23.12.2025

“Subhanallohi va bihamdihi” — buyuk zikr va uning fazilatlari.

#maqola 

Subhanallohi va bihamdihi” — buyuk zikr va uning fazilatlari.

Bismillahir rohmanir rohim.

Alhamdu lillahi robbil aʼlamiyn. Vas-solatu vas-salamu aʼla sayyidina Muhammad va aʼla alihi va asxabihi ajmaiʼn.

Alloh taolo insonni o‘zini tanishi, eslashi va zikr qilishi uchun yaratgan. Zikr — qalblarning hayoti, ruhlarning ozuqasi va mo‘min bandaning Robbisi bilan bo‘lgan aloqasini mustahkamlovchi eng ulug‘ ibodatlardan biridir. 

Islomda tilga yengil, ammo tarozida og‘ir bo‘lgan zikrlar ko‘pdir. Ana shunday buyuk kalimalardan biri — “Subhanallohi va bihamdihi ” zikridir. Bu muborak so‘zlar Alloh taoloni har qanday nuqson va kamchiliklardan poklab, U Zotga hamd aytishni o‘zida jamlagan. Shu sababli u zikr bandaning iymonini mustahkamlaydi, qalbini poklaydi va amallariga baraka olib keladi.

Islom dini inson qalbini poklash, iymonni mustahkamlash va bandani Alloh taologa yaqinlashtirishga katta ahamiyat beradi. Bu yo‘lda eng samarali vositalardan biri — zikrdir. Zikr — til bilan aytiladigan, ammo qalb bilan his qilinadigan ibodatdir. Ana shunday buyuk zikrlardan biri “Subhanallohi va bihamdihi” so‘zidir. 

“Subhanalloh” — Alloh taoloni barcha nuqson, kamchilik va o‘xshashlardan poklash deganidir.

“Va bihamdihi” — Uni barcha sifatlari uchun hamd etaman, degan ma’noni bildiradi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu zikr haqida ko‘plab hadislarda marhamat qilganlar. U zot bu kalimani Allohga eng mahbub bo‘lgan zikrlardan biri sifatida ta’riflab, uni ko‘p aytishga targ‘ib qilganlar. Chunki bu zikr ozgina kuch bilan aytilsa-da, Alloh huzurida ulkan ajr va savobga sabab bo‘ladi. Bu zikr bilan banda Allohning mutlaq kamolot sohibi ekanini e’tirof etadi va barcha maqtov faqat Unga loyiq ekanini tan oladi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: > “Ey iymon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilinglar.” (Ahzob surasi, 41-oyat)

Bu oyat mo‘min bandaning hayoti zikr bilan bog‘liq bo‘lishi lozimligini ko‘rsatadi.

Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ bu zikrning ulug‘ fazilatlarini alohida ta’kidlaganlar:

1. Gunohlarning mag‘firat bo‘lishi:

عن أبي هريرة رضي الله عنه، قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:{ من قال: سبحان الله وبحمده في يوم مئة مرة حطت خطاياه وان كانت مثل زبد البحر.} متفق عليه 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh salollohu alayhi vasallam aytdilar : Kim bir kunda subhanallohi va bihamdihi deb  yuz marta aytsa uning xatolari kechiriladi. Garchi uning xatolari dengiz koʻpigichalik boʻlsa ham dedilar.  Dengizning ko'piga qancha bo'ladi ?  Uning har bir tomchi suvi ko'pik boʻladi. Bu degani dengizdagi suvlarning tomchisining adadicha gunohi bo'lsa ham alloh taolo uning gunohlarini kechiradi. Agar banda ixlos bilan subhanallohi va bihamdihini har kuni yuz marta aytadigan bo'lsa inshaalloh , albatta , Alloh taolo uning gunohlarini kechirib yuboradi.

2. Allohga eng mahbub zikrlardan ekanligi:

عن أبي هريرة رضي الله عنه، قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: {كلمتان خفيفتان على اللسان،  ثقيلتان في الميزان، حبيبتان إلى الرحمن: سبحان الله وبحمده سبحان الله العظيم} متفق عليه 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sallallohu alayhi vasallam:“Ikki kalima bor: tilga yengil, tarozida og‘ir va Rahmonga juda mahbub — ‘Subhanallohi va bihamdihi, Subhanallohil aʼzim" dedilar.

Bu hadislar zikrning savobi naqadar ulkan ekanini ochiq ko‘rsatadi.

Zikrning qalb va hayotga ta’siri:

Qalbni g‘aflatdan uyg‘otadi , ruhiy xotirjamlik beradi , kibr, hasad va g‘azabni kamaytiradi , banda bilan Alloh o‘rtasidagi aloqani mustahkamlaydi.

Allohni ko‘p zikr qiladigan inson hayot sinovlariga sabr bilan qaraydi va har bir holatda shukr qilishni o‘rganadi.

Ulamolar aytadilar:

 “Zikr tilni poklaydi, qalbni tiriltiradi va amallarni barakali qiladi.”

Shuning uchun oz bo‘lsa ham, doimiy zikr eng afzal amallardandir.

Xulosa qilib aytganda, “Subhanallohi va bihamdihi” zikri mo‘min bandaning hayotida beqiyos o‘rin tutadi. Bu zikr orqali banda Alloh taoloning ulug‘ligini, pokligini va cheksiz kamolotini e’tirof etadi. Til bilan aytiladigan bu so‘zlar aslida qalbni uyg‘otuvchi, iymonni mustahkamlovchi va ruhni poklovchi buyuk ibodatdir.

Bugungi shoshqaloq va g‘aflatga to‘la hayotda inson qalbi ko‘pincha charchaydi, bezovta bo‘ladi va ma’naviy bo‘shliqni his etadi. Ana shunday paytlarda zikr — ayniqsa “Subhanallohi va bihamdihi” — qalbga taskin beradigan, ruhga kuch bag‘ishlaydigan eng ishonchli manbadir. U bandani g‘am-tashvishlardan uzoqlashtirib, Allohga yaqinlashtiradi.

Bu zikrning doimiy ravishda aytilishi insonni sabrli, shukrli va tavoze’li bo‘lishga o‘rgatadi. Gunohlarning mag‘firat bo‘lishiga sabab bo‘lib, oxirat uchun ulkan savob zaxirasini jamlaydi. Eng muhimi, banda qalbida Allohni doimo eslab yurish odatini shakllantiradi.

Shunday ekan, har bir mo‘min kishi bu buyuk zikrni kundalik hayotining ajralmas qismiga aylantirishi lozim. Tongda va shomda, namozlardan so‘ng, yo‘lda yoki yolg‘iz qolganda — har bir imkoniyatni g‘animat bilib, bu zikrni aytish qalbni nurga to‘ldiradi va hayotga baraka olib keladi.

Alloh taolo barchamizni zikr bilan qalbi tirik, tili pok va amali go‘zal bo‘lgan bandalaridan va  bizlarni o‘zini ko‘p zikr qiladigan va zikridan huzur topadigan bandalaridan qilsin. “Subhanallohi va bihamdihi” zikrini hayotimizga baraka va najot sababchisi qilsin.

"Joʼybori Kalon" ayol-qizlar o`rta maxsus islomta`limmuassasasi 3-kurs  talabasi Xoʻjaniyozova Fayzilatxon

 

 

 

Izoh qoldirish