
TABIAT – YARATGANNING OMONATI
Annotatsiya: Ushbu maqolada ekologik muammolar zamonaviy dunyoning eng dolzarb masalalaridan biri sifatida tahlil qilinadi. Islom falsafasida tabiatga nisbatan mas’uliyat, muhofaza va mehr-muhabbat g‘oyalarining shakllanish jarayoni yoritiladi. Statistik ma’lumotlar asosida ekologik muammolarning ko‘lami ochib berilib, ekologik madaniyatni shakllantirishda diniy va madaniy qadriyatlarning o‘rni baholanadi.
Аннотация: В данной статье экологические проблемы рассматриваются как одна из актуальнейших проблем современного мира. Освещается формирование идей ответственности, охраны и бережного отношения к природе в исламской философии. На основе статистических данных раскрываются масштабы экологических проблем, а также оценивается роль религиозных и культурных ценностей в формировании экологической культуры
Annotation: This article analyzes environmental issues as one of the most pressing challenges of the modern world. It examines the formation of concepts of responsibility, protection, and care for nature within Islamic philosophy. Based on statistical data, the scope of environmental problems is revealed, and the role of religious and cultural values in shaping environmental culture is evaluated.
Kirish: Ma’lumki, Alloh taolo olamni ajoyib aniqlik ila, o‘zaro bog‘liq holda yaratgan. Undagi har bir maxluqning xususiyatlari, sifatlari, tarkiblari va adadlari nihoyatda go‘zal va hikmatli tarzda belgilangan. Har bir yaratilgan narsa o‘zining betakror tartibiga ega. Har bir narsaning Alloh taolo tomonidan o‘ziga xos zamon va makonda yaratilishi belgilab qo‘yilgan. Tabiat – Alloh taoloning ulkan ne’matlaridan biridir. U Zot bizga atrof-muhitni ozoda saqlashni, uni muhofaza qilishni va ifloslantirmaslikni buyurgan. Alloh taolo bizning baxtiyor va qulay yashashimiz uchun tayyorlab, jihozlab bergan bu sayyorani ifloslantirmasligimiz, unda buzg‘unchilik qilmasligimiz yoki unga nisbatan yomon muomalada bo‘lmasligimiz lozim. Aks holda, yerdagi buzg‘unchilik va tabiatni asramaslik dahshatli falokatlarga olib keladi. Hech shak-shubha yo‘qki, hozirgi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish asrimizning eng muhim muammolaridan biri bo‘lib turibdi. Bu muammo o‘zining insoniyatga keltirishi mumkin bo‘lgan yomon oqibatlari jihatidan hatto yadro halokatidan kam emas. Albatta, texnologiya sohasidagi taraqqiyot, yangi energiya manbalarining kashf etilishi, yangi ma’danlar va kimyoviy moddalarning paydo bo‘lishi, oqibatini o‘ylamasdan tabiatdagi jarayonlarga aralashuv kabi holatlarning barchasi atrof-muhitni muhofaza qilish borasida nihoyatda tashvishli vaziyatni yuzaga keltirdi. Tabiiyki, mazkur muammo butun olamdagi yuz millionlab musulmonlarni ham, Islom ulamolarini ham tashvishga solmoqda. Ular bu muammolarni hal qilishda Qur’oni karim oyatlariga hamda Islom ta’limotlariga murojaat qilmoqdalar. Darhaqiqat, bugungi kunda sayyoramizda yuz berayotgan ko‘plab falokatlarni ko‘rib turibmiz. Masalan, suvlarning ifloslanishi, haroratning ko‘tarilishi, atmosferaga turli zaharli gazlarning ko‘p miqdorda chiqarilishi va hokazo. Oldinlari bu kabi noxush holatlar kuzatilmagan edi. So‘nggi yillarda global ekologik muammolar insoniyat taqdiriga tahdid solmoqda. BMTning Sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili taxminan 7 million kishi havo ifloslanishi tufayli hayotdan ko‘z yumadi. 2022-yilda esa dunyo bo‘yicha 10 million gektardan ortiq o‘rmon maydonlari kesilgan (FAO, 2022). O‘zbekiston kontekstida ham ekologik vaziyat tashvishli. 2024-yilgi rasmiy hisobotlarga ko‘ra, atmosfera havosining ifloslanish darajasi o‘rtacha 20 foizga oshgan (EKO, 2024). Bunday sharoitda ekologik madaniyatni rivojlantirish dolzarb vazifaga aylanmoqda. Shu jihatdan qaraganda, islom falsafasi ekologik ongni shakllantirishda muhim manba bo‘la oladi.
Asosiy qism: Tabiat – Allohning omonati:Mavzuga kirish qismidan ma’lum bo‘ladiki, tabiat – Alloh taolo yaratgan buyuk ne’mat va inson zimmasiga yuklangan muqaddas omonatdir. Olamdagi har bir mavjudot o‘ziga xos tartib va hikmat asosida yaratilgan bo‘lib, ular bir-biri bilan uyg‘un holda yashab kelmoqda. Inson esa bu mo‘jizaviy uyg‘unlikning markazida turibdi. Alloh taolo insoniyatga bu ne’matlarni faqatgina foydalanish uchun emas, balki ularni asrab-avaylab, pok saqlash, obod qilish vazifasini ham yukladi. Shu bois, atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi faqat zamonaviy dunyoning ilmiy yoki texnik muammosi emas, balki u qadimdan ilohiy manbalarda o‘z ifodasini topgan. Islom dini tabiatni asrashga doir qator buyruq va ko‘rsatmalar bilan boy. Qur’oni karim oyatlari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida inson va tabiat o‘rtasidagi munosabat aniq belgilab qo‘yilgan.
Shu o‘rinda Qur’oni karimning quyidagi oyatini eslatib o‘tish o‘rinlidir:
هُوَ الَّذِي خَلَقَ لَكُم مَّا فِي الْأَرْضِ جَمِيعًا
“U (Alloh) yerda bo‘lgan narsalarning barchasini sizlar uchun yaratdi. (Baqara surasi, 29-oyat)
Sharh: Alloh taolo yer yuzida mavjud bo‘lgan barcha narsalarni – tog‘lar, dengizlar, o‘rmonlar, hayvonlar, o‘simliklar, foydali ma’danlar, suvlar va boshqa ne’matlarni insonlar foydalansin, ulardan o‘z ehtiyojiga yarasha foydalanib yashasin, deb yaratganini bayon qilmoqda.
Bu oyat insonning tabiat bilan munosabatida ikki asosiy tamoyilni ko‘rsatadi:
1. Ne’matni tan olish: Yer yuzidagi barcha narsalar Allohning bandalariga ato etgan ne’matidir.
2. Mas’uliyat: Bu ne’matlar insonlar foydasi uchun berilgan bo‘lsa-da, ularni buzish, behuda sarflash yoki isrof qilish joiz emas. Ular – omonat.
Tabiatdagi har bir boylikdan foydalanish mumkin, lekin bu foydalanish halol va maqsadga muvofiq bo‘lishi lozim. Barcha ne’matlar inson xizmatiga berilgan bo‘lsa ham, inson ularning xo‘jayini emas, balki boshqaruvchisi va qo‘riqchisidir. Shuning uchun tabiatni ifloslantirish, nobud qilish, beparvolik bilan qarash – bu oyatdagi maqsadga xilofdir. Yer yuzidagi barcha boyliklar inson foydasi uchun yaratildi, lekin ularning xo‘jayini emas, balki ularni asraydigan va boshqaradigan xalifadir. Huddi shu ma’noni ifoda qilib Baqara surasining 30-oyatida Alloh taolo aytadi:
إِنِّي جَاعِلٌ فِي الْأَرْضِ خَلِيفَةً
“Men yer yuzida xalifa qilmoqchiman.”
Alloh taolo ushbu oyatda insonning yer yuzidagi martabasini va mas’uliyatini belgilab beradi. Unga faqat yashash emas, balki yer yuzini obod qilish, undagi boyliklarni boshqarish va ulardan oqilona foydalanish vazifasi yuklangan. Bu martaba insonni boshqa mavjudotlardan ajratib turuvchi sharafdir. Oyatdagi “Men yer yuzida xalifa qilmoqchiman” degan so‘zlar insonning qo‘liga berilgan buyuk omonatni bildiradi: yer va undagi barcha ne’matlar inson foydasiga berilgan. Ammo bu, ularning egasi sifatida mutlaq hukmronlik qilish degani emas. Balki ularni asrab-avaylab, kelajak avlodga sog‘lom va toza holda yetkazish insonning burchidir. Bu — imtiyoz emas, balki sinov va mas’uliyatdir. Bu oyat bizga shuni o‘rgatadi: yer va atrof-muhit o‘z-o‘zidan saqlanib qolmaydi. Inson yashayotgan makoniga e’tiborli bo‘lishi, unga zarar yetkazmasligi, uni pok va obod tutishi kerak. Har bir daraxt, har bir suv tomchisi, har bir toza havo — vaqtincha foydalanish uchun berilgan ulkan boylikdir. Ularni ehtiyot qilgan inson o‘z vazifasini ado etgan bo‘ladi. Shunday qilib, ushbu oyat bizga insonning yerdagi vazifasi shunchaki yashab o‘tish emasligini, balki yashayotgan makonini asrash, obod qilish va unga rahmdilona munosabatda bo‘lish zarurligini chuqur eslatadi.
Bu mas'uliyatni yanada chuqurroq anglashimiz uchun Alloh taolo yana bir oyatda inson zimmasiga yuklangan buyuk yuk haqida shunday marhamat qiladi:
إِنَّا عَرَضْنَا الْأَمَانَةَ عَلَى السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَالْجِبَالِ فَأَبَيْنَ أَنْ يَحْمِلْنَهَا وَأَشْفَقْنَ مِنْهَا وَحَمَلَهَا الْإِنسَانُ إِنَّهُ كَانَ ظَلُومًا جَهُولًا
“Biz omonatni osmonlar, yer va tog‘larga taklif qildik. Ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqib ketdilar. Uni inson zimmasiga oldi. Albatta, u zolim va johil bo‘ldi.” (Ahzob, 72-oyat)
Bu oyat insonning yer yuzidagi maqomi va mas’uliyatini chuqur tushuntiradi. Alloh taolo insonni oddiy mavjudot sifatida emas, balki buyuk vazifa yuklangan zot sifatida yaratdi. Bu oyatda tilga olingan “omonat” so‘zi keng ma’noni o‘z ichiga oladi: Allohning amrlarini bajo keltirish, man’ etgan narsalaridan tiyilish, berilgan ne’matlarni asrab-avaylash, ulardan oqilona foydalanish – bularning barchasi insonning zimmasidagi omonatdir. Alloh bu og‘ir mas’uliyatni avvalo osmonlarga, yergacha bo‘lgan ulkan mavjudotlarga va tog‘larga taklif qildi. Ular o‘zlaridan o‘tgan qudratiga qaramay, bu yukning og‘irligini anglab, uni ko‘tarishdan bosh tortdilar. Ular qo‘rqib ketdilar, chunki bu omonatni ado etish katta javobgarlikni talab qiladi. Ular Allohning buyruqlariga tabiatdagi tartib bilan itoat etishda davom etishdi va bu ularga kifoya. Lekin inson, o‘zining erkin ixtiyori va tanlash qudrati bilan, bu buyuk omonatni zimmasiga oldi. U o‘zini bunga loyiq deb bildi, uning imkoniyatiga ishondi. Lekin shu bilan birga, insonning tabiati zaiflikka moyil, u ba’zan bu omonatni unutadi, ba’zan unga xiyonat qiladi. Shu bois Alloh oyat oxirida insonni “zolim va johil” sifatida ta’rifladi: Zolim – o‘ziga ham, boshqalarga ham zulm qilishi mumkin. Tabiatga zarar yetkazsa, Allohning bergan ne’matlarini nobud qilsa – bu zulmdir. Johil – o‘z zimmasidagi buyuk mas’uliyatni anglamasa, qadriga yetmasa – bu johillikdir. Shunday qilib, ushbu oyat insonni ogohlantiradi: sen Allohning yerdagi xalifasisan, sening qo‘lingdagi tabiat, boyliklar, suv, havo, yer – barchasi omonatdir. Ularni asrash, ulardan oqilona foydalanish va kelajak avlodga yetkazish sening burchingdir. Aks holda, inson o‘z vazifasini ado etmagan bo‘ladi va oyatda aytilganidek, zulm va jaholatga botadi. Demak, bu oyat nafaqat ibodatlar va axloqiy mas’uliyatni, balki insonning atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini ham belgilaydi. Har bir daraxt, har bir suv tomchisi, toza havo, unumdor tuproq – bularning barchasi Allohning bandalariga bergan omonati. Ularni ehtiyot qilgan, asragan inson o‘z omonatini ado etgan bo‘ladi va Allohning huzurida yuksak darajaga erishadi. Demak, inson yer yuzida Allohning xalifasi sifatida ulkan mas’uliyatni zimmasiga olgan. Ahzob surasidagi oyatda bu mas’uliyat omonat sifatida ta’rif etilgan bo‘lsa, Baqara surasida insonning xalifalik martabasi ta’kidlangan edi. Endi esa Hud surasidagi oyat bu vazifaning qanday ado etilishi kerakligini yanada aniqroq ko‘rsatib beradi.
Alloh taolo shunday deydi:
هُوَ أَنْشَأْكُم مِّنَ الْأَرْضِ وَاسْتَعْمَرَكُمْ فِيهَا
“U Zot sizlarni yer yuzidan yaratdi va uni obod qilishni sizlardan talab qildi.” (Hud surasi, 61‑oyat)
Bu oyat insonning tabiat bilan munosabatiga bevosita yo‘naltirilgan. Avvalgi oyatlarda insonning maqomi va mas’uliyati haqida gap ketgan bo‘lsa, bu oyat endi bu mas’uliyatning amaliy ifodasini ko‘rsatadi. “U Zot sizlarni yer yuzidan yaratdi” — ya’ni insonning jismi, moddiy mavjudligi aynan yerning o‘zidan, uning unsur va tarkiblaridan yaratilgan. Demak, inson tabiatdan ajralgan emas, balki uning bir qismidir. Yer moddalaridan yaralgan insonning hayoti ham shu yerga, shu tuproq va tabiiy boyliklarga bog‘liqdir. “Va uni obod qilishni sizlardan talab qildi” — bu jumla insonning vazifasini belgilaydi. Alloh taolo insonni yerning xo‘jayini sifatida emas, balki uni boshqaruvchi, obod qiluvchi va uni asrovchi sifatida tayin etgan. Obod qilish deganda faqat binolar qurish emas, balki tabiatning o‘z tabiiy tartibini saqlab qolish, yerning unumdorligini asrash, suv va havoni toza tutish, hayvonot va o‘simlik dunyosini himoya qilish ham nazarda tutiladi. Shu bilan, bu oyat bizga shuni o‘rgatadi: insonning yerdagi har bir amali — xoh ekin ekish, xoh suvni asrash, xoh chiqindini to‘g‘ri joyga tashlash — barchasi uning omonatni ado etishidagi hissasidir. Agar inson tabiatni iflos qilsa, boyliklarni nobud etsa, yer yuzini vayron qilsa, u Allohning ushbu buyruqlariga zid ish tutgan bo‘ladi. Aksincha, uni obod qilgan, tabiatni asrab kelajak avlodga yetkazgan inson Allohning nazarida o‘z vazifasini bajaruvchi, omonatga sodiq banda bo‘ladi. Hud surasidagi oyat insonning yer bilan bo‘lgan munosabatini aniq belgilab beradi: inson yerning bir qismi sifatida uning barqarorligini, obodligini ta’minlashi shart. Har bir amal – ekish, suvni tejash, tozalikni saqlash – omonatni ado etishdir. Biroq inson bu vazifani unutib qo‘yganida, tabiatni asrash o‘rniga unga zarar yetkazganida, Allohning buyruqlariga xilof yo‘lga kirib qoladi. Shu nuqtada Qur’on bizni yana bir oyat orqali ogohlantiradi:
وَلَا تَفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ بَعْدَ إِصْلَاحِهَا
“Yer yuzida tuzatgandan so‘ng fasod (buzg‘unchilik) qilmanglar.” (A’rof surasi, 56‑oyat)
Bu oyat yuqoridagi mazmunga yanada kuchli eslatma bo‘lib xizmat qiladi. Alloh taolo yaratgan yer avval boshidan toza, tartibli va uyg‘un holda edi. Inson uchun mo‘l-ko‘l ne’matlar, go‘zal tabiat, sof havo va toza suvlar yaratildi. Bu — Allohning inson uchun qilgan islahi, ya’ni tuzatishi, go‘zal qilib tartib berishidir. Endi esa insonning vazifasi — bu islohni davom ettirish, uni asrab qolish va rivojlantirishdir. Ammo