Inson o’zini tanib, o’zini yenga olishdan kattaroq ish yo’q!
Bismillahi rohmani rohim
Inson o’zini tanimoqligi ulkan ishdir. Bu nafs bilan kurashmoqdir. “Laa ilaha illalloh” kalimasini aytgan har inson ham o’zini tanigan bo’lmaydi. Shunchaki hidoyat sari bir qadamni jasorat ila tashlagan kishidir. Zero, nafs va ruh tarbiyasi- taqvo darajasi, iymon gulidir. Allohga ibodat qilishga kirishar ekanmiz, nafsimizni sindirishimiz, uni haq yo’lida taslim eta olishimiz-kurashmog’imizdir. Dunyo va undagi boyliklarga muhabbat bilan qaraganimiz sayin Allohdan yiriqlashamiz. Allohdan yiroq bo’ldikmi, albatta, yo’ldan ozamiz, hech bir haqiqatni idrok eta olmaymiz, tafakkurimiz haqni anglashdan ojiz bo’ladi. Iymon kalimasini aytsak-da, besh mahal namozni ado etsak-da, zakotimizni musofirlarga tutqazsak-da, Ramazonda ro’zali yurib, haj niyati ila Ka’baning ziyoratida bo’lsak-da, nafsimizdan g’olib kelmagunimizcha bu amallar bizni yaxshi tomonga o’zgartirmaydi. Nafs ko’zni ko’r etadi, haqiqiy ishqdan ayiradi, ro’yolarga asir etadi.
Mushriklar tavhid kalimasini aytmadilar, chunki Allohga sig’inmoq ila nafslarining xohishlaridan yuz o’girishga majbur bo’lishlarini juda teran anglagan edilar. Ho’p, endichi?! Bugungi kun musulmonlar iymonga olib kiradigan kalimalarning mohiyatiga Makkaning o’sha mushriklari qadar ham nazar sola olmaymiz. Islomni o’zimiz tuzgan shakl ichiga soldik. Soldik-da, ichiga qiziqmadik. Ruhni kirlardan poklaydigan, qalbdan qoraliklarni ketkazib, uni tarbiya qiladigan Islomni emas, balki fatvo, qonun, qoidalardangina Islomni ushladik. Vaholangki, islom bizni Robbimiz tomon yaqinlashtiradigan mohiyatdir, biz esa uni uzoqlashtiradigan bir vosita qilib qo’ydik. Firqa va mazhablarga bo’ldik, o’z tor dunyoqarashimizni boshqalarga undirishga harakat qildik. Qaniydi undan ko’ra ilmda musobaqalashsak, taqvoda bir-birimizni ortda qoldirajak kurashsak, jannat uchun qo’lma-qo’l bo’lib harakat qilsak edi... Robbimiz huzurida bularga qanday javob beramiz?! Nafslarimiz amallarimizdan ustun bo’lmasin. Allohumma amiyn.
Jo’ybori Kalon o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 2-kurs talabasi Sattorova Ozoda.
Izoh qoldirish