04.07.2025

Diniy bag`rikenglikni ta`minlash-barqaror taraqqiyot garovi

Bugungi globallashuv davrida insoniyat oldida turgan eng muhim vazifalardan biri tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdir. Bu yo‘lda erishiladigan muhim omillardan biri esa diniy bagʻrikenglikni mustahkamlashdir. Zero, jamiyatda turli millat va din vakillari o‘zaro hurmat, sabr-toqat va hamjihatlik asosida yashasa, taraqqiyot uchun muhim zamin yaratiladi. Shu bois, diniy bagʻrikenglik nafaqat maʼnaviy qadriyat, balki ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotning muhim kafolatidir. Diniy bagʻrikenglik bu — boshqalarning eʼtiqodi va diniy qarashlariga hurmat bilan qarash, turli konfessiya va mazhab vakillariga nisbatan sabr-toqat bilan munosabatda bo‘lish demakdir. Bu tushuncha faqat diniy masalalargina emas, balki inson huquqlariga, ijtimoiy totuvlikka ham bevosita aloqador. Bagʻrikenglik bo‘lgan joyda adovat, nafrat, kamsitish, zo‘ravonlik singari salbiy holatlar uchun o‘rin qolmaydi.

Bugungi kunda dunyoda turli e’tiqoddagi kishilar yashaydi va ular orasidagi totuvlik — global tinchlik uchun muhim shart hisoblanadi. Ayniqsa, oxirgi yillarda diniy radikalizm, ekstremizm va terrorizm xavf solayotgan bir paytda, bagʻrikenglik va tushunish muhitini shakllantirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasida turli millat va din vakillari qadimdan totuvlikda yashab kelgan. Mustaqillikdan soʻng, diniy erkinlikni kafolatlovchi qonunlar qabul qilindi, diniy tashkilotlar faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yaratildi. Bugungi kunda mamlakatimizda 16 dan ortiq konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda.

Xususan, bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyati, diniy bag‘rikenglik, konfessiyalararo totuvlik muhiti, o‘z navbatida, fuqarolarimizni, ayniqsa, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shundan kelib chiqib, 2018-yil 16-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5416-sonli farmonni imzoladi. Diniy-maʼrifiy yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar – aynan bagʻrikenglik gʻoyalarini chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Jamiyatda diniy totuvlik mavjud bo‘lsa, unda fuqarolar o‘rtasida ishonch, hamkorlik va birdamlik kuchayadi. Bunday muhitda iqtisodiy barqarorlik ta’minlanadi, ilm-fan, taʼlim va texnologiyalar rivojlanadi, xorijiy sarmoya oqimi ortadi, chunki sarmoyadorlar barqarorlikni qadrlaydi, yoshlar salbiy oqimlarga berilmay, ilm va hunar egallashga intiladi. Shunday ekan, har qanday taraqqiyot asosida, eng avvalo, ijtimoiy barqarorlik yotadi. Ijtimoiy barqarorlik esa o‘z navbatida diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va maʼnaviy birlik orqali vujudga keladi.

Xulosa qilib aytganda, diniy bagʻrikenglik — har bir inson, har bir jamiyat aʼzosi uchun zarur bo‘lgan hayotiy qadriyatdir. Uni mustahkamlash orqali biz nafaqat tinch va osoyishta hayotni, balki barqaror taraqqiyotni ham taʼminlaymiz. Shu sababli, har birimiz oʻz yuragimizda bagʻrikenglik urugʻlarini qadashimiz, boshqalarning e’tiqodiga hurmat bilan qarashni odatga aylantirishimiz lozim. Zero, bagʻrikenglik bo‘lmagan jamiyatda taraqqiyot barpo bo‘lishi mumkin emas.

Ta`lim muassasasi  talabasi Majitova Saidabegim Tursunpo’lot qizi

Izoh qoldirish