28.10.2025

Qiz farzandlar tarbiyasida momolarimizning o'rni.

Qiz farzandlar tarbiyasida momolarimizning o'rni.
Tarbiya- bu hayotning bosh mezoni, odob va axloqning negizi, umr safaring poydevoridir. Har o'zbek xonadonidagi farzandlarning ilk tarbiya maktabi bu - ularning momolaridir. Zero, har bir oilaning yuragi - bu momodir. Ular o'zida o'tgan asrlarning donoligini,sabrini, tajriba darslarini o'z ichiga olgan nurli zot.  Bular esa sahifa varoqlab, siyoh bitib o'rganib bo'lmaydigan ilmlardir. Momo deganda,ko'z oldimizda doimo yuzida tabassum, qo'lida issiq non, tili mudom duoda bo'lgan mehrli bir siymo gavdalanadi.

Momlarimiz oilaning xulqini go'zallashtiradi, ayniqsa bola tarbiyasida o'rni beqiyosdir. Ular nevaralarini erkalatibgina qolmay, balki ularning qalbiga ezgulik urug'ini sochadi, yaxshi-yomonni ko'rsatadi. Har so'zi hikmatli pur-ma'no, har kalomi hayotdan olingan ibratli hikoyadir, qilgan nasihatlari tajribadan o'tgan haqiqatdir.

Momolar oilada o'tgan ajdodlardan saqlanib kelinayotgan, millatning tamal toshi bo'lgan qadriyatlarni saqlab turadi. Urf-odatlar, axloq odob mezonlarini bardavom bo'lishida qat'iy turadi. Masalan, salomlashish odobi, kattalarga hurmat, kichiklarga mehr-izzat, har ushoqning qadrini bilish, sabr va shukurni o'rgatishadi. Shuning uchun ham momosining tarbiyasini olgan bolalar jamoatda yaqqol ajralib turadi, yuzidan nur yog'ilib turadi. Ular bularni kitobdan emas, hayotning o‘zidan o‘rgatadi. Nabiralar uchun momo — mehr manbai, tajriba darsi va tinchlik ramzidir.

Har tong momo duosi bilan boshlangan uyda fayz bo‘ladi, baraka bo‘ladi. Shuning uchun ham xalqimiz “Momosi bor uyda duo bor” deydi. Chunki momo duosi — osmon bilan yer orasidagi eng pok ko‘prikdir.

Momolarning tarbiyadagi o‘rni — bu xalqning ildizi, millatning ruhi. Ularning duosi, nasihati, sabr-toqati — yosh avlodni komillikka eltuvchi yo‘l chirog‘idir.
Ta'lim muassasasi o'qituvchisi Mahfuza Bozorova. 

Izoh qoldirish