Ming oydan fayzli kecha
Ming oydan fayzli kecha
O’ziga bandalarini muqarrab (Yaqin) qilish uchun muqaddas zamonlarni yaratgan Alloh subhanahu va taologa bitmas tuganmas hamdu sanolar bo’lsin!
Muqaddas zamonlarda Robbisiga qanday yaqinlashish yo’llarini mayoq kabi yoritib ko’rsatgan rosulimiz, habibimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamga mukammal salotu salomlar bo’lsin!
Xoliq bo’lgan zot o’zining hikmati oliyasi bilan yaratganlarining ichidan birisini birisidan a’loroq qilib qo’ydi. Masalan, jonzotlar ichida insonni, insonlar orasidan payg’ambarlarni, payg’ambarlardan Muhammad sollallohu alayhi va sallamni, ummatlar ichida oxiri zamon ummatini, makonlar orasidan Makkayi mukarramani fazilatliroq qilib yaratganligi sizu bizga ma’lumdir. Shu kabi, oylardan ramazon oyini, kunlardan juma kunini, kechalardan Qadr kechasini afzal qilib qo’ydi.
Yuqorida aytilganidek bunda Alloh azza va jallaning o’ziga xos hikmati, bandalari uchun barokati, xayriyati, fazilati, rahmati bor.
Shuni unutmasligimiz lozimki, bu afzalliklarni insonlarga ne’mat qilib berdi. Ne’matlardan unumli foydalanish yo’llarini ham shariat orqali ko’rsatib qo’ydi.
Shunday ne’matlardan biri bo’lgan Qadr kechasi va uning boshqa zamonlardan afzalligi yuzasidan mulohaza yuritsak.
Alloh taolo: “Albatta, Biz u(Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik. Qadr kechasi nima ekanligini senga nima bildirdi? Qadr kechasi ming oydan yaxshidir. Unda farishtalar va Ruh Robbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadir. U tong otguncha salom(tinchlik)dir”, deb marhamat qilgan (Qadr surasi 1-5-oyatlar).
Manbalarda qayd etilishicha, bu muborak kecha ikki xil ma’noda “qadr” deb ataladi. Birinchisi – “qadr”, ya’ni qadri ulug’ ikkinchisi – “qadar”, ya’ni bandalarning qadarini belgilashdir.
Qadr kechasining sharafliligiga yorqin dalil - u kechada eng mo’tabar kitob, muqaddas manba Qur’oni karimning nozil bo’lishidir. Qu’urondan avval ham muqaddas kitoblar nozil bo’lgan biroq Qur’on kitoblar orasida eng fazilatlisidir.
“Albatta, Biz u(Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik” (Qadr surasi 1-oyat) Ya’ni ibn Abbos roziyallohu anhudan keltirilgan hadisga ko’ra Qur’on - Lavhul Mahfuzdan dunyo osmoniga Qadr kechasida tushirilgan.
“Qadr kechasi ming oydan yaxshidir” (Qadr surasi 3-oyat) Chunki bu kechada Qur’on nozil bo’lgan va bu kechadagi ibodatning fazli ming oylik ibodatdan afzal. 1000 oy – salkam 84 yilga teng. 84 yil – 30 ming kunga teng.
“Unda farishtalar va Ruh Robbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadir” (Qadr surasi 4-oyat)
Bu oyatdagi “Ruh”dan murod Jabroil alayhissalomdir. Qadr kechasida Jabroil alayhissalom boshchiligida farishtalar Alloh taolo bandalariga kelasi yilga qadar taqdir qilgan ishlar bilan tushadilar. Albatta bu holat ham Qadr kechasining sharafi belglaridandir.
U tong otguncha salom(tinchlik)dir” (Qadr surasi 5-oyat) Qaqdr kechasi tong otgunha tinchlik-omonlik kechasidir. Unda farishtalar mo’minlarga salom beradilar. Farishtalarning salomi mo’minlar uchun ulug’ ne’matdir.
Bu kechaning oylar sultoni Ramazonda ekanligi ham buyuk fazldir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini iymon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning o’tgan gunohlari mag‘firat qilinur”, deganlar (Beshovlari rivoyat qilganlar).
Bu kechada erkaklar Xufton va bomdod namozlarini jamoat bilan ado etishlari ulamolarimiz tomonidan ittifoq qilingan. Bu orada namoz, zikr, duo, Qur’on qiroti kabi nafl ibodatlar tong otguncha ado etilsa, inshaalloh har birining ajri ming oy qilingandek ko’paytirib beriladi.
Ammo, g’aflatda qolib, g’iybat, bo’hton, janjal, yolg’on kabi gunoh va lag’v ishlarda o’sha kechada ham bardavom bo’linsa iqobi qattiq bo’lishi turgan gap. Muqaddas makon va muborak zamonlarda qilingan yaxshi amallarning ajri ulug’ligi bilan bir qatorda yomon amallarning itobi ham kattaligi e’tiborimizda bo’lmog’ligi lozim,
Qadr kechasida ma’lum rakat namoz o’qish yoki ma’lum adadda zikr qilish borasida shariatda chegara yoki majburiyat ko’rsanilmagan. Balki, bandaning imkoniyatiga havola qilingan. Kimdir ko’p namoz o’qishga qodir, kimdir zikrga, yana kimdir Qur’on qiroatiga mohir va bundan lazzat topadi. Qodirligi jihatdan ammallari evaziga ming oylik ajrni olaveradi. Ba’zilar Qadr kechasida qandaydir asossiz manbalarga tayanib, 100 rakat namoz o’qish, adadi 1000 talik zikrlar qilish kabi to’qima bid’atlarga ishonib amal qilishadi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Qadr kechasida o‘qiladigan duoni o‘rgatganlar: “Allohumma innaka afuvvun, tuhibbul-afva, fa'fu anniy” (Termiziy rivoyati). Ammo faqat shu duo yoki ma’lum sanoqli zikrlarnigina shart qilishga shariatda dalil yo‘q.
Insonlar guruh-guruh bo’lib, fazilatli zotlarning maqbaralarini ziyorat qilish uchun borishlari joylarda udumga aylangan. Bu holat nechog’lik to’g’ri? Shovqin suron ko’tarib ziyorat odoblarini buzgan holda muqaddas makonda va muborak kechada vaqtni behudaga sarflash va natijada ajrni emas gunohni ko’paytirish emasmi?
Qazo namozlarini bu kechada o’qish. Albatta, banda qazo namozlarini ado etishga harakarda bo’lmog’i lozim. Bu kechada 2 rakat qazo namozi o’qilsa ming oylik qazo namozi ado etiladi degani emas. Balki, Qazo ado kabidir. Ya’ni qancha miqdor farz namozi qazo qilingan bo’lsa o’shancha miqdorning qazosi ado etiladi. Shuning uchun qazo namozlarini boshqa oddiy kunlarda ado etib, fazilatli zamonlarda nafl ibodatlar bilan band bo’lish afzalroq hisoblanadi
Oisha onamiz roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n (kechasi)ning toq kechalarida izlanglar”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim va Termiziy rivoyati)
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qadr kechasi borasida: “U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha yerda farishtalar soni mayda toshlardan ham ko‘p bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu kechaning qanday alomatlari bor?
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ochiq, issiq ham, sovuq ham bo‘lmagan kecha. Uning tongida quyosh qizg‘ish, zaif bo‘lib chiqadi”, (Ibn Xuzayma rivoyati) dedilar.
Oisha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, kechalari uxlamas edilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg‘otar edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh, agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘radilar.
Shunda Nabiy alayhissalom ushbu duoni aytishga buyurdilar: “Allohumma innaka afuvvun, tuhibbul afva, fa’fu anniy” (Allohim, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin) (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchalarimizni qadr kechasini topishga muvaffaq qilsin! Qadr kechasining fazilatlari bilan rizqlantirsin!
“Jo’ybori Kalon” ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim
muassasasi o’quv-uslubiy bo’lim boshlig’i Munira Xujayeva
УЗ
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish