18.03.2026

HAYIT BAYRAMLARI: ISLOMNING RAHMAT VA BAG'RIKENGLIK TIMSOLI

HAYIT BAYRAMLARI: ISLOMNING RAHMAT VA 

BAG'RIKENGLIK TIMSOLI

Islom dinida bayram kunlari alohida ahamiyatga ega bo‘lib, musulmonlar bu kunlarda Alloh taologa shukrona izhor etib, xursandchilik bilan ibodat qiladilar. Hayit kunlari mo‘minlar qalbida quvonch, mehr-oqibat va birlik tuyg‘ularini mustahkamlaydigan muborak kunlar hisoblanadi. Bu kunlar inson qalbini poklash, Alloh bergan ne’matlarni eslash va ularga shukr qilish uchun muhim fursatdir. Arab tilida “iyd” so‘zi “qaytish”, “takror kelish” ma’nolarini anglatadi. Ulamolar bu bayramlarning har yili qayta kelib, insonlarga quvonch va shodlik olib kelishi sababli “iyd” deb atalishini ta’kidlaganlar. Ba’zi mufassirlar esa bu so‘z “Allohning ne’matlari qayta-qayta kelib turadigan kun” ma’nosini ham anglatishini aytganlar. Shuning uchun hayit kunlari inson uchun faqatgina xursandchilik emas, balki Allohning rahmati va marhamatini yana bir bor his etish imkoniyatidir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

لِّكُلِّ أُمَّةࣲ جَعَلۡنَا مَنسَكًا

“Har bir ummat uchun alohida ibodat tartibini belgiladik.” (Haj surasi, 67-oyat)

Tafsir olimi Ibn Jarir Tabariy ushbu oyat tafsirida Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. U zot aytganlar: bu oyatda kelgan “mansak” so‘zi ba’zan “bayram kuni” ma’nosida ham ishlatiladi. Demak, Alloh taolo nafaqat musulmonlar uchun, balki o‘tgan ummatlar uchun ham bayram kunlarini belgilab bergan. Bu holat bayramlarning insoniyat tarixida qadimdan mavjud bo‘lgan diniy va ijtimoiy an’ana ekanini ko‘rsatadi.

Musulmonlar uchun diniy bayram kunlari

Islom dinida musulmonlar uchun uchta muhim bayram mavjud bo‘lib, ularning har biri o‘ziga xos ma’naviy ahamiyatga ega.

 

Birinchisi – Iydul Fitr (Ramazon hayiti). Bu bayram Ramazon oyida bir oy davomida ado etilgan ro‘za ibodatining yakunida nishonlanadi. Ramazon oyida musulmonlar nafaqat ro‘za tutadilar, balki Qur’on tilovati, sadaqa, tarovih namozlari va boshqa ibodatlarni ko‘paytiradilar. Ramazon hayiti ana shu ibodatlarning yakuniga shukrona sifatida nishonlanadi.

Ikkinchisi — Iydul Azho (Qurbon hayiti) bo‘lib, u Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi. Bu bayram haj ibodati bilan bog‘liq bo‘lib, musulmonlarning Allohga bo‘lgan itoati va sadoqatini ifodalaydi. Qurbonlik qilish orqali inson o‘zining Alloh yo‘lida fidokorlik qilishga tayyor ekanini bildiradi.

Uchinchi bayram esa haftalik bayram — juma kuni hisoblanadi. Juma kuni musulmonlar uchun eng fazilatli kunlardan biri bo‘lib, bu kunda jamoat bilan juma namozi ado etiladi, Qur’on tilovati va duolar ko‘paytiriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kunini musulmonlar uchun bayram deb ta’riflaganlar.

Hadisi sharifda rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlarida odamlar jahiliyat davridan qolgan ikki bayram kunini nishonlayotganini ko‘rib shunday deganlar: “Alloh taolo sizlarga u ikki kun o‘rniga undan ham yaxshiroq bo‘lgan ikki kunni berdi: Iydul Fitr va Iydul Azho.” (Imom Abu Dovud rivoyati)

Bu hadis Islomda hayit bayramlari Alloh tomonidan belgilangan muqaddas kunlar ekanini ko‘rsatadi.

Hayit kunidagi quvonch va bag‘rikenglik

Hayit kunlari Islomda quvonch va shodlik kunlari hisoblanadi. Bu kunlarda insonlar bir-birlarini tabriklaydilar, mehr-muhabbat ko‘rsatadilar va o‘zaro munosabatlarni mustahkamlaydilar. Oisha onamiz roziyallohu anho shunday hikoya qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening huzurimga kirganlarida yonimda ikki yosh qiz Ba’s kuni haqidagi qo‘shiqlarni aytayotgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yostiqqa suyanib yotdilar. Shu payt Abu Bakr roziyallohu anhu kirib: “Payg‘ambar huzurida shayton naychasi chalinyaptimi?” – deb aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa: “Ularni qo‘y”, - dedilar.” (Imom Buxoriy rivoyati)

Boshqa bir rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Abu Bakr, har bir qavmning o‘z bayrami bor, bu esa bizning bayramimizdir,” deganlar.

Bu hadislar hayit kunlari xursandchilik qilish, insonlarni quvontirish va bayram muhitini yaratish Islom ruhiga mos ekanini ko‘rsatadi.

Hayit bayramlarining ma’naviy mohiyati

Hayit bayramlari Islomning muhim ibodatlari bilan chambarchas bog‘liq. Ramazon hayiti – bir oy davom etgan ro‘za ibodatining yakuni bo‘lib, u insonni sabr-toqatga, taqvoga va Allohga yaqinlashishga o‘rgatadi. Ro‘za tutgan inson nafaqat ochlikni his qiladi, balki sabr qilish, nafsni tiyish va boshqalarning holini tushunishni ham o‘rganadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

وَلِتُكْمِلُوا الْعِدَّةَ وَلِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَىٰ مَا هَدَاكُمْ وَلَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ

“(Ro‘za) kunlarini to‘liq ado etishingiz, Alloh sizni hidoyat qilgani uchun Uni ulug‘lashingiz va shukr qilishingiz uchun (bu hukmlar belgilandi).” (Baqara surasi, 185-oyat)

Qurbon hayiti esa Ibrohim alayhissalomning Alloh amriga bo‘lgan itoati va sadoqatini eslatadi. Ibrohim alayhissalom o‘z o‘g‘illari Ismoil alayhissalomni qurbon qilishga tayyor bo‘lganlarida Alloh taolo ularning bu buyuk itoatini ulug‘lab shunday marhamat qilgan:

وَفَدَيْنَاهُ بِذِبْحٍ عَظِيمٍ

“Biz uni ulkan qurbonlik bilan almashtirdik.” (Soffat surasi, 107-oyat)

Bu voqea musulmonlarga Alloh yo‘lida fidokorlik, sabr va ixlos fazilatlarini eslatib turadi.

Hayit namozining hukmi

 

Hanafiy mazhabiga ko‘ra, juma namozini o‘qishi farz bo‘lgan musulmonlarga hayit namozini ado etish ham vojib hisoblanadi. Hayit namozi musulmonlarning jamoa bo‘lib ibodat qilishlari va Allohga shukrona izhor etishlari uchun muhim ibodatlardan biridir. Hayit namozi quyosh bir yoki ikki nayza bo‘yi ko‘tarilgandan keyin o‘qiladi. Bu vaqt tongdan keyingi yorug‘ paytga to‘g‘ri keladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayit namoziga chiqishdan oldin g‘usl qilishni, eng yaxshi yoki eng toza kiyimlarni kiyishni tavsiya qilganlar. Bu amal hayit kunining poklik va go‘zallik bilan o‘tishini anglatadi. Ramazon hayitida namozdan oldin xurmo yoki shirinlikni toq holatda yeyish sunnat bo‘lsa, Qurbon hayitida namozdan oldin ovqatlanmaslik va namozdan keyin qurbonlik go‘shtidan yeyish sunnat hisoblanadi.

Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fitr kuni biror narsa yemaguncha tashqariga chiqmas edilar, Qurbon hayiti kuni esa qurbonlik go‘shtidan yeb olmaguncha hech narsa yemas edilar.” (Imom Termiziy rivoyati)

Hayit kuni bajariladigan sunnatlar

Ulamolar hayit kunida bir qator sunnat amallarni bajarishni tavsiya qilganlar. Bu amallar bayramning ruhini yanada go‘zal qiladi.

Hayit kuni:

  • g‘usl qilish
  • yangi yoki eng toza kiyim kiyish
  • hayit namoziga piyoda borish
  • yo‘lda Allohni zikr qilib takbir aytish
  • bir yo‘ldan borib, boshqa yo‘ldan qaytish
  • qarindoshlar va qo‘shnilarni ziyorat qilish
  • kambag‘allarga sadaqa berish

 

 

Ta`lim muassasasi o`qituvchisi Boqiyev Azizbek

Izoh qoldirish