Qur'oni Karimda tinchlik oyatlari
Qur'oni Karimda tinchlik oyatlari
Islom dini insoniyatni tinchlik, omonlik, mehr-oqibat va o‘zaro hurmatga chorlaydigan dindir. Qur’oni Karimda insonlar o‘rtasida tinchlik va totuvlikni qaror toptirishga da’vat etuvchi ko‘plab oyatlar mavjud. Islomning o‘zi ham arab tilida tinchlik, omonlik va Allohga taslim bo‘lish ma'nolarini anglatadi.
Islom dinining muqaddas kitobi boʻlmish Qur’oni Karim musulmonlarni nafaqat ibodatga, balki jamiyatda tinchlikni saqlash, adovat va nizolardan uzoq bo‘lish, insonlar o‘rtasida sulh o‘rnatishga ham chaqiradi. Alloh taolo marhamat qiladi:
“Ey iymon keltirganlar! Islomga to‘lig‘icha kiring!”
(Baqara surasi, 208-oyat).
Ushbu oyat musulmon kishini Islomning barcha ahkomlarini qabul qilishga va uning tinchlik, ezgulik hamda omonlikka asoslangan ta’limotlariga to‘liq amal qilishga chorlaydi.
Qur’oni Karimda tinchlik va sulhga alohida e’tibor berilib, Alloh taolo shunday marhamat qiladi:“(Ey Muhammad!) Agar ular sulhga moyil bo‘lsalar, siz ham unga moyil bo‘ling.” (Anfol surasi,61-oyat).Bu oyat Islom dinining nizolarni avj oldirish emas, balki imkon qadar tinchlik va kelishuv yo‘lini tanlashga undashini ko‘rsatadi. Sulh insonlar o‘rtasidagi adovatni bartaraf etib, jamiyatda osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Qur’oni Karimda hatto musulmonlar bilan urush holatidagi mushriklardan biri himoya so‘rasa, unga xavfsizlik berish buyurilgan:
“(Ey Muhammad!) Agar mushriklardan birontasi sizdan himoya so‘rasa, bas, uni o‘z himoyangizga oling, toki u Allohning kalomini eshitsin. So‘ng uni o‘zi uchun tinch bo‘lgan joyga yetkazib qo‘ying.” (Tavba surasi, 6-oyat)
Yuqorida zikr qilinga oyat Islom dinida inson hayoti va xavfsizligiga qanchalik katta e’tibor berilishini ko‘rsatadi. Hatto qarama-qarshi tomon vakiliga ham vaqtincha boshpana va xavfsizlik berish buyurilgan ekan. Bu esa Islomning qanchalik bagʻrikeng , adolatli va omonlik dini ekanini yaqqol namoyon etadi.
Qur’oni Karimda tinchlik ne’mati inson hayoti uchun eng muhim ne’matlardan biri sifatida ham zikr qilinadi. Alloh taolo Quraysh ahliga bergan ne’matlarini eslatib:
“U Zot ularni ochlikdan va xavf-xatardan xoli qildi.” (Quraysh surasi, 4-oyat)
deya marhamat qiladi.Oyatdan ko‘rinadiki, insonning xotirjam hayot kechirishi, ochlik va xavf-xatardan omonda bo‘lishi ulkan ne’matdir. Shu sababli Alloh taolo Quraysh ahliga O‘zlarining bergan ne’matlarini eslatadi. Demak, tinchlik va farovonlik insonning ibodat qilishi va hayotini mazmunli o‘tkazishi uchun muhim shartlardan biridir.Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham tinchlik va insonlar o‘rtasidagi omonlikning naqadar ulug‘ ne’mat ekani, birodarining tinchligini buzish va hayotiga suiqasd qilish ogʻir gunoh ekanligiga dalolat qilinadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Qaysi bir musulmon kishi ikkinchi bir musulmon birodariga tig‘ ko‘tarsa, to o‘sha tig‘ni qaytarib o‘rniga qo‘ymaguncha, Allohning farishtalari unga la’nat aytib turadilar.”
deganlar. (Imom Muslim rivoyati.)Yana bir hadisda: “Mo‘min kishini haqorat qilish gunoh, u bilan jang qilish esa kufrdir.” deb marhamat qilingan.
Bu hadislar musulmonlar o‘rtasida adovat, zo‘ravonlik va qon to‘kishning naqadar og‘ir gunoh ekanini ko‘rsatadi. Islom insonlar o‘rtasida mehr-oqibat, hurmat va birodarlikni mustahkamlashga chaqiradi.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tinch va osoyishta hayotning qadrini ham alohida ta’kidlaganlar:
“Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganida oilasi tinch, tanu-joni sog‘ va uyida bir kunlik eguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan.”(Imom Termiziy rivoyati.)Demak, insonning oilasi tinch, sog‘ligi joyida va kundalik rizqi mavjud bo‘lishi katta baxt va ulkan ne’matdir. Tinchlik bor joyda inson ilm olishi, ibodat qilishi, mehnat qilishi va jamiyatga foyda keltirishi mumkin. Islom ulamolarining ta’kidlashicha, tinchlik avvalo insonning o‘z qalbidan boshlanib, keyinchalik uning oilasi, qo‘ni-qo‘shnilari va butun jamiyatga yoyilishi kerak. Ya’ni, qalbdagi xotirjamlik va yaxshi niyat oiladagi totuvlikka, oiladagi totuvlik esa jamiyatdagi tinchlikka sabab bo‘ladi.
Shu nuqtayi nazardan, Qur’oni Karimdagi tinchlikka oid oyatlar faqat urushning yo‘qligini emas, balki insonlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, sulh, xavfsizlik, bag‘rikenglik va osoyishtalikni ham anglatadi.
Xulosa qilib aytganda, Qur’oni Karim insoniyatni tinchlik va omonlikka chorlaydi. Unda sulhga moyil bo‘lganlarga sulh bilan javob berish, insonning xavfsizligini ta’minlash, adovat va tajovuzdan qaytish kabi muhim tamoyillar bayon qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida ham insonlar o‘rtasida tinchlikni saqlash, musulmon birodariga ozor bermaslik va tinch hayotning qadriga yetish targ‘ib etilgan.Shunday ekan, tinchlikni asrash faqat davlat yoki jamiyatning emas, balki har bir insonning vazifasidir. Tinchlik inson qalbidan boshlanadi va yaxshi muomala, kechirimlilik, o‘zaro hurmat hamda sulh orqali oiladan jamiyatga tarqaladi.
Ta’lim muassasasi 3-bosqich talabasi Almatova Rashida
УЗ
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish