Libos-inson ichki dunyosining ko'rki.
Libos-insonning ichki dunyosini belgilab turuvchi gavhardir. U qalbning ziynati, hayotni dengiz to'lqinlari kabi mavjlantirib turadi. Zero, insonning ichini bilib bo'lmaydi, uning xulq-atvori, yurish-turishi va botiniy go'zalligidan uning tashqi ko'rinishi dalolat qilib beradi. Lekin tashqi ko'rinish deganda, hozirgi tor dunyoqarashli "zamonaviylik" tushunchasi ostida anglanilayotgan o'z tashqi chiroyini namoyish qilish kabi ishlar tushunilmaydi. Zero, ular ichki go'zallik emas, balki barcha fitnalarning eng boshidir. Shu sababli ham islom barcha mo'min va mo'minalarga ushbu mezonlarni juda daqiq tarzda o'lchab bergan. Islom poklik ustiga qurilganini oyat va hadislar ochib bergan. Shuning uchun ham libos bobi keng muolaja qilingan. Bu esa musulmonlar uchun ulkan baxtdir. Chunki shu biz uchun juda oddiy bo'lgan masalalarda ham biz musulmonlar uchun ochiq-oydin qilib berilgan hukmlar bor va unga qarab ish yuritamiz. Insonning kiyinishi uning ichki ma'naviy dunyosining sirtida aks etishidir. Kimning uyat, hayo, or-nomus kabi xulqlari shakllangan bo'lsa, o'sha inson o'z obro'sini saqlaydi, boshqalarning nafratini qo'zitmaydigan holatda kiyinadi. Chunonchi, barcha islom dinining kitoblarida alohida buni yoritib beruvchi mavzular bor.
Alloh taolo A'rof surasining 26-oyatida marhamat qiladi: يٰبَنِيٓ ءَادَمَ قَدْ أَنْزَلْنَا عَلَيْكُمْ لِبَاسًا يُوَٰرِى سَوْءَٰتِكُمْ وَرِيشًا وَلِبَاسُ التَّقْوَىٰ ذَٰلِكَ خَيْرٌ ذَٰلِكَ مِنْ ءَايَٰتِ الله لَعَلَّهُم يَذَّكَّرُونَ Oyatda taqvo libosi deyilmoqda. Oddiy libos tananing ziynatini yashirib tursa, taqvo libosi ma'naviy go'zallikni berkitib turadi. Undan xush ifor taralib turadi. Chunki inson tashqi go'zalligi qalb go'zalligidan muhimroqdir. Insonning tashqi ko'rinishi shariat hukmi ila to'silgan holda ziynatlangan bo'lsa-yu, unda taqvo libosi bo'lmasa, uning tashqi ko'rinishidan nima naf?! Zero, bu johillikdan o'zga narsa emasdir. Kimningki ma'naviy libosi beqiyos bo'lsa, albatta, jismoniy yurish-turishi o'z-o'zidan go'zallashadi. Zero, har ikkalasa ham, qalb fiqhining yetuk namunasidir.
Endi liboslarga oid ba'zi bir hukmlarni esga olamiz:
1. Libos ipakka o'xshagan matodan bo'lmasligi lozim.
2.Agar harom narsadan bo'lmasa, chiroyli kiyim kiyish muboh amaldir.
3. Jum'a va ikki hayit kunlari kibrga sabab bo'lmaydigan holda bezanish va chiroyli kiyimlar kiyish mustahabdir.
4. Oq rangli kiyim kiyish mustahabdir.
5. Erkaklar uchun qizil rangli kiyim kiyish makruh hisoblanadi.
6. Yashil rang esa jannat ahilining kiyimidan hisoblangani tufayli, uni kiyish mustahabdir.
7. Hayvonlar surato solingam kiyim kiyish haromdir.
8. O'z taqvosini ko'rsatish maqsadida, imkoni bo'lsa ham, faqir kiyinish mumkin emas.
9. Boshqa din vakillarining diniy belgilari tushirilgan kiyimlar kiyish haromdir. Abu Hurayra rodiyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki shuhratdan qaytardilar: "Ey Allohning rasuli, ikki shuhrat nima?"deyishdi. Kiyimning yupqaligi yoki qalinligi yumshoqligi va qattiqligi, uzunligi va qisqaligi. Bas, o'shaning o'rtachasi va tejamlisi bo'ladi,dedilar".
Fuqaholarimiz barcha dalillarga suyanib, kiyim to'g'risida quyidagi xulosaga kelganlar:
1.Farz - bu avratni berkitadigan va issiq-sovuqqa mos bo'lishi lozim.
2. Mustahab-avratni to'sadigan, ziynatni ko'rsatadigan kiyimdir.
3. Muboh - bu esa jum'a va hayit kunlari kiyiladigan chiroyli kiyimlar
4. Makruh - bu kibr va manmanlik uchun kiyiladigan kiyimlar.
5. Harom - bu erkaklar uchun ipak matoli kiyimlar va avratni to'smaydigan kiyimlar. Libos odoblarini ko'rib chiqib, unga amal qilishimiz lozim. Zero, libos qalb xulqidan dalolatdir.
“Жўйбори Калон” аёл-қизлар ислом таълим муассасаси ўқитувчиси Саидов Шахбоз.
Izoh qoldirish