17.09.2026

KO‘HNA DIYOR CHORLAGANDA: XORAZM SAFARIDAN TAASSUROTLAR

 

Ba’zi safarlar shunchaki bir manzildan ikkinchi manzilga borish bilan tugamaydi. Yo‘l tugaydi, uyga qaytiladi, ammo ko‘rilgan joylar, uchrashgan insonlar, birga kechgan quvonchli onlar uzoq vaqt xotirada yashaydi. “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi jamoasining kasaba uyushmasi tomonidan tashkil etilgan Xorazm safari ham ana shunday unutilmas kunlarga aylandi.

Kundalik ish, dars, hujjatlar, reja va hisobotlar bilan o‘tadigan tig‘iz kunlardan bir muddat uzoqlashib, yurtimizning yana bir qadimiy go‘shasini ko‘rishning o‘ziyoq kishiga boshqacha kayfiyat bag‘ishlar ekan. Safar boshlangan ilk daqiqalardanoq jamoada ko‘tarinki ruh hukm surdi. Oldinda esa bizni tarix, ziyorat, yangi tanishuvlar va hali bilmagan taassurotlar kutib turardi.

Xiva — tarix hali ham yashayotgan shahar

Xiva haqida ko‘p eshitganmiz, suratlarini ko‘rganmiz, tarixini o‘qiganmiz. Ammo Ichan qal’a darvozasidan kirib, uning qadim ko‘chalari bo‘ylab yurishning zavqi tamoman boshqacha ekan.

U yerda hamma narsa tarixdan so‘zlaydi: qadimiy devorlar, ko‘kka bo‘y cho‘zgan minoralar, moviy koshinlar, yog‘och eshiklargacha singib ketgan milliy naqshlar... Tor ko‘chalar bo‘ylab yurar ekansiz, bir muddat bugungi shoshqin hayotdan uzilib, uzoq o‘tmishga tushib qolgandek bo‘lasiz. Ichan qal’aning eng go‘zal tomoni ham shunda –  tarixni faqat ko‘rsatmaydi, uni his qilishga imkon beradi.

Ulli Hovliga tashrifimiz esa safarga yana bir o‘zgacha ruh qo‘shdi. Xorazmning qadimiy turmush tarzi, milliy me’morchiligi va xalqona muhiti saqlangan bu maskanda ko‘p narsalar biz uchun qiziqarli bo‘ldi. Hatto tuyalarga minib ko‘rishga ham ulgurildi. Kundalik hayotda jiddiy yumushlar bilan band bo‘lgan jamoamizning o‘sha daqiqalardagi quvonchini ko‘rib, sayohat insonni bir zum bo‘lsa-da bolaligidagi beg‘ubor kayfiyatga qaytarishiga amin bo‘ldik.

Xorazmning kunduzidan tunigacha...

Kun davomida tarixiy obidalarni tomosha qilgan bo‘lsak, kechga borib Xorazmning yana bir qiyofasini ko‘rdik.

Tungi shahar o‘zgacha edi. Ko‘chalar sokin, havo yoqimli, odamlar shoshilmaydi. Chiroqlar ostidagi Xorazm kunduzgi tarixiy salobatidan bir oz chiqib, sokin va samimiy shaharga aylanadi. Bozorlarni ham aylandik. To‘kin rastalar, hamyonbop narxlar, savdogarlarning shirin muomalasi beixtiyor e’tiborimizni tortdi. Umuman, safar davomida Xorazm ahlining mehmondo‘stligi va ochiqko‘ngilligini ko‘p bor his qildik.

Bozor aylanishning ham o‘z gashti bor. Ayniqsa, notanish shaharning bozorida xalqning fe’l-atvori va muomalasi yanada yaqqolroq bilinadi. Bozor oralab yurganimizda ustozlarimizdan biri Xorazmning holvasidan olish niyatida holvachilar rastasini qidira boshladi. Bir qatorga kirdik — yo‘q, ikkinchisiga o‘tdik — yana topilmadi. Oxiri sotuvchilardan biriga yuzlanib, holvachilar qatori qayerdaligini so‘radik. Sotuvchi kulimsirab, bozorda holva uchun alohida qator yo‘qligini aytdi.

Shunda beixtiyor tilimizga bir gap keldi: “Xorazm holvachilikka ixtisoslashmagan ekan-u, ammo holvaning ta’mini odamlarining suhbatiga singdirib yuborgan ekan”. Hammamiz kuldik. Ammo bu shunchaki hazil emasdi. Safar davomida bunga qayta-qayta amin bo‘ldik. Xorazmda yo‘l so‘rasangiz ham shirin so‘z bilan javob berishadi, bozorda savdolashsangiz ham yuzidan tabassum arimaydi, mehmon ekaningizni bilsa, muomalasiga yana bir chimdim mehr qo‘shadi.

Shaharni tarixiy obidalar mashhur qiladi, albatta. Ammo uni insonga suyukli qiladigan narsa, nazarimizda, uning odamlari.

Jaloliddin Manguberdi siymosi qarshisida

Xorazmga borib, buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi xotirasiga qad rostlagan ulkan haykalni ko‘rmaslikning iloji yo‘q edi. Mahobatli yodgorlikni yaqindan tomosha qilar ekanmiz, tarix darsliklaridan tanish bo‘lgan siymo ko‘z oldimizda boshqacha gavdalandi. Jaloliddin Manguberdining Vatan ozodligi yo‘lidagi kurashi, shijoati va jasorati haqida o‘ylamaslikning iloji yo‘q. Haykalning ulkanligi va salobati har bir kishida o‘ziga xos taassurot uyg‘otdi.

Ba’zan tarixni kitobdan o‘qiymiz, ba’zan esa uning qarshisida turamiz. Bu safar biz tarixning qarshisida turdik.

Ziyoratning o‘z fayzi bor

Safarimiz davomida Oxun bobo masjidi ham ziyorat qilindi. Sayohatning shovqinli, quvonchli onlaridan keyin bunday maskanlarning sokinligi kishiga boshqacha ta’sir qiladi. Ziyorat, duo, bir necha daqiqalik sukunat... Inson shunday paytda kundalik tashvishlardan uzoqlashib, o‘z-o‘zi bilan qoladi.

Shu jihatdan bu safarda hamma narsa bor edi: tarix ham, sayohat ham, hordiq ham, ziyorat ham.

“Imom Faxriddin ar-Roziy”dagi samimiy uchrashuv

Safarimizning mazmunli va muhim manzillaridan biri “Imom Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi bo‘ldi. Bizni bu yerda juda iliq kutib olishdi. Mezbonlarning samimiy munosabati ilk daqiqalardanoq sezildi. Ta’lim muassasasining yangi binosi bo‘ylab sayohat qilib, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdik. O‘quv xonalari, kutubxona, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi. Hamkasblar bilan ta’lim jarayoni, tajribalar va kelgusidagi hamkorlik haqida suhbatlashildi. Eng quvonarlisi, uchrashuv shunchaki tanishuv bo‘lib qolmadi. “Jo‘ybori Kalon” va “Imom Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Bir tomonda tarixiy Xorazm bilan tanishayotgan bo‘lsak, ikkinchi tomonda ikki ta’lim dargohi o‘rtasida yangi hamkorlik uchun qadam qo‘yildi. Jamoaning bizga ko‘rsatgan hurmati, ochiq chehrasi va mehmondo‘stligi safarimizning eng iliq xotiralaridan biri bo‘lib qoldi.

Safar davomida “Xorazm Palace” mehmonxonasida istiqomat qildik. Kun bo‘yi sayohatdan so‘ng bir piyola choy ustidagi suhbatlarning ham o‘z gashti bor ekan. Ayniqsa, mehmonxonada tashkil etilgan konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Kuy-qo‘shiqlar, kulgi, hamkasblarning samimiy davrasi... Kundalik ish muhitida bir-birimizni ko‘pincha vazifa va mas’uliyat orasida ko‘ramiz. Safarda esa birga kulish, suhbatlashish, yangi joylarni birgalikda kashf etish uchun vaqt topildi.

Shunda bir narsani his qildik: jamoa bilan ba’zan shunday safarlarga chiqib turish juda kerak ekan.

Chunki yil davomida yig‘ilgan charchoqni faqat uyqu bilan chiqarib bo‘lmaydi. Ba’zan yangi yo‘l, yangi manzara, yaxshi suhbat, kulgi va bir necha kunlik muhit o‘zgarishi ham insonga katta kuch beradi. Shuning uchun safar yakunida o‘zaro hazillashib: “Bir yillik charchog‘imizni Xorazmda qoldirib ketyapmiz”, dedik. Rostdan ham shunday bo‘ldi.

Albatta, telefonlarimizda yuzlab suratlar bor. Ichan qal’a, Ulli Hovli, Jaloliddin Manguberdi haykali, tungi Xorazm, ziyorat maskanlari, ta’lim muassasasidagi uchrashuv, tuyalarga mingan onlar, konsert dasturidan lavhalar...

Ammo safardan olib qaytiladigan eng qimmat narsa surat emas ekan.

Birga o‘tkazilgan vaqt, samimiy suhbatlar, yo‘lda aytilgan hazillar, yangi insonlar bilan tanishuv, kutilmagan quvonchlar va o‘z yurtingning go‘zalligini yana bir bor ko‘rib, undan faxrlanish tuyg‘usi xotirada qolarkan.

Ana shunday mazmunli va unutilmas safarning tashkil etilishida tashabbus ko‘rsatib, jamoamizning maroqli hordiq chiqarishi uchun imkoniyat yaratgan “Jo'ybori Kalon” ayol-qizlar o'rta maxsus islom ta’lim muassasasi direktori Oygul Sharipovaga, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Buxoro shahar bo‘linmasi kengashi raisi Dilafruz Nig‘matullayeva Aralovaga, Nargiza Shavkatovnaga hamda “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi Zuhro Raximovaga jamoamiz nomidan samimiy minnatdorligimizni bildiramiz.

Sitora Shamsiddinova, 

“Jo'ybori Kalon” ayol-qizlar o'rta maxsus islom ta’lim muassasasi ta’lim sifatini ta’minlash sektori bosh mutaxassisi.

Izoh qoldirish