YURAGIMNING VATAN DEGAN JOYI BOR…
Vatan qayerdan boshlanadi? Bu savolga xaritadan javob izlasak, chegaralarni ko‘rsatamiz. Tarixdan izlasak, ming yillarning qa’riga tushamiz. Kitoblardan izlasak, uning ta’rifiga bag‘ishlangan yuzlab go‘zal jumlalarni topamiz. Ammo inson yuragidan so‘rasak, javob butunlay boshqacha bo‘ladi: Vatan – onamiz ilk bor ismimizni aytgan hovlidan, tongda tandirdan ko‘tarilgan non hididan, yozning jaziramasida chang bosgan ko‘chadan, bolaligimiz qolib ketgan eski darvozadan boshlanadi. Maktabga ilk bor yetaklab borgan yo‘ldan, otamizning duosidan, onamizning deraza ortida kutib qolgan nigohidan boshlanadi. Inson ulg‘ayar, dunyoning bir qancha manzillarini ko‘rar, ammo yuragining chekkasida hech qachon ulg‘aymaydigan bir bola yashaydi. U bolaning manzili esa bitta – Vatan. Ehtimol, shuning uchun ham Vatan haqida gapirganda eng chiroyli so‘zlarni qidirishning hojati yo‘qdir. Chunki Vatan chiroyli ta’rifga muhtoj tushuncha emas. Uni sevish uchun ham sabab izlanmaydi. Inson onasini nima uchun sevishini izohlab berolmagani kabi, Vataniga bo‘lgan mehrining ham barcha sabablarini sanab tugata olmaydi.
Lug‘atlarda “Vatan” inson tug‘ilgan yoki istiqomat qilib, maskan tutgan joy sifatida ta’riflanadi. Ammo Vatan tushunchasining chegarasi lug‘atdagi bir necha satrdan ancha keng. U nafaqat makon, balki insonning o‘sha makonga mansublik tuyg‘usidir. Dini, millati, nasabi, yoshi va mavqeyidan qat’iy nazar, insonni bir tuproqqa, bir xotiraga, bir taqdirga bog‘lab turadigan ko‘rinmas rishtadir. Shuning uchun ham Vatan faqat tug‘ilgan joyimiz emas. U – xotiramiz, tilimiz, qadriyatimiz, kechamiz va ertamiz.
Vatan – Buxoroning qadim minoralari, Samarqandning moviy gumbazlari, Xivaning asrlarga sir aytib turgan devorlaridir. Vatan – Toshkentning bardoshi, Farg‘onaning yashilligi, Surxonning quyoshi, Qashqadaryoning viqori, Xorazmning qadim nafasi, Qoraqalpoq diyorining kengliklaridir. Vatan – Amudaryo va Sirdaryo, Zarafshon va Orol, Hisor tog‘lari-yu Qizilqumdir. U – toshi-yu tuprog‘i, tog‘i-yu vodiysi, sahrosi-yu bog‘i, qishlog‘i-yu shahri, kechasi-yu tongi bilan ko‘zimizga to‘tiyo, yuragimizga yaqin bo‘lgan O‘zbekistondir.
Ammo Vatan faqat Registon, Ark yoki Ichan qal’a emas. Vatan – sahar turib dalasiga ketayotgan dehqon, sinfxonasining chirog‘ini hammadan oldin yoqayotgan muallim, bemorning dardiga darmon izlayotgan shifokor, kitob ustida tunlarni bedor o‘tkazayotgan olim, farzandini uzoq yo‘lga duo bilan kuzatayotgan ona. Vatan – ko‘cha boshidagi chinor soyasida hol-ahvol so‘rashayotgan otaxonlar, qo‘shnining tashvishini devorning narigi tomonidagi begona tashvish deb bilmaydigan oqibatdir. Chunki Vatan xaritada hudud bo‘lib ko‘rinadi, hayotda esa odamlar qiyofasida namoyon bo‘ladi.
Vatan – dasturxonga qo‘yilgan nonni hech qachon teskari qo‘ymaydigan ehtirom. Mehmon kelganda “uyda hech narsa yo‘q” deya turib, borini uning oldiga qo‘yadigan saxovat. Ko‘chada yoshi ulug‘ insonni ko‘rganda qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom beradigan tarbiya. Demak, Vatan faqat biz yashayotgan hudud emas, bizni biz qilgan qadriyatlar ham Vatandir.
Har bir insonning o‘z Vatan xaritasi bor. Bu xaritada davlat chegaralari emas, bolalik manzillari belgilangan: birinchi bor yiqilgan ko‘cha, maktabga olib borgan yo‘l, buvining hovlisi, yozda cho‘milgan ariq, mevasiga yashirincha qo‘l uzatilgan tut, hayit tongida yugurib chiqilgan darvoza... Yillar o‘tib, o‘sha ko‘cha toraygandek, o‘sha hovli kichraygandek tuyuladi. Aslida ular kichraymagan – biz ulg‘ayganmiz. Vatan esa xotiramizda hamon bolaligimizdagi kattaligicha qolgan.
Balki shuning uchun Vatan – insonning bolalik geografiyasidir.
Vatan yana tildir. Har birimi boshqa tillarni mukammal o‘rganishimiz, dunyoning istalgan mamlakatida yashashimiz mumkin. Ammo yurakning ham o‘z tili bor. Inson hayajonlanganida, sog‘inganida, duo qilganida, bolasini erkalaganida beixtiyor qaytadigan til – uning ruhiy Vatanidir. Onamiz bizni qaysi tilda erkalagan, buvimiz qaysi tilda ertak aytgan, otamiz qaysi tilda duo qilgan bo‘lsa, Vatanimizning ovozi ham qalbimizda o‘sha tilda jaranglaydi. Vatan biz gapiradigan tildagina emas, biz tush ko‘radigan tilda ham yashaydi.
Vatan – xotira hamdir. Biz yurgan ko‘chalardan bizdan oldin ham kimlardir o‘tgan. Biz suv ichayotgan ariqlardan necha avlod chanqog‘ini bosgan. Biz soyasida o‘tirgan chinorlar tagida qancha suhbatlar qolgan. Bu tuproq ajdodlarimizning qadami, mehnati, armoni, duosi va umidini bag‘rida saqlaydi. Shu ma’noda Vatanga egalik qilish tarixga egalik qilish emas, tarix oldida javobgar bo‘lishdir.
Vatan tushunchasining naqadar tabiiy va teran insoniy tuyg‘u ekanini diniy-ma’naviy merosimiz ham ko‘rsatadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Makkadan ayrilar ekanlar, o‘z ona yurtlariga bo‘lgan muhabbatlarini izhor qilganlari rivoyat qilinadi: “Qanchalar yaxshi yurtsan va menga qanchalar sevimlisan. Agar qavmim meni sendan chiqarib yubormaganida, sendan boshqa joyda yashamagan bo‘lardim”. Bu sog‘inchning zamirida buyuk bir haqiqat bor: inson Vatanini faqat u yerda yashayotgani uchun sevmaydi. Ba’zan undan uzoqlashgandagina qalbining qanchalik katta qismi o‘sha yurtda qolganini anglaydi.
Dunyoda yo‘llar ko‘p. Ayrimlari insonni mansabga, ayrimlari boylikka, ayrimlari orzulariga olib boradi. Ammo shunday bir yo‘l borki, inson undan necha marta o‘tmasin, yuragi hapqirib ketaveradi. Bu uyga qaytadigan yo‘ldir. Balki Vatan degani ham, eng avvalo, qaytadigan joying borligi baxtidir.
Ammo Vatan faqat “mening uyim”, “mening mahallam”, “mening shahrim” degani ham emas. Men hech qachon ko‘rmagan xorazmlik dehqonning tashvishi ham, surxondaryolik bolaning orzusi ham, qoraqalpoq onaning duosi ham, farg‘onalik hunarmandning mehnati ham mening Vatanimning bir bo‘lagidir. Chinakam Vatan tuyg‘usi “meniki” degan tushuncha kengayib, “bizniki” degan buyuk ma’noga aylangan joydan boshlanadi.
Shu o‘rinda vatanparvarlik haqida ham o‘ylab qolasan kishi. Vatanni sevish oson. Hech bo‘lmaganda, “Men Vatanimni sevaman”, deyish oson. Ammo Vatan muhabbati so‘zdan ko‘ra amalga muhtoj. Vatanparvarlik faqat favqulodda kunlarda namoyon bo‘ladigan qahramonlik emas. Tinchlik davrining ham o‘z vatanparvarligi bor. Muallimning yaxshi dars berishi – vatanparvarlik. Dehqonning yeriga xiyonat qilmasligi – vatanparvarlik. Shifokorning bemorga vijdonan qarashi, olimning halol ilm bilan shug‘ullanishi, hunarmandning o‘z ishiga mehr qo‘yishi, yoshning bilim olishga intilishi ham Vatanga xizmatdir. Chunki Vatan faqat chegarada himoya qilinmaydi. U sinfxonada, dalada, kutubxonada, shifoxonada, oilada, har birimizning vijdonimizda har kuni asraladi.
Bolaligimizdan bizga nonni yerga tashlamaslikni, ustidan hatlab o‘tmaslikni, uvol qilmaslikni o‘rgatishgan. Chunki bu yurtda non oddiy ne’mat emas, mehnat, rizq va barakaning timsoli. Vatan ham shunday: uning qadrini bilish katta minbarlardan boshlanmaydi. Bir burda nonni e’zozlashdan, bir tup daraxtni asrashdan, o‘z vazifangni halol bajarishdan, yoningdagi insonning haqiga xiyonat qilmaslikdan boshlanadi.
Men Vatan haqida o‘ylaganimda bu fikrlarning barchasi ba’zan birgina tongga sig‘ib ketadi. Har tong ishga kelarkanman, uzoqdan “Jo‘ybori Kalon” madrasasining darvozasi ko‘rinishi bilan beixtiyor tilimga zikr keladi. Shukr aytaman. Avvalo, yana bir tongni ko‘rganim, tirikligim, oilam bag‘rida ekanim, o‘z Vatanimda, tinch osmon ostida xotirjam mehnat qilayotganim uchun shukr aytaman. Balki inson baxt deb izlaydigan ulkan tushunchalarning eng kattalari aslida shunday oddiy tonglar ichida yashirindir. Ostonadan hatlashim bilanoq bu tuyg‘u yanada teranlashadi. Qarshimda ilm izlab kelayotgan qizlar, qo‘lida kitob tutgan yoshlar, sokin davom etayotgan darslar... Shunda bir haqiqatni yanada chuqurroq his qilaman: tinchlik – shovqinsiz keladigan buyuk ne’matdir. Uning ovozi ba’zan dars boshlanishini kutayotgan sokin xonada, kitob varaqlarining shitirlashida, ustozning bemalol saboq berishida, talabaning ertangi kun haqida qo‘rqmay orzu qila olishida eshitilar ekan.
Ehtimol, Vatan muhabbati ham doim balandparvoz so‘zlar bilan namoyon bo‘lavermas. Ba’zan u tongda ishga xotirjam borayotganing uchun ichingdan aytilgan birgina “Alhamdulillah”da yashaydi. O‘z yurting ko‘chasida emin-erkin yurishing, farzandingni maktabga kuzatib, uning eson-omon qaytishiga ishonishing, bir eshik ortida ilm berilib, boshqa bir xonadonda ona bolasiga alla aytayotgani – bularning bari odatiy hayotdek tuyuladi. Holbuki, dunyoning ayrim nuqtalarida insonlar aynan shu “oddiy hayot”ni eng katta orzu qilib yashayotganini o‘ylasang, uning qadrini boshqacha anglaysan.
Dunyoda qaytadigan manzili bor inson baxtlidir, dedik. Ammo bizning vazifamiz Vatanimizni shunday asrash va obod etishki, ertaga farzandlarimiz ham dunyoning qaysi manzilida bo‘lmasin, yuragi shu tuproqqa talpinsin. Ular ham uzoq yo‘llardan qaytayotib O‘zbekiston sarhadiga qadam qo‘yganida yuragidan beixtiyor bir so‘z o‘tsin:
“Uyimga qaytdim...”
Chunki Vatan – qaytadigan manzilimizgina emas.
U – bizdan keyingilar ham qaytishni istaydigan manzil bo‘lib qolishi kerak.
Sitora Shamsiddinova,
“Jo‘ybori Kalon” ayol qizlar islom ta’lim muassasasi ta’lim sifatini ta’minlash sektori bosh mutaxassisi
УЗ
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish