Olimlar – Jannat yo’lboshchisi
Alloh taolo insoniyatni to’gri yo’lda yurishi, turli nafsiy vasvasalardan xalos bo’lib O’zining roziligiga erishishi uchun ularga yo’lboshchi qilib Payg’ambarlarni yubordi. Bu zotlar esa, insonning hayot dasturi bo’lmish Allohning kalomini yetkazdilar. Payg’ambarlardan so’ng ularga munosib voris bo’lgan ulamolar Allohning dinini keng yoyilishida ulkan xizmatlarni amalga oshirdi. Mana shu e’tibordan olimlar ham Allohning roziligiga yetaklovchi, jannatga olib boruvchi yo’lboshchi hisoblanadi,
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “bir dona faqih shaytonga mingta obid (ibodatgo’y)dan shiddatliroqdir”. (Termiziy rivoyati).
Qisqacha aytganda: Bitta olim insonning hayot bo’lishi shaytonning ko’plab hiyla-nayranglarini puchga chiqaradi. Chunki, shayton doimo insonlarni yomonliklarga undaydi, turli hiylalar bilan dunyoni ziynatli va qimmatbaho qilib ko’rsatadi, hamda oxiratni unuttirishga, go’zal xulqlardan uzoqlashishga chaqiradi. Ammo, olim zotlar odamlarni hamisha shaytonning makridan ogoh etib, qancha insonlarni hidoyat yo’liga boshlaydi. Obid kimsa ham ko’p ibodat qilishi mumkin. Biroq, unda ilm yetarli darajada emasligi tufayli qilayotgan amallarida qancha nuqson bor ekanini va ko’plab bajarayotgan ibodatlari fasod bo’layotganini sezmaydi. Bu esa ayni shayton uchun tayyor xo’rak vazifasini bajaradi. Barchamiz mustahkam ilm olib, olim, hech bo’lmasa talaba, u ham bo’lmagan taqdirda ilm egalariga va tolibi ilmlarga muhabbatli kimsalardan bo’lishga harakat qilaylik.
Alloh hidoyatda sobit qilsin!
MUHAMMAD YUNUS MUHAMMAD MUSO O’G’LI
Juybori kalon ayol-qizlar o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Izoh qoldirish