23.09.2026

“Mustaqil Oʻzbekiston”-mening gʻururim

 

Mustaqillik — xalqimiz uchun eng ulug‘ ne’matlardan biridir. Istiqlol tufayli xalqimiz o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy qadriyatlari, tili, madaniyati va ma’naviy merosini erkin rivojlantirish imkoniga ega bo‘ldi. Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik va bunyodkorlik muhiti ham ana shu istiqlolning yorqin samarasidir.

Istiqlol shukuhi, avvalo, insonning o‘zligini anglashida namoyon bo‘ladi. Biz ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy va ma’naviy merosni chuqurroq o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarimizning nomi va ilmiy merosi xalqimizning bebaho boyligidir.

Ayniqsa, mustaqillik yillarida diniy-ma’rifiy sohada ham katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini o‘rganish, ajdodlarimizning diniy-ilmiy merosini tadqiq etish va yosh avlodga yetkazishga katta e’tibor berilmoqda. O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi ilmiy-ma’rifiy muassasalar faoliyat yuritmoqda. 

Diniy sohadagi islohotlarning muhim jihatlaridan biri — vijdon erkinligining huquqiy jihatdan kafolatlanganidir. Bu — istiqlolning inson hayotidagi ahamiyatini ko‘rsatadigan muhim jihatlardan biridir. Chunki inson o‘z e’tiqodini erkin anglab, uni majburlashsiz tanlashi jamiyatdagi o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik uchun muhim asosdir.

So‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi. 2025-yilda fuqarolarning vijdon erkinligini yanada mustahkamlash va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni rivojlantirishga qaratilgan yangi huquqiy choralar belgilandi. Ularda diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish kabi vazifalarga e’tibor qaratilgan. 

Bu jarayonlarda “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki yoshlarni turli noto‘g‘ri qarashlardan asrashning eng samarali yo‘llaridan biri — ularga to‘g‘ri va ishonchli bilim berishdir. Ilmli, mustaqil fikrlaydigan va Vatanga sadoqatli yoshlar jamiyatning eng katta kuchidir.

Istiqlol bizga nafaqat erkinlik, balki katta mas’uliyat ham berdi. Bugungi tinch va farovon hayotni asrash, Vatan ravnaqiga hissa qo‘shish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish har birimizning burchimizdir. Ayniqsa, yosh avlod ajdodlarimizning ilmga, ma’rifatga va ezgulikka asoslangan merosini chuqur o‘rganishi muhim.

Xulosa qilib aytganda, istiqlol shukuhi — bu faqat bayram kunlaridagi quvonch emas. U xalqimizning kundalik hayotida, tinchligimizda, erkinligimizda, ma’naviy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmatda va amalga oshirilayotgan islohotlarda namoyon bo‘ladi. Diniy-ma’rifiy sohadagi yangilanishlar esa bu shukuhning muhim qismidir.

Mustaqil Vatanimizda tinchlik va totuvlik hukm surar ekan, xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada ortadi. Istiqlol bergan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, ilm-ma’rifatli, bag‘rikeng va vatanparvar avlodni tarbiyalash barchamizning ezgu maqsadimiz bo‘lishi kerak. Zero, istiqlol — erkin yashash imkoniyati bo‘lsa, uni asrash va rivojlantirish har birimizning sharafli vazifamizdir.

Habibullayeva Muxlisa

“Jo`ybori Kalon” ayol-qizlar o`rta maxsus islom ta`lim muassasasi 3-bosqich talabasi

 

Izoh qoldirish