24.12.2025

Duo-mo‘minning qurolidir

Duo-mo‘minning qurolidir

Inson bu dunyoda yashar ekan, ba’zida o‘zi tasavvur qila olmaydigan darajada sinovlarni boshidan o‘tkazadi. Alloh taolo aytganidek, bu dunyoda rohat yo‘q, asl rohat jannatdadir. Shunday sinov damlarida banda Robbisiga murojaat qilsa, muhtojligini izhor etsa, olamlarning Robbisi bo‘lgan, o‘ta Mag‘firatli bo‘lgan bu Zot duo qiluvchining duosini ijobat qilmay qo‘ymaydi. O‘zi xohlagan paytida, bandasi uchun xayrli bo‘lgan vaqtda beradi.

Banda so‘rar ekan, duo qilar ekan, Robbisi uning ovozini chiqarmasa-da eshitadi. Chin ixlos bilan, ishonch bilan qilingan duo samolarga yetib boradi va Alloh azza va jalla O‘z marhamatini namoyon etadi.

Bandaning duoga ehtiyoji yerning suvga bo‘lgan ehtiyojidan ham kuchli bo‘ladi, chunki qalb sug‘orilmasa, qurib, qaqshab, toshga aylanadi. Mehribon Zot Qurʼoni karimda shunday marhamat qiladi:

 

١٨٦. وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِى عَنِّى فَإِنِّى قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ ٱلدَّاعِ إِذَا دَعَانِ فَلْيَسْتَجِيبُوا۟ لِى وَلْيُؤْمِنُوا۟ بِى لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ

 

Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi Menga duo qilganda, ijobat qilurman. Bas, Menga ham ijobat qilsinlar va iymon keltirsinlar. Shoyadki, to‘g‘ri yo‘lni topsalar.(Baqara surasi 186-oyat).

Olamlarning Robbisi, dunyo Uning qo‘lida bo‘lgan Zot shunday degan ekan, banda nimadan qo‘rqsin, nimadan xavotir olsin?

G‘ofur bo‘lgan Zot Yunus alayhissalomni duosi, iltijosi sababli ulkan baliq qornidan chiqardi.

Hakim bo‘lgan Zot Yusuf alayhissalomni makrdan asrab qoldi.

Azim bo‘lgan Zot Ayyub alayhissalomni og‘ir bir kasallikdan xalos qildi.

Latif bo‘lgan Zot Ibrohim alayhissalomni yonib turgan olovdan qutqardi.

Xo‘sh, ularga Robbilari nusrat bermay, kim nusrat berdi?!

Demak, Alloh xohlasa, olov issiq bo‘ladi, xohlasa sovuq. Hech bir yaratiq Uning iznisiz bo‘lmaydi va bo‘la olmaydi ham.

Albatta, Alloh O‘zi xohlagan bandalariga hidoyat berur va O‘zi xohlagan bandalariga nusrat berur. Alloh taolo hech bir bandasining haqqini qoldirmaydi. Duo qilgan bandalarining duosini ijobat qilmay qo‘ymaydi — faqatgina bandada ixlos va tavakkul bo‘lsa bas.

Bu bashar qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar — xoh joynamozda, xoh yotoqda, xoh yo‘lda, xoh masjidda bo‘lmasin — U Zot barchaning duosini eshitadi, hattoki qop-qorongʻu kechada qora toshni ostidagi kichkina hasharotni ham koʻrib turuvchi Zot qanday qilib oʻzi suygan bandasini duosini ijobat qilmasin?! Ijobat qiladi va so‘rovchi bandasini yaxshi ko‘radi.

Duo ijobat boʻlishining ham bir nechta shartlari bordir:

Istigʻfor aytishlik, qilgan gunohini his qilgan holda yalinib yolvorish, gunohga qaytmaslikka azmu qaror qilish va 

Alloh taoloning ijobatiga chin qalbdan  ishonish. Agar shu shartlarni qilib ham duosi ijobat boʻlmasa Alloh taolo undan bir musibatni daf qiladi yoki oxiratda darajasini koʻtaradi.

Duo taqdirni o‘zgartiradi, albatta Allohning izni ila. Ya’ni banda duo qilishi ham taqdirning bir qismidir. Taqdirga ishonish bandaning Robbisiga bo‘lgan muhabbati va ishonchi timsolidir. Banda taqdiriga rozi bo‘lgan ekan, qiyinchilik paytida taslim bo‘lib qolmaydi, Robbisiga ishonadi. Chunki unga nusrat beradigan ham, ofiyat beradigan ham, boylik beradigan ham, ilm va taqvo beradigan ham Uning O‘zidir.

Bir avliyo zot: “Men kovushimning bog‘ichini ham sajdada Robbimdan so‘rar edim”, degan ekanlar. Hattoki bu borasida hadisda ham keladi:

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh ﷺ dedilar:

“Sizlardan har biringiz Robbidan barcha ehtiyojlarini so‘rasin. Hatto oyoq kiyim bog‘ichi uzilib qolsa ham, uni ham Undan so‘rasin.”

(Termiziy rivoyati)

Shunday ekan, aytingchi, bizning hojatlarimizni Undan boshqa kim ham qondira olar edi? “Oddiy narsani ham so‘raymanmi?!” deysizmi? Yo‘q, aslo yo‘q! Agar Robbimiz iroda qilmasa, qadam ham bosa olmas edik, hatto barmogʻimizni ham qimirlata olmagan bo‘lar edik.

Faqatgina U Zotgina, faqatgina borliqning, basharning Robbisigina — banda loyiq bo‘lmasa-da beruvchidir va berishni sevuvchidir.

 

 

Ta`lim muassasasi 3-kurs   talabasi: Jamilova Ruhshona

 

Izoh qoldirish