XALIFA MUHAMMAD IBN HANAFIY
Hazrati Alidan (ilm) olib, undan eng ko‘p foydalangan olim –Muhammad ibn Hanafiydir.
Ibn Junayd
Muhammad ibn Hanafiy bilan akasi Hasan ibn Ali orasida negadir gap qochib, bir-biridan arazlab yurishdi. Muhammad ibn Hanafiy ota bir akasi Hasanga xat yozib, dilidagi gaplarini ochiq-oshkora shunday bayon etdi: “Alloh taolo mendan ko‘ra sizni fazilatli qildi... Sizning onangiz Fotima Muhammad ibn Abdulloh sollallohu alayhi vasallamning qizi, mening onam Bani hanifalik oddiy ayol, ona tomondan bobongiz Rasululloh alayhissalom bo‘ladi, mening ona tomondan bobom Ja’far ibn Qays. Agar sizga bu xatim yetib borsa, oldimga kelsangiz va men bilan yarashsangiz, har bir narsada mendan ko‘ra sizga afzallik bo‘ladi”.
Bu maktub Hasanga yetib borishi bilan ukasi oldiga shoshildi va gina-kuduratni unutib, u bilan yarashdi. Bu mohir, zakiy va xushxulqli adib Muhammad ibn Hanafiy kim bo‘ldi?
Keling, uning hayot qissasini avvalidan boshlay qolaylik.
Bu qissa Rasululloh alayhissalom hayotining oxirgi vaqtlariga to‘g‘ri keladi. Bir kuni Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Nabiy alayhissalom bilan birga o‘tirganida: “Yo Rasulalloh, agar sizdan keyin o‘g‘il farzand ko‘rsam, unga ismingizni qo‘ysam va kunyangiz bilan kunyalasam, nima deysiz?” deb maslahat so‘radi. U zot bu gapdan quvonib rozi bo‘ldilar.
Shundan keyin birin-ketin kunlar o‘tib, suvlar oqdi. Bu gap shu holicha qolib ketdi. Rasululloh alayhissalom rafiyqul a’loga rixlat etdilar. Shundan bir necha oylar o‘tib-o‘tmay, Hasan va Husaynning onasi Fotima ham u muborak zotga ergashib, bu dunyoni tark etdi.
Suyukli ayoli vafotidan keyin Hazrati Ali Bani hanifalik Ja’far ibn Qaysning qizi Xavlaga uylanib, ularga kuyov bo‘ldi. Bu ayoldan o‘g‘il farzand ko‘rdi, Payg‘ambarimiz ijozatlariga ko‘ra, uning otini Muhammad deb atadi va Abul Qosim degan nom bilan kunyaladi. Shunga qaramay, odamlar Hazrati Alining bu xotindan dunyoga kelgan o‘g‘lini Fotimai Zahrodan tug‘ilgan ikki o‘g‘li Hasan va Husayndan farqlash uchun Muhammad ibn Hanafiy deb atashda davom etdi. Shu tariqa mana shu nom tarix sahifalariga muhrlandi.
Muhammad ibn Hanafiy Hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning xalifalik yillarining oxirgi paytlarida dunyoga keldi. U otasi Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning bag‘rida o‘sib-ulg‘aydi, tarbiyalandi. U otasidan ilm oldi, ibodati va zuhdini o‘zlashtirdi. Hazrati Alidan aynan shu farzandiga baquvvatligi, qo‘rqmasligi va shijoati meros bo‘lib o‘tdi. Yana u otasidan fasohat va balog‘atni ham o‘zlashtirdi. Bu yigit jang maydonlarida harbiy mahorati va chapdastligi bilan dovrug` qozonib, yig‘in va majlislarda minbar “chavondozi” bo‘lib tanildi. Tun borliqqa zulmat pardalarini yoyib, ko‘zlar uyquga ketgan mahalda kechaning ruhbon – ibodat qiluvchilaridan biriga aylandi.
Otasi g‘ayrat-shijoat bilan kirishgan janglarga ana shu suyukli farzandini yonida birga olib bordi, akalari Hasan va Husayn ko‘tara olmagan jang og‘irliklari va mashaqqatlari shu o‘g‘li zimmasiga tushdi. Kerakli o‘rinda otasiga nayza va ba’zan qanot bo‘ldi. Bir kuni unga: “Otangga nima bo‘ldiki, akalaring Hasan va Husaynni qoldirib, nega seni halokat sari boshlaydi, seni qiyinchiliklarga majburlaydi?”, deb qolishdi. Bunga Muhammad ibn Hanafiy fahm-farosat bilan shunday deb javob berdi: “Bunday qilishlariga sabab shuki, akalarim otamning ko‘zlari o‘rnida, men otamning qo‘llari o‘rnidaman. U kishi qo‘llari bilan ko‘zlarini himoya qiladi”.
Ali ibn Abu Tolib bilan Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhumo o‘rtasida nizo tegirmoni aylangan Siffiyn jangida Muhammad ibn Hanafiy otasining bayrog‘ini ko‘tarib maydonga kirdi. Harb tegirmoni har ikki tarafdan odamlarini beshafqat yanchib tashlardi. Buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turgan Muhammad ibn Hanafiy shunday aytib beradi: Siffiyn jangida otam bilan birga edim. Biz Muoviya qo‘shini bilan to‘qnashdik. Jang qildik. Jang qattiq va ayovsiz ketayotganini ko‘rib: “Bizdan ham, ulardan ham hech kim qolmasa kerak”, deb qattiq qo‘rquvga tushdim. Shundan keyin ozgina o‘tmay, orqamdan bir kishining: “Ey musulmonlar jamoasi, Allohdan hazir bo‘linglar, Allohdan hazir bo‘linglar, ey musulmonlar jamoasi, ayollar va bolalarga yordam beradigan kim bor, din va obro‘-e’tiborni himoya etadigan kim bor, Rum va Daylam uchun kim bor? Ey musulmonlar jamoasi... Allohdan hazir bo‘linglar, Allohdan hazir bo‘linglar, musulmonlarni qatl etmanglar, ey musulmonlar jamoasi”, deb qichqirayotganidan qattiq ta’sirlandim. Shu kundan keyin biron musulmonga qilichimni aslo ko‘tarmaslikka ichimda ahd qildim”.
Shundan keyin Ali rizvonullohi alayh zolim jinoyatchi qo‘li bilan shahid qilindi (Abdurahmon ibn Muljam qo‘li). Xalifalik boshqaruvi Muoviya ibn Abu Sufyonga o‘tdi. Muhammad ibn Hanafiy birdamlikka darz ketmasligi, ittifoqni saqlash, islom va musulmonlar izzati uchun bay’at berdi. Muoviya roziyallohu anhu bu bay’at chinligi va sidqidildan berilganini bilib, bay’at sohibiga qattiq ishonch bildirdi. Shuning uchun Muhammad ibn Hanafiyni ziyorat qilishini so‘rab huzuriga chaqirib turardi. Damashqda bir necha marta va aksar sababsiz uni ziyorat qildi.
Shulardan biri shunday bo‘lib o‘tdi. Rum podshohi Muoviyaga xat jo‘natib unda: “Bizda podshohlar bir-birlariga odam jo‘natib, bir-birlaridagi g‘aroyib narsalarni tuhfa qilib turadi. O‘zaro mamlakatlaridagi ajoyib narsalar bilan musobaqa uyushtiradi. O‘rtamizda shunday ishlarga ruxsat berasizmi?”, deydi.
Muoviya bu ish ma’qul ekanini yozib yuborib, unga ruxsat berdi. Rum podshohi darhol o‘zining ajoyib va zabardast yigitlaridan ikkisini Muoviya huzuriga jo‘natdi: birining bo‘yi haddan ortiq uzun, yana biri tengi yo‘q baquvvat. Biri o‘rmonda tarvaqaylab o‘sgan daraxtga yoki qurilgan bahaybat imoratga o‘xshardi. Ikkinchisi quvvatda tengi yo‘q kuchli, yovvoyi hayvondek chayir va epchil edi. Shu ikkovi orqali bir xatni ham jo‘natib, unda shunday degan edi: “Mana shu ikki odamimga mamlakatingda uzun bo‘yda va kuch-quvvatda teng keladigan kishi bormi?”
Buni kutmagan Muoviya taraddudga tushdi va oldiga Amr ibn Osni chaqirib maslahat undan so‘radi:
– Uzun odamiga bas keladigan va uni yo‘lda qoldiradigan odamimiz bor. Buning tengi Qays ibn Sa’d ibn U’boda. Ammo baquvvati haqida fikringga muhtojman, – dedi.
Amr Muoviyaga:
– Bizda bu ishga munosib ikki kishi bor. Lekin ikkisi ham sizga raqib bo‘lishgan. Biri Muhammad ibn Hanafiy va yana birisi Abdulloh ibn Zubayr, – dedi.
Muoviya uning muddaosini tushunib:
– Muhammad ibn Hanafiy so‘zimizni yerda qoldirmaydi, – dedi.
Amr dedi:
– Lekin qadri ulug‘ va obro‘- e’tibori yuksak bo‘la turib odamlarning ko‘zi oldida rumlik bilan kuch sinashishga rozi bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi? – dedi. Shunda Muoviya o‘ylanib qolib:
– U bunga va bundan ko‘prog‘iga ham rozi bo‘ladi. Agar shu ishda islomga azizlikni ko‘rsa, – dedi to‘liq ishonch bilan.
Shundan keyin Muoviya Qays ibn Sa’dni va Muhammad ibn Hanafiyni huzuriga chaqirdi. Ikki rumlik ishtirokidagi yig‘in tugagach, Qays ibn Sa’d o‘rnidan turib, shalvorini yechdi-da, uni rumlikka irg‘itib, uni bir kiyib ko‘r-chi, degandek ishora qildi. Rumlik shalvorni kiymoqchi bo‘lib, ichiga kirib yuqoriga tortganda ko‘kragiga qadar ichiga kirib ketdi. Odamlarning kulgusiga qolib, izza bo‘ldi. Birinchi bas boylashish shu bilan tugadi. Musulmonlar g‘olib bo‘ldi.
4-guruh talabasi Jamilova Nozima
Izoh qoldirish