inson o‘z manfaatini o‘ylab, tabiatga beparvo qaraganida, uning boyliklarini nobud qilganida, suvlarni ifloslantirganida, daraxtlarni kesib, hayvonot olamini yo‘q qilganida — bu oyatda ta’kidlangan fasod, ya’ni buzg‘unchilik yuz beradi. Allohning asl go‘zal tartibi o‘zgaradi, uning yaratgan ne’matlari zarar ko‘radi. Demak, bu oyat insonni yana bir bor hushyor qiladi: “Sizlarga toza, go‘zal qilib bergan yerda buzg‘unchilik qilmanglar! Uni yana iflos qilmay, avvalgi holidan ham yomonroq ahvolga tushirmanglar!” Hud surasidagi oyatda belgilangan obod qilish vazifasi A’rof surasidagi ushbu oyatda yanada mustahkamlanadi. Obod qilish faqat qurish emas, balki buzmaslik, isloh qilingan narsani yana fasodga aylantirmaslikdir. Alloh taolo yaratgan go‘zal muhitga insonning qo‘li bilan zarar yetmasligi kerak. Bu oyatni hayotga tatbiq etish haqida Payg‘ambarimiz alayhissalomni hadislarida ham juda ko‘p eslatmalar bor. Masalan: Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Yer yuzini fasod qilma! Agar qo‘lingda bir ko‘chat bo‘lsa va qiyomat bo‘layotganini ko‘rsang ham, uni ek.” (Musnad Ahmad, 12902-hadis)
Bu hadis shuni ko‘rsatadiki, tabiatni asrash va obod qilish musulmonning vazifasi bo‘lib, hatto dunyo oxiriga yetayotgan lahzada ham bu burchdan voz kechish joiz emas.
Xulosa: Qur’oni Karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadislari asosida ekologik masalalarga yondashuv islom falsafasida chuqur ildiz otgan. Bu manbalar inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni belgilab, global ekologik muammolarga yechim bo‘ladigan tamoyillarni o‘z ichiga oladi. Baqara surasining 29-oyati tabiatning inson uchun yaratilgan ulkan ne’mat ekanini ta’kidlab, undan oqilona foydalanishga undaydi. 30-oyat esa insonning “xalifa” sifatidagi martabasini belgilab, yer yuzini obod qilish va boyliklarni kelajak avlodlarga sog‘lom yetkazishni buyuradi. Ahzob surasining 72-oyatida “omonat” tushunchasi ekologik mas’uliyatni ham qamrab oladi, Hud surasining 61-oyati esa insonni tabiat muvozanatini saqlash va uni obod qilishga da’vat etadi. A’rof surasining 56-oyati esa tabiatga zarar yetkazishni qat’iyan man etadi. Xulosa qilib aytganda, islom falsafasi atrof-muhitni muhofaza qilishni insonning ilohiy burchi deb biladi. Bugungi ekologik muammolar insonning bu omonatga beparvoligi oqibatidir. Islom ta’limotlaridan foydalanish ekologik madaniyatni rivojlantirib, tabiatni sevish va asrashga undaydi. Bu yondashuv nafaqat ilmiy, balki ma’naviy-axloqiy yechimlar orqali ham dunyoni obod qilishga xizmat qiladi.
Boqiyev Azizbek Abdullajon o’g’li
Jo’ybori Kalon ayol-qizlar o’rta maxsus
ta’lim muassasasi o’qituvchisi
Izoh qoldirish