16.09.2026

Islom tarixi — kechagi voqealar emas, bugungi hayotimiz uchun ibrat.


          Islom tarixi — faqatgina urushlar, davlatlar, hukmdorlar va sanalar tarixi emas. U — insoniyatning jaholatdan ma’rifatga, zulmdan adolatga, tarqoqlikdan birlikka tomon qilgan buyuk safaridir. Islom tarixini o‘rganish orqali biz faqat o‘tmishni bilib qolmaymiz, balki bugungi hayotimiz uchun ham muhim xulosalar chiqaramiz.
          Islom tarixi Rasululloh Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yuborilishlari bilan yangi bir davrni boshlab berdi. U zot kelgan davrda jaholat, butparastlik, qabilachilik, zulm va inson qadrining toptalishi keng tarqalgan edi. Ana shunday muhitda Qur’oni Karim nozil bo‘lib, insonni avvalo o‘z Yaratuvchisini tanishga, adolatli bo‘lishga, ilm olishga, ota-onani hurmat qilishga, yetim va miskinlarga g‘amxo‘rlik qilishga chaqirdi.
          Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlariga nazar tashlasak, Islomning buyukligi faqat so‘zda emas, balki amalda namoyon bo‘lganini ko‘ramiz. U zot insonlarni bir necha kun ichida emas, balki sabr, tarbiya, ilm va go‘zal axloq bilan tarbiyaladilar. Natijada kecha bir-biriga dushman bo‘lgan insonlar bugun bir-biriga birodar bo‘lib qoldilar.
                                                                 Sahobalar — tarixdagi buyuk avlod
          Islom tarixining eng yorqin sahifalaridan biri — sahobalar hayotidir. Ular Islomni shunchaki qabul qilib qo‘ymadilar, balki uni o‘z hayotlariga tatbiq etdilar. Ularning hayotida iymonning fidoyilik bilan qanday uyg‘unlashganini ko‘rish mumkin.
Abu Bakr roziyallohu anhu sadoqat timsoli bo‘lsalar, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu adolat bilan, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu hayo va saxovat bilan, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu esa ilm, jasorat va hikmat bilan tarixda chuqur iz qoldirdilar.
Ularning hayoti bizga bir haqiqatni o‘rgatadi: insonning ulug‘ligi mol-dunyosi yoki mansabi bilan emas, Alloh huzuridagi taqvosi, amali va insonlarga keltirgan foydasi bilan o‘lchanadi.
                                                                   Ilm — Islom sivilizatsiyasining poydevori
           Islom tarixiga nazar tashlaganimizda ilm-fanga berilgan e’tibor alohida ko‘zga tashlanadi. Masjidlar, madrasalar va kutubxonalar ilm markazlariga aylandi. Tafsir, hadis, fiqh, aqida kabi diniy ilmlar bilan bir qatorda tibbiyot, matematika, astronomiya, geografiya va boshqa fanlar ham rivojlandi.
          Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Moturidiy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy kabi buyuk allomalar musulmon ilmiy merosining naqadar ulkan ekanini butun dunyoga namoyon etdilar.
Ularning hayotidan bizga qolgan eng katta saboq shuki: ilm — millatning xazinasi, jaholat esa uning eng katta dushmanidir.
Shuning uchun Islom tarixini o‘rganayotgan talaba faqat “kim qachon tug‘ilgan?” yoki “qaysi voqea qachon bo‘lgan?” degan savollar bilan cheklanib qolmasligi kerak. U: “Bu voqeadan men qanday saboq olishim mumkin?” deb ham o‘ylashi lozim.
Tarix bizga nimani o‘rgatadi?
          Tarix — insoniyatning xotirasi. O‘z tarixini bilmagan inson o‘z ildizlarini bilmagan daraxtga o‘xshaydi. Ildizsiz daraxt esa uzoq yashay olmaydi.
          Islom tarixida yuksalishlar ham, qiyinchiliklar ham bo‘lgan. Ba’zi davrlarda musulmonlar ilm, madaniyat va adolatda dunyoga namuna bo‘lgan bo‘lsalar, ayrim davrlarda ichki nizolar, jaholat va birlikning yo‘qolishi ularni zaiflashtirgan.
Demak, tarix bizga faqat faxrlanish uchun emas, o‘zimizni tuzatish uchun ham kerak.
          Agar ajdodlarimiz ilm bilan yuksalgan bo‘lsa, biz ham ilmga intilishimiz kerak. Agar ular sabr bilan qiyinchiliklarni yenggan bo‘lsa, biz ham birinchi to‘siqda taslim bo‘lmasligimiz kerak. Agar ular birlik bilan kuchga ega bo‘lgan bo‘lsalar, biz ham o‘zaro hurmat va birodarlikni asrashimiz kerak.
          Islom tarixi — o‘tmishda qolib ketgan sahifalar emas. U bugungi kunimizga murojaat qilayotgan tirik darsdir.
Har bir tarixiy voqeada bir ibrat, har bir buyuk shaxs hayotida bir namuna, har bir xatoda esa biz uchun ogohlantirish bor.
Shuning uchun Islom tarixini o‘rganish — sanalarni yodlash emas, ibrat olishdir. Ajdodlarni tanish — faqat ular bilan faxrlanish emas, balki ular qoldirgan ilm, axloq, sabr, adolat va taqvo yo‘lidan yurishga harakat qilishdir. Zero, tarix o‘zgarishi mumkin, zamon o‘zgarishi mumkin, ammo undan olinadigan ibrat o‘z qadrini yo‘qotmaydi.
Bugun biz o‘tmishga qaraymiz. Ertaga esa kimdir bizning bugungi hayotimizga qarab, bizdan ibrat olishi mumkin.
Shunday ekan, tarixni faqat o‘qimaylik — undan saboq olaylik.

Saidaxmadxonova Muqaddasxon,
“Jo'ybori Kalon” ayol-qizlar o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi 3-bosqich talabasi

 

Izoh qoldirish