Xotira - ombor emas, omonat!
XOTIRA — OMBOR EMAS, OMONAT
Kecha o‘qigan maqolamizning mazmunini tafsilotlari bilan bugun eslay olmaymiz, ammo yigirma yil avval ustozimiz aytgan bir jumla hamon yodimizda. Telefonni nima uchun qo‘lga olganimizni unutib qo‘yamiz-u, bolalikdagi uyimizning bir burchagini ko‘zimizni yumib tasvirlab bera olamiz.
Xotira ajib ne’mat. Unga “buni saqla, bunisini o‘chir” deb buyruq berolmaymiz. Ba’zan unutishni istaganimiz xotiramizdan ketmaydi, unutmasligimiz kerak bo‘lgan narsa esa bir zumda ko‘tariladi.
Aslida xotira nima?
Ilmiy ta’rifda xotira – miyaning ma’lumotni qabul qilish, saqlash va zarur paytda qayta esga tushirish qobiliyatidir. Qisqa muddatli xotira axborotni soniya yoki daqiqalar davomida ushlab tursa, uzoq muddatli xotirada ayrim ma’lumotlar yillar davomida saqlanishi mumkin.
Inson miyasining imkoniyatini tasavvur qilish uchun fiziolog Sinan Janan qiziq bir qiyos keltiradi: miyadagi milliardlab hujayralar va ular o‘rtasidagi behisob aloqalardan kelib chiqib, inson xotirasining taxminiy sig‘imini 2,5 million gigabayt, ya’ni qariyb 300 yillik HD tasvir hajmi bilan qiyoslaydi. Bu, albatta, xotiraning aniq biologik o‘lchovi emas. Ammo o‘xshatishning o‘zi kishini o‘ylantiradi: Shuncha imkoniyatga ega miya bilan nega ba’zan bir sahifa matnni eslab qololmaymiz? Balki muammo xotiramizning “to‘lib qolganida” emasdir. Balki xotiramizdan oldin diqqatimiz zaiflashgandir. Bugun bir kitobni tugatmay ikkinchisini boshlaymiz. Bir matnni o‘qiyotib telefonni tekshiramiz. Xabarni ochamiz, undan ijtimoiy tarmoqqa, u yerdan videoga o‘tamiz. Bir necha daqiqada o‘nlab axborot ongimizdan o‘tadi. Natijada ko‘p narsani ko‘ramiz-u, ammo kam tafakkur qilamiz. Biz yashayotgan asrning muammosi axborot tanqisligi emas. Ongimizga kirish uchun kurashayotgan axborotning haddan tashqari ko‘pligidir. Ilgari bir necha kitob orasida sochilib ketishdan qaytarilgan inson bugun birgina telefon ekranida o‘nlab “oyna”lar orasida yashayapti.
Sahobalarning dasturxoni sodda edi, xotirasi-chi?
Bugun xotira haqida gap ketsa, B12, omega-3, vitaminlar, yong‘oq, baliq, foydali mahsulotlar tilga olinadi. Buning ilmiy asosi bor. Muvozanatli ovqatlanish, yetarli uyqu, jismoniy faollik va stressni boshqarish miya faoliyati uchun muhim. Uyqu esa o‘rganilgan ma’lumotning mustahkamlanishida alohida o‘rin tutadi. Ammo tarixga juda qiziq savolni o‘rtaga tashlaydi: Sahobalarning dasturxoni bugungidek rang-barang bo‘lmagan bo‘lsa, nega ularning orasidan favqulodda kuchli hofiza egalari yetishib chiqqan?! Bugun zehnni sog‘lom ovqatlanish, xotirani B12 bilan bog‘layotgan paytimizda Hazrati Oisha roziyallohu anho va boshqa sahobalarning sodda hayot sharoitida bunchalik kuchli hofizaga ega bo‘lganini qanday tushunish mumkin?! Buning javobini “ular kam yegan, shuning uchun xotirasi kuchli bo‘lgan” degan jumlaga sig‘dirib bo‘lmaydi. Miya ham tananing bir qismi. Unga ham oziq, uyqu va salomatlik kerak.
Sahobalar eshitgan oyatlar yoki hadislar navbatdagi “kontent” emas edi. Ularni anglash, tafakkur qilish, yodda saqlash, unga amal qilish va boshqalarga yetkazish kerak edi. Oyat qayta-qayta tilovat qilinar, namozda o‘qilar, suhbatda eslatilar, hayotiy vaziyatda tatbiq etilar edi. Bilim bir marta eshitilib, keyingi yuzta xabar ostida ko‘milib ketmasdi. Suhbatlar, savollar, qiziqishlar Allohning roziligini anglash, Qur’on va nubuvvat ta’limotini o‘rganish atrofida shakllangan. Eshitilgan bilim amalda qo‘llanib, boshqalarga yetkazilgan. Zamonaviy ilm ham takrorning xotiradagi o‘rnini tasdiqlaydi: ma’lumotni ma’lum vaqt oralig‘ida qayta eslash uning uzoq muddatli xotirada mustahkamlanishiga yordam beradi. Demak, xotiraning ozig‘i faqat dasturxonda emas. Uning ozig‘i – diqqat, takror, amal va ma’no hamdir.
Kompyutersiz dunyoda Imom Buxoriy yetishgan edi...
Tasavvur qiling, Imom Buxoriy yashagan dunyoda bilimni miyadan tashqaridagi qurilmaga topshirib qo‘yish imkoniyati yo‘q edi. Hadisni eshitish, sanad va roviylarini bilish, tekshirish, yodda saqlash zarur edi. Bugun esa bir ma’lumotni unutib qo‘ysak, ko‘pincha bezovta ham bo‘lmaymiz: “Kerak bo‘lsa, qidirib topaman.” Ana shu qulaylik xotiraning vazifasini o‘zgartirdi. Telefonimizning xotirasi kattalashib boryapti, istalgan oyatni bir necha soniyada topamiz. Istalgan hadisni qidiramiz. Ammo ma’lumotni topa olish bilan uni bilish bir xil narsa emas. Qur’on oyati qidiruv tizimida borligi boshqa, uning qalbingizda, xotirangizda muhrlanishi boshqa masala. Hikmatli so‘zni internetdan topa olish boshqa, hayotingizning eng og‘ir daqiqasida u xotirangizdan chiqib sizga yo‘l ko‘rsatishi butunlay boshqa. Agar birgina tugmani bosish bilan ilm hosil bo‘lganida, balki barchamiz alloma bo‘lardik.
Bir kishining xotirasi — butun ummatning xotirasi
Islom tamaddunida hofiza shaxsiy iste’dod chegarasidan ancha yuqoriga ko‘tarildi.
Qur’on oyatlari yodlandi. Qalblarda saqlandi. Hadislarni hifz qilish, sanadlarni o‘rganish, rivoyatlarni keyingi avlodga yetkazish ulkan ilmiy an’anaga aylandi. Buning eng hayratlanarli jihati shuki, bir kishining xotirasi faqat o‘ziga xizmat qilmay qo‘ydi. Hofiz qalbida saqlagan oyatlarini boshqalarga o‘rgatdi. Muhaddis yodidagi rivoyatni shogirdiga yetkazdi. Shogird boshqa shaharga olib bordi. U yerdan keyingi avlodga o‘tdi. Shunday qilib, shaxsiy xotira ummatning jamoaviy xotirasiga aylandi. Kitoblar yo‘qolishi mumkin. Sahifalar yirtilishi mumkin. Ammo bir kalom yuzlab, minglab qalblarga ko‘chgan bo‘lsa, uni yo‘qotish oson emas. Shuning uchun musulmon uchun kuchli hofiza imtihondan yaxshi baho olish yoki ko‘p ma’lumot yodlashdan kattaroq tushunchadir. Qur’onni saqlash, hadisni o‘rganish, foydali ilmni unutmaslik, zimmasidagi haqni eslash, va’daga vafo qilish – bularning bari xotira bilan bog‘liq. Hofiza bu ma’noda qobiliyatgina emas, omonatni ko‘tara olish salohiyatidir.
Unutish ham rahmatmi?
Xotirani kuchaytirish haqida gapiryapmiz. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Inson hech narsani unutmasa nima bo‘lardi? O‘n yil oldingi haqorat bugun ham o‘sha kundagidek yurakni og‘ritsa... Yo‘qotilgan yaqin insonning musibati yigirma yildan keyin ham birinchi kundagidek azob bersa... Har bir xato, har bir uyat, har bir ayriliq hissiy kuchini mutlaqo yo‘qotmasa... Bunday “mukammal xotira” haqiqatan ham ne’mat bo‘larmidi? Biz foydalangan manbada yaqinlarning vafoti va hayotdagi og‘ir hodisalardan tug‘ilgan qayg‘uning vaqt o‘tishi bilan susayishi inson uchun katta rahmat ekani aytiladi. Demak, unutishning ham hikmati bor. Ilmning unutilishi yo‘qotish bo‘lishi mumkin. Lekin kechagi alamning unutilishi qalb uchun shifo. Xatoning sabog‘i qolib, azobi ketsa, balki inson uchun eng sog‘lom xotira ham shudir.
Ilm dasturxonida asal oxirida tortiladi
Bilasizmi, muvaffaqiyatning lifti yo‘q, unga hamisha zinadan chiqiladi. Ilm uchun yo‘lga chiqarkansiz, avval so‘qmoqdan, xor-u alaflik o‘nqir-cho‘nqirlardan yurasiz, keyin esa katta yo‘l ko‘rinadi. Va shuni unutmangki, ilm dasturxonining avvalida achchiq piyoz tortiladi, asal esa oxirida yeyiladi. Ushbu tashbehlar ilm olishning tabiatini juda aniq tasvirlaydi. Chunki biz bugun natijani tez qo‘lga kiritishni xohlaymiz. Uch marta o‘qib yod bo‘lmasa, “xotiram yaxshi emas” deymiz. Bir kitob og‘ir kelsa, ikkinchisiga o‘tamiz. Holbuki xotira ham mehnat bilan tarbiyalanadi. Miya g‘unchadir, muayyan ilm bilan muntazam “sug‘orilgan” sari kurtak yozadi. Xotiraning saqlanish va kuchayishi uchun avvalo, nigohni asrash lozim. Chunki, ko‘zimizni nimaga ko‘p qaratsak, ongimizni ham o‘sha narsa bilan band qilamiz. Sahobalarning kuchli hofizasidan oladigan eng katta saboq ularning qancha yegani yoki qancha uxlaganida emas, nimaga butun diqqatini berganida bo‘lsa kerak. Shu sabab kuchli xotira hamma narsani eslab qolish degani emas. Eslashga arziydigan narsani qalbda asrash, unutishga arziydigan narsani esa qo‘yib yubora bilishdir.
Balki hofizaning eng go‘zal ta’rifi ham shudir:
Xotira – boshimizdagi ombor emas, bizga berilgan omonatdir.
Sitora Shamsiddinova,
Filologiya fanlari bo'yicha falsafa fanlari doktori (PhD),
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi,
ta'lim sifatini ta'minlash sektori bosh mutaxassisi
УЗ
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish