20.07.2026

,,G'avsul A'zam" nomi bilan mashhur Shayx Muhyiddin Sayyid Abdulqodir Jiyloniy.



Imom Navaviy : ,, Abdulqodir Jiyloniy go'zal sifatlar egasi edi, axloqi sharif, odob va muruvvati komil, tavozeli, doim ochiq yuzli, aqli va ilmi serob, shariat so'ziga va hukmiga qattiq itoatli, ilm ahlini ulug'lovchi edi. Allohning hududlari buzilishiga qattiq qarshi turar edi. Yana saxovatli, karim inson edi"
Imom Zahabiy u zot haqida : ,, Musulmonlar uchun o'rnak edi", deganlar.
Abul Hasan Nadviy ,, Rijalul fikri vadda'vah " kitobida :
,, Abdulqodir Jiyloniyning va'z, irshod bilan nafslar tarbiyasi bilan mashg'ul bo'lishi ilm tarqatishdan, sunnatga yordam berishdan, sog'lom aqidani tarqatishdan va bid'atlarga qarshi kurashishdan to'sib qo'ymadi", deganlar.

Abdulqodir Jiyloniy nasabi eng ulug' insonlardan hisoblanadi. Otalari Abu Solih binni Muso Jangido'st sharif Hazrati Hasan (r.a) avlodlaridan, onalari Ummixayr Fotima sayyida binni Abu Abdulloh Hazrati Husayn (r.a) avlodlaridandir.Abdulqodir Jiyloniy va Rosululloh sollallohu alayhi vasallam orasida 11 ta avlod mavjud.
Bu zot 470- hijriy yili ( mil 1078- yil )rabius saniy oyida Eronning Jiylon shahrida tug'ildi. Otasi u zot tug'ilganidan vafot etdi. Yoshligidan dunyodan zohid, Allohning valiyligi alomatlari ko'ringan. Ilm o'rganish uchun o'sha davrdagi sivilizatsiya cho'qqisi bo'lgan Bag'dodga borishga qaror qildi. 18 yoshli Abdulqodir Jiyloniy qarorini onasiga aytdi. Onasi 40 dinor oltinni kiyimini bir joyiga berkitib tikib berdi va dedi: ,, Hech qachon yolg'on gapirma, bolam". Abdulqodir Jiyloniy onasining vasiyatiga haqiqatan amal qildi.
Hijriy 488- yili Bag'dodga keldilar. Pullari tugagach, yo'qchilikda musofir yurtda yashadilar. U zot shunday deganlar:
,, Daryoda oqib keladigan narsalarni yer edim, haroba uylarda uxlar edim, yirtiq kiyimlar kiyib yurardim" 
Bag'doddagi ulamolardan kalom va hadis ilmidan tahsil olgan. Abu Saiyd Muhrumiydan fiqh ilmidan saboq olgan. 30 yoshgacha ilm jamlagan. Keyinchalik Abdulqodir Jiyloniy Bag'doddagi madrasada mudarrislik qilgan. U zotning va'zini tinglovchilar soni 70 mingtaga yetgan. Xalq orasida ,, sulton ul avliyo" , ,, g'avsul a'zam" deb ulug'langan Abdulqodir Jiyloniy maqomi ulug', karomati zohir avliyolardan edi. Shayx Abddulqodir Jiyloniy tasavvufdagi qodiriya tariqati so'fiysi edi. 
Jiyloniy islom tarixi, tasavvuf, odob-axloqqa doir ,, Kitobul g'uniya" , ,, Kitobul fath ur- rabboniy val fayzi ar - rahmoniy" , ,, Maktuboti Jiyloniy" , ,, Sir ul- asror mahzar ul- anvar" kabi risolalar muallifi hisoblanadi. Abdulqodir Jiyloniy Bag'dod mashoyixlari, ulamolari, toliblari orasida yuksak obro' qozongan. Bu zotning qudrati, karomati haqida ko'plab hikoyalar, kitoblar yozilgan. ,, Manoqibi Qodiriya" , ,, Dur ud-din " , ,, Dur ul- anvor " shular jumlasidan.
Bu ulug' zot 90 yil yashab hijriy 562 ( 1166) yilda Bag'dodda vafot etgan. Hazratnig qabrlari Bag'dodda joylashgan. Ramziy qabrlari Buxorodagi ,,Piri -dastgir" ziyoratgohida joylashgan, hozir uning yoniga Piri-dastgir masjidi qurilgan.

✍️Sanoqulova Sumayya

" Jo'ybori Kalon" ayol-qizlar o‘rta maxsus islom taʼlim muassasasi 2-kurs talabasi 
 

Izoh qoldirish