Ayol hurmat topgan yurtda adolat ustuvor bo‘ladi.
#maqola
#dolzarb_mavzu
Ayol hurmat topgan yurtda adolat ustuvor bo‘ladi.
Jamiyatning ma`naviy darajasi, uning taraqqiyoti va kelajagi eng avvalo ayolga bo`lgan munosabat bilan belgilanadi. Ayol e`zozlangan yurtda hayot barqaror, farzandlari baxtli, kelajagi esa yorug` bo`ladi. Afsuski, bugun ham ayrim oilalarda, ayrim jamiyat qatlamlarida ayollarga nisbatan zo`ravonlik holatlari uchrab turibdi. Bu esa nafaqat bir insonning, balki butun jamiyatning og`riqli muammosidir. Zo`ravonlik-bu faqat jismoniy kuch ishlatish emas, balki ruhiy bosim, haqorat, qo`rqitish, iqtisodiy qaramlikda ushlash ham zo`ravonlikning yashirin, ammo eng xavfli ko`rinishlaridandir. Eng achinarlisi, ko`plab ayollar bunday holatni “taqdir”, “sabr qilish kerak” degan tushunchalar bilan ichiga yutadi. Sukut esa zo`ravonlikni kuchaytiradi, uni davomli qiladi.
Bugun ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash faqat huquq-targ`ibot idoralari xodimlari vazifasi emas. Bu — har birimizning mas’uliyatimiz. Ota-onalar o‘g‘illarini hurmat ruhida, qizlarini esa o‘z qadrini bilishga o‘rgatishi kerak. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ befarq bo‘lmasligi, zo‘ravonlikka ko‘z yumib o‘tmasligi zarur. Davlat tomonidan ayollar huquqlarini himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim qadamlar tashlanmoqda. Ammo qonunlar qanchalik mukammal bo‘lmasin, agar jamiyat tafakkuri o‘zgarmasa, natija bo‘lmaydi.
Zo‘ravonlikka qarshi kurash avvalo ayolning o‘zidan boshlanadi. Ayol sukut saqlagan sayin zo‘ravonlik o‘zini oqlayotgandek bo‘ladi. Bugun ayol qurbon emas, u qarshilik ko‘rsatishga haqli shaxs ekanini anglash kerak. O‘z haq-huquqini bilgan va gapira olgan ayol — zo‘ravonlik devoriga darz etkazadi. Yordam so‘rash zaiflik emas, jasoratdir. Har bir ayol “men bunga loyiq emasman” deb ayta olgan kun, jamiyatda zo‘ravonlikka joy qolmaydi.
Ayol-ona. Ayol-tarbiyachi. Ayol-jamiyatning tayanchi. Agar ayol xo`rlansa, qo`rqib yashasa, uning tarbiyalagan farzandlari jamiyatni qanday barpo etadi? Zo`ravonlik muhiti hukm surgan oilada mehr emas, qo`rquv ulg`ayadi. Bu esa jamiyatning ma`naviy tanazzuliga olib keladi.
Ayol qadri — jamiyat qadri. Ayol hurmat topgan yurtda adolat ustuvor bo‘ladi. Jamiyat sukut bilan emas, hurmat va e’tibor bilan barqaror bo‘ladi. Har birimizning vazifamiz — ayolga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashishda faollik ko‘rsatish, unga himoya va qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashdir. Chunki ayolni asrash — jamiyatni asrash demakdir. Zo‘ravonliksiz hayot faqat ayolning emas, butun insoniyatning haqqidir.
Ta`lim muassasasi uslubchisi: S.Nishonova
УЗ
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish