20.11.2025

BO’YINGA MAS’H TORTISH “BID’AT”MI?!

   Tahoratda bo‘yinga mas’h tortish masalasi hozirgi kunda turli xil qarashlar va ixtiloflarga sabab bo‘layotgani sir emas. Ayrim shaxslar ushbu amalda sobit bo‘lgan kishilarga e’tiroz bildirib, ularni bid’atchilikda ayblamoqda. Holbuki, bu masala ulamolar o‘rtasida muhokama qilingan va turli fikrlar bildirilgan masalalardan biri hisoblanadi. Shu bois, ushbu maqolada ishonchli manbalarga asoslangan holda, olimlar tomonidan bildirilgan fikrlarni bayon qilib, umumiy xulosa chiqarishga harakat qilamiz.

Bu borada ulamolar orasida quyidagi to‘rtta asosiy qarash mavjud:

1. Bo‘yinga mas’h tortish sunnatdir – ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amaliyotlariga muvofiq ekanligi sababli, uni bajarish lozim ekani ta’kidlanadi.

2. Bu amal bid’atdir – chunki uni dalillovchi sahih hadislar yo‘q, shuning uchun bid’at sifatida baholash mumkin.

3. Mas’h qilish mustahabdir – ya’ni, uni bajargan kishi savob topadi, bajarmagan esa qoralashga loyiq emas.

4. Bu amal makruhdir va Allohning g‘azabiga sabab bo‘ladi – chunki ba’zi ulamolar bo‘yinga mas’h tortishni asossiz ish deb hisoblab, uni tark qilish kerakligini aytishgan.

Mo‘tabar hadis va fiqhiy manbaalarda bu mavzuda turli dalillar keltirilgan. Hadislarning ba’zilari zaif bo‘lsa-da, fazilat va targ‘ib uchun yetarli deb topilgan. Uni bajargan kishi yaxshi ish qilgan bo‘ladi, ammo bajarmagan kishi malomat qilinmaydi.

Ushbu maqolada ushbu masala yuzasidan kelgan hadislar va ulamolarning qarashlarini batafsil bayon qilib, o‘quvchiga xolis xulosa taqdim etamiz….

Avvalo ushbu masala borasida keltirilgan hadislarning holatini bayon qilamiz.

1. Imom Abu Dovud va Imom Ahmad Talha ibn Musarrifning otasi orqali bobosidan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:

"Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning boshlarini bir marta mas’h qilganlarini ko‘rdim. (Mas’h davomida) u zot bo‘yinning pastki qismigacha yetkazdilar."

Imom Abu Dovudning "Sunan" kitobida esa quyidagicha keltirilgan: "Va bu (yetgan joy) bo‘yinning yuqori qismi edi." 

2. Imom Daylamiy "Musnadul-Firdavs" kitobida Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

 "Bo‘yinni ma’sh qilish Qiyomat kunida zanjirdan omonlikdir".

3. Abu Nu’aym "Tarixi Isfahon" kitobida Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

"Kim tahorat qilib, bo‘ynini mas’h qilsa, Qiyomat kunida kishanlardan omon bo‘ladi".

4. Abu Ubayd "Tahur" kitobida Abdurahmon ibn Mahdiy orqali Muso ibn Talha raziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

 "Kim boshini mas’h qilishda orqa bo‘yinini ham mas’h qilsa, Qiyomat kunida kishanlardan omon bo‘ladi".

Ayniy Hidoya asariga yozgan sharhida ushbu asar haqida shunday deydi:

"Bu rivoyat mursal yoki mavquf bo‘lsa ham, unga marfu’ hukmi beriladi, chunki bu fikrga aql bilan erishib bo‘lmaydi".

Ushbu keltirib o’tilgan hamda bu borada boshqa kitoblarda zikr qilingan barcha hadislar sanad jihatidan ba’zi e’tirozlarga sabab bo’lgan va ushbularga zaif hukmi berilgan bo’lsada lekin hadislarning umumiy ma’nolari bir-birini qo’llab-quvvatlaydi. Zaif hadislarga fazilatli amallarda amal qilish joizligi borasida ulamolar yakdil fikr bildirganlar. Quyida zaif hadislarga amal qilishning shartlarini keltirib o’tamiz.

Zaif hadislarga amal qilishning uchta sharti bor:

1. Barcha ulamolar ittifoq qilgan shart: Hadisning zaifligi o’ta kuchli bo‘lmasligi kerak. Ya’ni rivoyatchilar orasida yolg‘onchi, tuhmatga uchragan yoki haddan tashqari xatoga moyil bo‘lganlar bo‘lmasligi lozim.

2. Ikkinchi shart: Hadis umumiy bir aslga (shariat qoidasiga) muvofiq kelishi kerak. Agar u hech qanday shariat asosiga ega bo‘lmasa, u bid’at hisoblanadi.

3. Uchinchi shart: Amal qilayotgan kishi uning qat’iy ravishda Nabiy alayhissalom aytgan yoki ushbu ishni qilgan deb e’tiqod qilmasligi lozim. Chunki u holda u agar ushbu hadis haqiqatda mavjud bo’lmasa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan u zot qilmagan ishlarini yoki aytmagan gaplarini nisbat berib qo’yish ehtimoli bo’ladi. Shariat esa bunday ishdan qaytarganligi barchaga kundek ayon.

Ikkinchi va uchinchi shartlar Ibn Abdussalom va Ibn Daqiq al-Iyd tomonidan aytilgan bo‘lsa, birinchi shartni Aloiy barcha ulamolar ittifoq qilgan shart deb bayon qilgan.

Jalol Davoniy "Namuzajul Ulum" kitobida shunday deydi:

"Agar bir amalda zaif hadis bo‘lsa va bu amal haromlik yoki makruh bo‘lish ehtimoli bo‘lmasa, unga amal qilish joiz va mustahabdir. Chunki unda hech qanday zarar yo‘q, balki unda foyda umid qilinadi. U ibohat (muboh) va istihbob (mustahab) o‘rtasida bo‘lgani uchun ehtiyot sharti unga amal qilish va savob umid qilishdir".

Kamol ibn Humom «Fathul Qadir» kitobida:

"Zaif, lekin mavzu’ (uydirma) bo‘lmagan hadis bilan mustahablik sobit bo‘ladi", degan bo’lsa boshqa o’rinda:

“Ko‘pchilik ulamolar bo‘yinga mas’h tortish mustahab ekani haqida fikr bildirganlar”, deb aytib o’tgan. 

"Viqoya" muallifi ham shunday degan bo‘lib, uning sharhlovchisi buni quyidagicha izohlaydi: "Chunki Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam bo‘yinlariga mas’h tortgan". 

Shuningdek, bu masala "Multaqol Abhur", "G‘iyosiyya", "Sirojiyya", "Zohiriyya" va "Tanvirul-Absor" kabi manbalarda ham keltirilgan. "Tanvirul Absor"ning sharhida "bu to‘g‘riroq fikr ekanligi" ta’kidlanadi. "Hulasa"da esa shunday deyiladi: "Chunki Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam bo‘yin ustidan mas’h tortgan".

"Xizonatul Muftin"da "Hulasa" kitobidagi keltirilgan so’zga ishora qilib shunday deyiladi: "Bo‘yinni mas’h qilish to‘g‘rirog‘i - bu adab bo‘lib, uni qilish tark qilishdan afzal". 

"Kanz" va "Vofi" asarlarida ham shu masala bayon qilingan. "Kofi"ning sharhida "Viqoya"ning sharhlovchisi keltirgan dalil bilan izoh beriladi. Shuningdek, "Zayla'iy" ham "Kanz" sharhida shunday izoh beradi. "Tuhfatul Muluk", "Tuhfatut Talabah", shuningdek, "Ayniy" ham o‘z sharhida xuddi shu dalilni keltiradi.

Bo‘yinni mas’h qilishni sunnat deb hisoblovchilar qatorida Abu Ja’far Hindiviniy ham bor. Bu fikr "Ihtiyor" asarida keltirilgan. Shuningdek, "Munya” kitobi muallifi ham shunga moyillik bildirgan. "Nurulul Izoh" va uning sharhida ham "Shurunbulaliy" tomonidan bu fikr tanlangan.

"Bahr" kitobi muallifi bu borada ixtilof borligini aytib: "Ba’zilar buni bid’at, ba’zilar esa sunnat deb bilgan, va bu Abu Ja’farning fikridir. Ko‘plab ulamolar ham shu fikrni qabul qilganlar", deb yozadi. "Sharhu Miskin"da ham shu fikr bayon qilingan. "Hulasa" asarida esa: "To‘g‘rirog‘i, bu adabdir", deyiladi. 

Ibnul Humom esa "Fathul Qodir"da uning mustahab ekaniga dalil sifatida shuni keltiradi: "Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam bo‘yin ustini bosh bilan birga mas’h qilgan". Shu sababli, uni bid’at deb aytganlarning fikri zaiflashadi.

"Fatavo Qozixon"da esa: "Bo‘yinni mas’h qilish na adab, na sunnatdir. Ba’zilar esa uni sunnat deb hisoblaydi. Turli fikrlar mavjud bo‘lgani sababli, uni qilish tark qilishdan afzal", deb yozilgan. "Unyatul Mustamli"da "Ixtiyor" asariga tayanib: "Bu sunnat, bir rivoyatga ko’ra u mustahabdir", deyiladi. "Kofi"da esa shunga tayanib: "Bu to‘g‘riroq fikr", deb yozilgan.

"Sharhun Niqoya" muallifi Ilyos Zoda shunday yozadi: "Ba’zilar bu adab, deb hisoblashadi va uni qilish tavsiya etiladi". "Jome’ur Rumuz"da esa: "Bu borada ilgari o‘tgan ulamolardan aniq rivoyat kelmagan. Ba’zi shayxlar uni adab deb hisoblashgan va bu “Hulosa” asarida zikr qilingan bo’lib bu eng to‘g‘ri fikrdir. “Aksariyat ulamolar uni sunnat deb bilishadi”, “Muhit”da shunday keltirilgan. 

"Banoya" ("Sharhul Hidoya") muallifi Ayniy bu haqda shunday yozadi: "Bo‘yinni mas’h qilish haqida oldingi ulamolar tomonidan hech qanday rivoyat kelmagan". 

"Sharhut Tahoviy"da esa: "Faqih Abu Ja’far Ibn Umarning bo‘yinini mas’h qilganligi borasida keltirilgan rivoyatga suyanib bo’yniga mas’h tortar edi” deyilgan. 

"Tuhfa"da aytiladi: “(Bo’yinga mas’h tortish) borasida Mashoyixlar o’rtasida ixtilof mavjud: Abu Bakr A’mash uni sunnat deb bilgan bo’lsa, Abu Bakr Iskof  adab, deb hisoblagan.

Bu borada Abu Muhammad o’z asarida: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Bo‘yinni mas’h qilish - bo‘yin kishanidan omon bo‘lishdir”, degan hadisini rivoyat qilgan bo’lsada, lekin ushbu hadisni muhaddislar isnodi zikr qilinmagan. Shu bois imomlar bo’yinga mas’h tortish borasida sunnat yoki mustahab ekaniligi borasida ikkilanishlar bo’lgan"

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak bo‘yinga mas’h tortish masalasi fiqh ulamolari orasida muhokama qilingan bo‘lib, turli fikrlar mavjud. Ko‘pchilik ulamolar bu amalni mustahab deb hisoblashgan va uni bajarish fazilatli ish ekanini ta’kidlaganlar. Hadislarning ba’zilari zaif bo‘lsa-da, fazilatli amallarda zaif hadis bilan amal qilish joizligi haqida ulamolar yakdil fikr bildirganlar. Ayniqsa, bu amal harom yoki makruh bo‘lish ehtimoli bo‘lmagani uchun, mustahab sifatida bajarilishi tavsiya etiladi. Shu sababli, tahoratda bo‘yinga mas’h tortish shariatga zid emas, balki fazilatli ish bo‘lib, uni bajarish tark qilishdan afzal sanaladi. Ko‘pchilik fiqh ulamolari tomonidan mustahab deb e’tirof etilgan ushbu amalni ado etgan kishi savobga erishadi, bajarmagan esa malomat qilinmaydi.

 

“Jo'ybori Kalon” ayol-qizlar 

o'rta maxsus islom ta'limi muassasasi

 o’qituvchisi: Boqiyev Azizbek

Izoh qoldirish