22.12.2021

Ne’matni shukr bilan qarshilash, amaliy shukrdir.

Shukr so‘zi lug‘atda “minnatdorchilik, rozilik” ma’nolarini bildiradi. Istilohda esa yaxshilik qiluvchining yaxshiligini mamnunlik bilan e’tirof etishni”shukr”deyiladi. Qatoda r. a. rivoyat qiladilar. Payg‘ambar s.a.v.aytdilar:”To‘rt narsa kimga berilgan bo‘lsa,dunyo va oxirat yaxshiligi berilibdi:zikr qiluvchi til,shukr etuvchi qalb,sabrli badan va mo‘mina soliha xotin”.

      Shukr uch xil bo‘ladi:qalb shukri,til shukri amaliy shukr.Har bir inson ato etilgan barcha ne’matlar Alloh taolodan ekanini bilib,unga iqror bo‘lishi qalb shukridir.Qalb shukri – farzdir. Qolgan a’zolar shukri itoat qilish va xatolardan saqlanishdir.Shukr ne’matning davomli  va yana ham ko‘payishi boisidir.

      Hamisha Alloh taolodan minnatdor bo‘lish,unga hamdu sano aytish til shukridir. Toat-ibodatda davomli bo‘lish,solih amallar qilish,gunohlardan saqlanish amaliy shukr hisoblanadi.

    Insonlarning o‘zaro munosabatidagi shukr yaxshiliklarni yodlash,ezgu ishlarda amaliy yordam ko‘rsatish bilan ado etiladi.Shukrning samarasi – qanoat,tejamkorlik,rozilik va mamnuniyatdir.Alloh taolo Qur’oni karimda:”Qasamki,agar shukr qilsangiz,albatta,sizga ziyoda qilurman.Agar kufr keltirsangiz,albatta,azobim shiddatlidir”,deya marhamat qiladi.(Ibrohim surasi,7-oyat)  Alloh taoloning va’dasi faqat mol-dunyoga yoki moddiy boyliklargagina tegishli emas balki, u insonning umri-joniga,kishi hayotiningmohiyatiga ham birday aloqadordir. Hadisi shariflarda bunday kelgan:” Ne’matlar asovdir, ularni shukr bilan bog‘lab qo‘ying!”(“Aynul ilm”).Qatoda r.a.rivoyat qiladi.Payg‘ambar s.a.v. aytdilar:”To‘rt narsa kimga berilgan bo‘lsa,dunyo va oxirat yaxshiligi berilibdi:zikr qiluvchi til,shukr etuvchi qalb,sabrli badan va mo‘mina soliha xotin”.Aytishlaricha,Dovud a.s. duolaridan biri shunday bo‘lgan ekan:”Ey Parvardigor,men Sendan to‘rt narsani so‘rayman va to‘rt narsadan panoh tilayman.So‘raydiganlarim: zikr qiluvchi til,shukr etuvchi qalb, sabrli badan va dunyoyyu oxiratimga yordam beradigan soliha xotin.Ammo menga xo‘jayinlik qiladigan farzanddan,sochim oqarishni boshlamasdan oq tushiradigan xotindan,menga azob beradigan moldan va mening yaxshiligimni yashiradigan,yomonligimni oshkor qiladigan qo‘shnidan panoh tilayman”.

    Bakr ibn Abdulloh Muzaniy aytadilar:”Kim musulmon bo‘lib,badani ham sog‘lom bo‘lsa,unda dunyo va oxirat ne’matlariningkattasi jamlanibdi.Chunki dunyo ne’matlarning sayyidi-salomatlik,oxirat ne’matlarining sayyidi – Islomdir.

    Ba’zi tobeinlardan (r.a.) rivoyat qilinadi:”Kimda ne’matlar ko‘rinish berib ko‘paysa,Allohga zikrni ko‘paytirsin.Kimning g‘amlari ko‘paysa,istig‘forni ko‘paytirsin.Kimga kambag‘allik yopishsa,”La havla vala quvvata illa billahil aliyyil azim”ni ko‘p aytsin.

    Rasululloh s.a.v. aytadilar:”Mo‘minning ishi ajoyib.Uning hamma ishi o‘ziga foyda.Agar bir yaxshilik yetsa,unga shukr qiladi va u uchun yaxshi bo‘ladi.Agar yomonlik yetib,sabr qilsa,bu ham yaxshilik bo‘ladi.

    Said ibn Jubayr aytadi:”Birinchi bo‘lib jannatga kiradigan kishilar qiyinchilik paytida ham,xursandchilik paytida ham Allohga hamd aytadigan kishilardir”. 

    Faqih Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadilar (Alloh rahmat qilsin) aytadi:”Bilginki,hamd va shukr avvalgilaru oxirgilarning ibodatidir.U maloikalarning ibodati,payg‘ambarlarning ibodati,yer ahlining ibodati,jannat ahlining ibodati.Payg‘ambarlarning ibodati ekani shuki,Odam alayhis salom aksa urganlarida,”Alhamdulillah” dedilar.

    Alloh taoloning bizga bergan ne’matlarini sanab sanog‘iga yetolmaymiz.Allohga behisob hamdu sanolar bo‘lsinki, ona Vatanimiz tinch hayotimiz osuda,yashash uchun zarur narsalar yetarli.Jonajon vatanimiz tinchligi,dunyo va din kelajagi yo‘lida 

xizmat qilish-ne’matning amaliy shukronasidir.Payg‘ambars.a.v.: “Qaysi biringizuyqudan uyg‘onganida oilasi tinch,tani sog‘ va uyida bir kunlik yegulik bo‘lsa,bilsin unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan”.Ammo shukronasini ado qila olmayapmiz.Shukr tugul, g‘iybat,fitna ,tuhmat,qotillik, xiyonatkorlik va fahsh ishlarga qo‘l urayotganlarni kuzatish juda achinarli holatdir.Mo‘minlikka da’vomiz katta,ammo bandalikning birinchi talabi bo‘lgan shukrga kelganda mudom iddao qilinadi.Axir ota-boblarimiz shukr va sabrda butun dunyoga o‘rnak bo‘lishmaganmi?Dunyoda notinchliklar bo‘lib turgan bir paytda yurtimizdagi tinchlik va bizlar uchun, xalq manfaati uchun   har sohada qilinayotgan ijobiy islohotlar  shukr etmoqqa yetarli sabab emasmi?!Bayhaqiy Anas(roziyallohu anhu)dan bu hadisni rivoyat qiladilar:”Iymon ikki qismdir: bir qismi sabr va bir qismi shukrdir”. Shu o‘rinda ulardan birini keltirish kifoya ne’matni yaxshilik bilan qarshilash. Shu o‘rinda ko‘hna tarixda bo‘lgan juda ta’sirli bir voqeani keltirishni joiz deb bildik.

     Mug‘ul imperatorligini tashkil etgan Chingizxonnning nabirasi Xulagu Bag‘dodni qo‘lga olib, shaharni boshidan oxirigacha talon taroj qiladi. Ba’zi ma’lumotlarda bu talon –tarojda 200 000  kishi ,  boshqa ma’lumotlarda 400 000 kishining qatl etilganligi aytiladi. Bag‘doddagi bir necha asrlik ,masjidlarni,saroylarni,kutubxonalarni Xulaguning askarlari tarafidan yer bilan yakson qilinadi.Shahar tashqarisida qarorgohini qurgan bu zolim hukmdor, xabar tarqatdi va u yerning  eng katta olimi bilan ko‘rishmoqchi ekanligini aytdi.Tabiiyki,hech bir olim Xulaguning qarshisiga chiqishga talabgor bo‘lmaydi. So‘ngida Qozixon ismli, hali soqoli chiqmagan yosh bir madrasa mudarrisi bu ko‘rishishga borishga talabgor bo‘ladi.Zolim  Xulagu bilan ko‘rishishga ketarkan yoniga bir tuya,bir echki va bir xo‘rozni oladi.Xulaguning qarorgohiga boradi.Zolim xon yigitning boshidan oyog‘igacha sinchiklab, qarab Xulagu yosh olimga :

”Qarshimga chiqish uchun,qidirib seni topishdimi?”- deb so‘raydi.Qozixon:-“Ko‘rishish uchun kattaroq olimni xohlasang tashqarida bir tuyabor, soqolli olimni xohlasang bir echki turibdi, ovozi chiroyli olimni xohlasang tashqarida bir xo‘roz bor.Xohlaganingni chaqirishing mumkin” deydi.

Xulagu qarshisidagi odamning oddiy odam emasligini tushungach, Qozixonga savol berdi:-“Qani aytginchi, meni bu yerga olib kelgan sabab nima ?”. Yosh olim javob berdi:-“Juda og‘ir.... Seni bu yerga bizning amallarimiz olib keldi. Alloh bergan ne’matlarning  qiymatini bilmadik,kayfu safolarga berildik, maqom- mavqe, mansab, martaba va dunyo orqasidan yugurdik.Alloh bizga bergan ne’matlarini qaytarib olish uchun seni yubordi”.

Shunda Xulagu:-“Yaxshi. Meni bu yerdan kim qaytarib yubora oladi” deb ikkinchi savolini berdi. Qozixon javob berdi:-“O‘zligimizga qaytib,bizga  Alloh taolo tomonidan berilgan ne’matlarni qadr-qiymatini bilib,bir-birimiz bilan tortishishdan voz kechsak ana o‘sha payt sen bu yerda tura olmaysan”-deb dadil javob berdi.

    Qissadan hissa shuki,aql egalari uchun Allohning bergan behisob in’omlariga shukurda bardavom bo‘lishlikni bayon etadi. Shuni  unutmasligimiz kerakki, shukr qiluvchi inson Alloh taolo o‘zini doim kuzatib turishini his etadi va ne’mat yetganda zohir  bo‘ladigan manmanlik,isrof va shunga o‘xshash salbiy holatlardan xoli  bo‘ladi.Natijada o‘ziga berilgan ne’matlardan foydalanib, yaxshi amallarni ko‘paytiradi.

       Ne’matga kufronda bo‘lish esa,uning Alloh tomonidan berilishini tan olmaslik,unga hamdu-sano aytmaslik va ne’matni noma’qul yo‘llarda ishlatishdan iboratdir.Yetgan ne’matga noshkurlik qilish ya’ni kufron etish uni bergan zotga –Allohga kufr keltirishdir.Bunday insonlar,ne’matni menga Alloh berdi demaydi,balki, unga o‘z ilmim, harakatim o‘z kuchim tufayli erishdim,deydi.Shu sababdan o‘zlaridagi moddiy imkoniyatlarni harom-harish,manmalik,shuhratparastlik va shunga o‘xshash salbiy yo‘llarga ishlatadilar.Oqibatda qattiq azobga uchraydilar.Holbuki,shukr bandaning o‘ziga foyda keltiradi,xolos.  Allohga shukrki, diyorimizda tinchlik, osoyishtalik hukm surmoqda.Allohning O‘zi yomon ko‘zlardan asrasin.Bir birimizni Alloh uchun yaxshi ko‘rmasak, agar bizga berilgan ne’matlarning qiymatini bilmasak,nonko‘rlik,noshkurlik va sabrsizlik yo‘liga o‘tsak Allohning O‘zi asrasin oqibatimiz  shunday bo‘ladi.Shukrni aslo kam qilmasligimiz  kerak. Shunday ekan,har birimiz ososhyishtalik va tinchlikni qadriga yetish va uni avaylab asrashga o‘z hissamizni qo‘shaylik.Alloh bergan ne’matlarga shukr qilish, yomon ishlardan uzoq bo‘lish qanchalik muhimligini chuqur his etishimiz, anglashimiz kerak.Shukronalik bu –nafsning to‘qligi,qalb taskini,xotirjamlikdir.Amr ibn Shuayb otasidan,otasi bobosidan rivoyat qiladi.Payg‘ambar (s.a.v.) dedilar:”Ikki xislat kimda bo‘lsa,Alloh taolo uni shukr va sabr etuvchi, deb yozadi.Biri-dindorlikda o‘zidan baland bo‘lgan kishiga qarab unga ergashish va ikkinchisi- dunyoda o‘zidan past bo‘lgan kishiga qarab so‘ngra Alloh taologa hamd aytish”.

Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadilar:”Shukrning mukammalligi uch narsa bilan bilandir: Alloh sizga bir narsa bersa, kim orqali berayotganiga qarashingiz va Unga hamd aytmog‘ingiz; bergan narsasiga rozi bo‘lmog‘ingiz;  modomiki, o‘sha sizga ato qilingan narsa jasadingizga quvvat berar ekan,u tufaydi Alloh taologa osiy qilmasligingiz lozim bo‘ladi”.

Maymun ibn Mihron ibn Abbosdan(r.a) rivoyat qiladi:”Alloh taoloning yaratgan bandalari ichida muxtor - tanlanganlari bor, ular yaxshilik qilsalar,xursand bo‘ladilar, gunoh qilsalar, mag‘firat so‘raydilar, ne’mat kelsa,shukr aytadilar, balolarga duchor bo‘lsalar sabr qiladilar”.Hakimlardan biri aytadi:”To‘rt narsada shukr qildim:

 1) Alloh taolo maxluqlardan ming xilini yaratdi, so‘ng ularning ichida odamni ulug‘ etdi va meni ham odam farzandidan yaratdi.

        2) Erkaklarni xotinlardan fazilatli etdi va meni erkak qilib yaratdi.                                                                                                                  

 3) Islomni dinlarning afzali etdi va meni musulmonladan qildi.

 4) Muhammad (s.a.v.)ning ummatlarini ummatlar ichida eng yaxshi ekanini ko‘rdim va meni ham u zotning(s.a.v.) ummatlaridan qildi”.

Umumiy shukr til bilan hamd aytish,Alloh taoloning ne’matlarini e’tirof etishdir.Xos shukr til bilan hamd aytish, qalb bilan tanish va ruknlar bilan xizmat etish hamda halol bo‘lmagan narsalardan tilini va a’zolarini saqlashdir.

Muhammad ibn Ka’bdan rivoyat etiladi.U kishi aytadilar:”Shukr Alloh taoloning:”(Ey) Dovud xonadoni, (Alloh sizlarga ato etgan bu ne’matlarning) shukronasi uchun amal-ibodat qilinglar” (Saba’,13),degan so‘ziga amal qilishdir”.

Bugungi dorulamon kunlarimizga qanchalar  shukr qilsak, shunchalar ozdir, Shukronalik tuyg‘ularini qalbimizga singdira olsak,hamda hayot mashaqqatlariga sabr qila olsak va yaxshiliklarga shukr qilishga odatlansak, Alloh taolo va’dasiga binoan bizga berajak ne’matlarini ziyoda qiladi inshaalloh.

 

 

 

Noshkur bo‘lmaylik.

Boylarda havasdamiz nochordan qilib hazar,

Yuqoriga intilib, pastga solmaymiz nazar.

Aslida boy ko‘nglini qandayligin bilmaymiz,

Eng pastda bo‘lmasakda bunga shukr qilmaymiz.

 

Goho nolib qolamiz:mashinamiz yo‘q emish,

Qo‘shni davlatdagilar,bizdan ko‘ra to‘q emish.

Lekin haqiqiy ochlik nimaligini bilmaymiz,

Har kuni osh yesakda,bunga shukr qilmaymiz.

 

Har kun dunyoda minglab kishi ochdan o‘ladi,

Bir qultum suv topilsa,shunga xursand bo‘ladi.

Lekin biz noshukurlar,ular holin bilmaymiz,

Podshohdek yashasakda,bunga shukr qilmaymiz.

 

Necha minglab kishilar ko‘rish baxtidan mahrum,

Yana qancha ming kishi yurish baxtidan mahrum.

Ko‘z,oyoq qanday buyuk ne’matligin bilmaymiz,

Ko‘rib, yurib tursakda bunga shukr qilmaymiz.

 

Bugun dunyoda ko‘rlar xochlarga sig‘inmoqda,

Yana ko‘plari murtad, shaytonga cho‘qinmoqda.

Islomda tug‘ilmoq baxt ekanligin bilmaymiz,

Musulmon bo‘la turib,bunga shukr qilmaymiz.

 

Gohi tuqqan onamiz esdan chiqib qoladi,

Telefon qilib o‘zlari bizdan xabar oladi.

Ular g‘animatimiz lekin buni bilmaymiz,

Onamiz bo‘la turib bunga shukr qilmaymiz.

 

Chirog‘u gaz yo‘q bo‘lsa chidolmaydi sabrimiz,

Chiroqsiz o‘tsak hamki,yorug‘ bo‘lsin qabrimiz.

Tiriklikning o‘zi baxt ekanligin bilmaymiz,

Yorug‘ olamda yashab,bunga shukr qilmaymiz.

 

Salgina dard yo‘liqsa,baxtsiz sanaymiz o‘zni,

Tezroq shifo topmasak,burishtiramiz yuzni.

Dard gunohga kafforot ekanligin bilmaymiz,

Davosin bersa Alloh bunga shukr qilmaymiz.

 

Devor osha masjidga o‘tishga vaqt topmaymiz,

Azonni eshitsakda namozga deb chopmaymiz.

Benamozlik qanchalar kulfatligin bilmaymiz,

Biz islom ummatimiz bunga shukr qilmaymiz.

 

   Xattotlik fan to‘garak rahbari:                                                 Aziza Xalilova.

 

 

 

 

 

Izoh qoldirish