07.01.2026

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni sevish

 

 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni sevish U zotni eslashning o‘zi bilan cheklanmay, o‘rtada rishta hosil qilish bilan bo‘ladi.

Hozirgi kunda milodiy oltinchi-yettinchi asrlarda yashab o‘tgan Payg‘ambar alayhissalom bilan jonli muloqot qilish mumkinmi? Albatta, mumkin. Chunki Qur’oni karimda: 
وَاعْلَمُوا أَنَّ فِيكُمْ رَسُولَ اللَّهِ 
*"Bilinglarki, albatta, ichlaringizda Rasululloh bordir", deyiladi. Ushbu ilohiy bayonning mazmuni sahobalar avlodi uchun aniq va ravshan edi. Bizning davrimizga nisbatan aytilganda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning merosi muhofazaga olinganini ifodalaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak badanlari oramizda yo‘q. Lekin hadislari, omonat qoldirgan haqiqatlari ustimizda turibdi. U zot bilan ayni zamon va ayni makonda yashab, butun haqiqatlarni eshitsalar-da, go‘yo Nabiy alayhissalom yo‘qdek umr o‘tkazganlar bo‘lgan. Bugun esa boshqa davr, boshqa bir yerda istiqomat qilsak-da, o‘zimizni xuddi U zot bordek tutmog‘imiz lozim. Negaki Payg‘ambarimiz alayhissalom iymonli kishi uchun tarixga ko‘milgan, shirin bir xotiraga aylangan, afsonaviylashgan odam emaslar. Bunday bo‘lishi mumkin ham emas!
  U zot olamshumul ishlarning sohibi o‘laroq jonli bir bog‘lanishni istaganlar va nabaviy meroslari jonli bo‘lgan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom hayot ekanlar, U kishining faqat ismini tanigan, manzilini bilgan, lekin U zotdan nasibador bo‘lmagan baxtsizlar o‘sha zamonlarda ham bor edi. Bugun esa, oradan bir necha asrlar o‘tganiga qaramay, U zotni yaxshi tanib, hadislarini to‘g‘ri anglab, sunnatni mahkam tutib, xuddi U kishi bilan birga yashagandek *"Payg‘ambarni ko‘rmay sahoba bo‘lish" sharafini qo‘lga kiritmoq lozim. Bunday sharafga Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamni haqiqiy yaxshi ko‘rish va U zot bilan jonli robita qurish bilan erishmoq mumkin.

*Hujurot 49/7
*Islom tarixida «Payg‘ambarni ko‘rmagan sahoba» iborasi ilk bor taba’ tobe’inlarning buyuk imomlaridan biri Abdulloh ibn Muborakka nisbatan qo‘llangan. Bunday ifoda sahobalik maqomiga yana bir bor yetishish mumkinligiga ishoratdir.


Taʼlim muassasasi 2-kurs talabasi;                                        Norboyeva Raxima
 

Izoh qoldirish