turmush o’rtog’i uchun hayotining mazmuni bo’lgan suyukli rafiqadir va eng asosiysi ONAdir. Muxtasar qilib aytdigan bo’lsak, ayollarimizning  jamiyatimizda muhim o’rni bor. 

Buyuk donishmandlar Vatanga munosib ta’rif izlaganda uni ona siymosiga qiyos qilishgani bejiz emas. Shunga monand, ayolni e’zozlash-millatimizga ham xos eng oliy fazilat. Zero, har qaysi jamiyatning, millatning madaniy darajasi, ma’naviy barkamolligi qadimdan ayollarga bo’lgan munosabat bilan belgilangan.

Har bir jamiyat, har bir davlat va har qaysi din ayolni e'zozlashga muhim e'tibor qaratadi. Lekin ularning hech qaysi Islom dinidek ulkan marhamatni yo'lga qo'ymagan. Boshqa bir din tanqidchilari islom dini ayol ozodligi va dunyoqarashini tor doirada jamlab, uni erkinligini olib qo'yadi deyishadi. Aslida esa islom nafaqat o'z dinidagilarga, balki boshqa din ayollariga ham hurmat va e'zozda bo'ladi. Ularga bo'lgan har qanday qadrni islom dini yaxshilik sifatida e'tirof etadi. Islomda ayollar go'zal rishtalar ila mustahkamlanadi, u qiz va jufti halol bo'ladi. Dastlab ta’kidlaganimizdek,  u Ona bo'ladi, va jajji farishtalar uchun qalb madrasasidir. Ayol kishiga hech qaysi tomondan ulkan qiyinchiliklar tushmasligi uchun islom dini ayol kishining moddiy ta'minotini ham erkak kishiga yuklab qo'yadi. Ular ko'chada og'ir ish bilan mashg'ul bo'lib, ro'zg'or mas'uliyatini elkasiga yuklamaydi. Vaholanki, u o'ta nozik xilqatdir.

Ba'zi bir jamiyatlar va din vakillari islomni ayol qadrini yerga toptaydi deb qoralashini eslatib o'tib, shuni qat’iy ishonch bilan aytishimiz mumkinki, ularning hech qaysi Islom kabi ayolga mo'tabar sharafni bera olmaydi. Masalan, biz tarixdan bilamizki, johiliyat davrida ayollarga bo'lgan munosabatlar qanday bo'lgan va qanday davom etgan?! Ular juda ham ko'p erkinliklardan mahrum edilar. Ayol kishiga o'ta past nazar bilan qarardilar. Hatto jajji qiz go'daklarni ham tiriklayin ko'mish darajasiga yetgan edilar. Islom keldi-nusrat keldi. U bilan ayol ulug' maqomga chiqarildi. U or-nomus ramzi qilib qo'yildi. Islom dini uning qaysi dinda ekanligi, millati va irqidan qat'iy nazar, ehtirom etilishi adolat ko'rsatmalari bilan belgilab berildi. Boshqa bir din va jamiyatlarda ayollarning suratlarini ko'chadagi shablonlarda va har qaysi reklamalarda ochiq-sochiq kiyimlarda chiqarib qo'yishdi va buni "erkinlik" deya nomlashdi. Barcha erkaklar ularga yomon nazar bilan qaraydigan, va hatto bemalol qo'l berib ko'rishish kabi ochiq munosabatlarni yo'lga qo'yib, uni "hurlik" deb atashdi. Vaholanki, asl hurriyatni nomahram ko'zlardan asragan va ayolning ziynatlarini berkitgan asl haqiqatni Islom olib kelgan edi.Hadisi sharifda ham Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam "Jannat-onalarning oyog'i ostidadir"-, deya marhamat qiladilar. Bu hadis zohiri ham qalbimizga muhtaramlik tuyg'usini olib kiradi. Nahot jannatni ayolning oyog'i ostiga olib kelgan din uni tahqirlashi mumkin bo'lsa?! Uni qadrlash ayolning e'tiqodi, go'zal xulqi, pok ichki ruhiyatiga chambarchas bog'liqdir. Va uning kiygan kiyimi bu sifatlarning unda qanchalik mujassam etganligini belgilab beradi. Chunki libos uning hayo-ibosi, latofati va taqvosining kalitidir.

Ta’kidlanganidek, ayol kishinig kiyinish madaniyati, libosi  ma’naviyatining o’ziga xos ko’zgusi bo’lib, ko’p jihatdan uning fe’l atvori, dunyoqarashi va qadriyatlaridan dalolat beradi. Shu jihatdan, xalqimizga xos uslub barcha zamonlarda ham millatimizga xos orastalik, kamtarlik va go’zallikka intilish kabi fazilatlarni namoyon etib kelgan.

Islom dini kiyinish madaniyatiga hamisha katta e’tibor qaratgan. Ayollar yuz va qo’llaridan boshqa a’zolarini begona ko’zlardan berkitib yurishlari lozimdir. Hijob uning ziynatlarini berkitib, taqvosini yuksaltiradi. Islom dini poklikni e’tirof etadi. Kiyimlar doimo toza va ozoda bo’lmog’i darkordir. Kiyim o’ta ziynatli, ochiq va shahvoniy hislarga  olib keluvchi bo’lmasligi kerak. Hozirgi kunda kiyim namoyishlari va bozorlarda sotilayotgan ayollar kiyimi bizning e’tirofimizga to’g’ri kelmaydi. Ular odobsizlik, ayolni qadrlamaslik bo’libgina qolmay, barcha fitnalarning manbaidir.

Kiyim eng avvalo avratni to’sish, ya’ni insonning boshqalar ko’zidan yashirilishi lozim bo’lgan uyat joylarni berkitish uchun xizmat qiladi. Va u badan hamda uyat joylarni bekitish darajasida farz hisoblanadi. Qur’oni Karimda turli ijtimoiy foydalar va jismoniy xususiyatlarni hisobga olgan holda ayollar kiyinishiga oid bir necha oyatlar nozil bo’lgan. Yurtimizda an’anaviy hisoblangan hanafiylik mazhabiga ko’ra, ayollarning bosh kiyim sifatida ro’moldan foydalangan holda yuz, qo’l va oyoqlarini ochib yurishlari qabul qilingan. Bunda “Nur” surasining 31-oyati dalil bo’ladi: “..Hamda ko’rinib turadiganidan boshqa ziynatlarini (ya’ni, uyat joylarini va ustlaridagi liboslaridan boshqa zeb-ziynatlarini nomahramlarga) ko’rsatmasinlar va ko’kraklarini ro’mollari bilan to’ssinlar!...”. Ya’ni ko’rinib turadigan , deganda yuz, qo’l va oyoq nazarda tutilgan. Bu holning milliylik xususiyatini ham kasb etganini keksa onaxonlarimiz va momolarimiz siymosida ko’rish mumkin. Ayollar  libosi masalasida biz hech ikkilanmasdan o’z milliylik xususiyatlarimizni targ’ib etishimiz mumkin, chunki shar’iy nuqtai nazardan libosning shaklu shamoyili cheklanmagan, balki avrat a’zolar yopilsa, shu kifoyadir. Ammo, yurtdoshlarimiz orasida bu masalada bilib-bilmay boshqa mazhablar yo’liga ergashayotganlar ham yo’q emas.Hanbaliya mazhabiga amal qiluvchi ba’zi arab mamlakatlarida ayollar yopinchig’i masalasida qabul qilingan tamoyillar ularning o’z sharoitiga mos bo’lishi mumkin, lekin bu holatni boshqa yurtlarda joriy etishga urinish turli ixtiloflarni keltirib chiqarishdan boshqa narsa emas. Ba’zan  yopinchiq, hijob  niqobida g’arazli, yovuz kimsalar tomonidan turli qabih ishlarning amalga oshirilishi esa hanafiylikda qabul qilingan tamoyilning naqadar to’g’ri ekanini isbotlaydi. Shuningdek, “guruch kurmaksiz bo’lmaydi”, deganlaridek, ming afsuski, boshdan oyoq qora hijobga o’ralib, shu niqob ostida qora ishlarni qilib yurgan ayollar ham bugungi kunimizda yo’q emas. Albatta sog’lom fikli mo’mina ayollar ana o’shalarning taqdirlaridan ibrat olishlari lozim. Shunday qilib, bugungi kunda turli ixtiloflarga sabab bo’layotgan hijob xususida fikr yuritganda uning lug’atda “parda, niqob” ma’nolarini anglatishini, uni ayollar kiyimi sifatida talqin qilish joiz emasligini aytish mumkin. Bu so’zning Qur’onda ishlatilgan ma’nosi ham fikrimizni tasdiqlaydi: “..Qachonki, sizlar ulardan (payg’ambar ayollaridan) biror narsa so’rasangiz, parda ortidan so’rangizlar”.(Ahzob: 53-oyat).  Oyatda “hijob” so’zi “parda” ma’nosida ishlatilmoqda. Bu o’rinda ushbu oyatning hukmi ham Payg’ambar (salollohu alayhi vasallam) ayollariga xos ekanini eslasak, fikrimiz yanada oydinlashadi. Musulmon kishining qanday kiyinishi borasida Payg’ambar (salollohu alayhi vasallam)dan ko’plab ko’rsatma va tavsiyalar rivoyat qilingan: “Liboslaringizni chiroyli qilinglar, ot-ulovlaringizni yaroqli tutinglar, yuzdagi xoldek odamlarga namuna bo’linglar”. Ushbu hadis mazmuniga ko’ra, har bir musulmon erkak va ayol boshqalarga namuna bo’larlik darajada kiyinishga targ’ib etilmoqda. “Oq libosni ixtiyor qilinglar, uni tiriklaringiz kiysin, u bilan o’liklaringizni kafanlangizlar.Chunki oq libos kiyimlarning afzalidir”. Bu hadisda esa, ochiq rangli kiyimlarni kiyishga targ’ib bor. Shu o’rinda kiyinish masalasidagi yana bir g’ayrimilliy ko’rinishni ham tilga olishimiz joiz bo’ladiki,hozirgi paytda paytda ayrim qiz-juvonlarning g’arb davlatlariga taqlid qilib, engi va etagi kalta, ko’ksi ochiq kiyimlar, gavda va a’zolarini “ko’z-ko’z” qilib turuvchi tor va yupqa-harir ko’ylaklar, eng achinarlisi, ko’krak, kindik va boldirlarini ochib, hammaga namoyish qilib yurishlar na milliy mo’’tadillikka va na musulmonchilik odoblarimizga mutlaqo to’g’ri kelmaydi. Bu kabi milliylikka zid kiyinayotgan ayollarimiz nafaqat o’zlari uchun gunoh orttirmoqdalar, balki, yosh avlodning tarbiyasi, kelajagimiz onalari bo’lmish o’smir yoshidagi qizaloqlar ongi, axloqiga ham salbiy ta’sir ko’rsatayotganlari yanada ayanchlidir. Bu holatlarni bartaraf etish borasida bugungi kunda milliy va diniy qadriyatlarimizga murojaat etish, shuningdek keksa otaxon va onaxonlarimizning ham pandu nasihatlaridan istifoda etish lozim bo’ladi. 

Ayol-qizlar liboslari nazar tushganda o’ziga tortadigan, turli xil bezakli, yaltiroq, qad-qomatni bildiradigan darajada tor, teri rangini bildiradigan darajada shaffof bo’lmasligi lozim. Har bir ayol o’ziga yarashgan libosni kiymog’i shart.
Albatta, ayollarning eng yaxshisi; shirin so’zini, pardozini hamda chiroyli liboslanishini begonalar uchun; o’qishdagilar, ishdagilar, turli xil marosimlar uchun emas faqatgina o’zining mahramlari uchun ko’rsatadiganidir. Ayollar libosi, ularning hayo bilan kiyinishi yoki ibosizlarcha kiyinishlari avvalo, uyidagi erkak kishining qanchalik hamiyatli ekanligini yoki aksincha ekanligini ko’rsatadi.
Olamlarga rahmat payg’ambar Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning sevimli kuyovlaridan biri, Xasan va Xusayn(roziyallohu anhumlar)ning otasi Aliy roziyallohu anhu shunday deganlar: “Ayolini rashk qilmagan erkakda xayr yo’q.” Bundan ko’rinadiki ayollarning kiyinishlariga asosan erkaklar javobgarlar. Erkak kishini rashk qilishi ayolini kalta-kulta, ochiq-sochiq kiyintirib qo’yib, begona nazar unga qaraganida o’sha bilan janjal qilish bilan bo’lmaydi. Ya’ni erkak kishining rashki shundaki, uni ayoliga yot nazar tushganida ayolni iffat va hayo bilan kiyinganini ko’rgan kishi uning albatta kimgadir tegishli ekanligini his qilmog’idir. 

Alloh taolo yurtimizni obod qilib, oilalarimizni mustahkam bo’lishini nasib etsin, ayollarimizni barcha holatlarda milliy qadriyatlarga hamda diniy odoblarga rioya qilgan holda hayot kechirishlariga hamda mo’min va mo’mina ayollarimizni milatimizga xos, zamonamizga mos bo’lishlikka muvaffaq aylasin!

 

 

“Jo’ybori Kalon” ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 

o’quv, malaka oshirish va qayta tayyorlash bo’lim boshlig’i  N.K.Raximova

Izoh qoldirish