
Mahmudxo‘ja Behbudiyning muftiylik faoliyati.
Mahmudxo‘ja Behbudiy nomini tilga olganlarida zamondoshlar uning ism-sharifi oldiga, albatta, “mufti” unvonini qo‘shib aytganlar. Oradan qancha davrlar o‘tgan bo‘lmasin, shu an’ana hozirgi qadar davom etib keladi va adabiyotshunoslar adib nomini hurmat yuzasidan bugun ham “mufti Mahmudxo‘ja Behbudiy” deb tilga oladilar.
Bizga zamondosh olimlar orasida Behbudiyning muftilik faoliyatini birinchi bo‘lib yoritgan adabiyotshunos Solih Qosimovdir. U “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligining 1990 yil 19 yanvar sonida chop etilgan “Behbudiy va jadidchilik” nomli maqolasida shu mavzuni yoritishdan avval bunday so‘zlarni yozgan: “Sobiq Turkistonning har bir kent va dahasida qozixonalarning, ularda xizmat qilgan qozi va muftilarning son-sanog‘i bo‘lmagan. Biroq Behbudiydek barkamol shaxs – faqat diniy bilimlargina emas, shu bilan birga zamonaviy ilmlarning zo‘r bilimdoni, xalqni ma’rifatli qilish uchun kurash yo‘lida o‘z moddiy boyliklarini, hatto jonini ayamagan shaxsning misli nihoyatda siyrakdir”.
S.Qosimov yozib olgan va bizgacha yetib kelgan xotiralardan biri adibning qizi Parvin Behbudiyga mansub bo‘lib, u otasining muftilik faoliyati to‘g‘risida bunday so‘zlarni aytgan: “Mahmudxo‘ja o‘qishning boshlang‘ich davridan (Haftiyak va Chor kitob) o‘tgach, qorilar maktabiga o‘qishga kiradi. Xotirasi yaxshi bo‘lganligi bois Qur’onni ikki yil ichida yod oladi va qorilik diplomiga ega bo‘ladi. Shundan keyin Mahmudxo‘ja doimiy ravishda bo‘lmasa-da, Samarqand va Buxoro madrasalariga qatnab turadi. U butun umri davomida kitobdan uzoqlashgani yo‘q. Qorilar maktabini tugatgach, u qishloq joylaridagi qozi va muftilarga mirzalik vazifasida ishladi. Chamasi, bu davrda fiqh kitoblari ustida tinimsiz ishlagani bois u tez fursatda “mufti” unvoniga erishdi. Mahmudxo‘ja umrining oxirigacha Jomboyda muftilik qildi.
Ma’lumki, Behbudiy 1918 yilning may oyida Samarqand Musulmon ishchilar sho‘rosida viloyat maorif komissari lavozimida xizmat qilgan. S.Qosimov yuqorida tilga olingan maqolasida Behbudiyning shu lavozimda xizmat qilgan vaqtida ham muftilik vazifasini bajarganini aytib, bunday haq gapni yozgan: “...zamonasidagi faqihlar – diniy bilim bilimdonlaridan hech biri fiqh ilmining kengligi jihatidan Behbudiyga teng kelolmas edi. Biroq Behbudiyning ayrim reaksion ruhoniylardan farqi va afzalligi shunda ediki, u hech qachon fiqhning biror qoidasi yoki yo‘l-yo‘rig‘i xalq manfaatlari va ijtimoiy taraqqiyotga zarar keltiradigan tarzda talqin qilmagan. Aksincha, oyat va hadislarga tayangan holda mehnatkashlar manfaatini himoya etgan, ilm-ma’rifatga chorlagan yevropaliklar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga chorlovchi fatvolar bergan. Hojimurod Xudoyberdiyevning hikoya qilishicha, Behbudiy iqtisodiy nizolarda deyarli hamma vaqt yo‘qsil manfaatini himoya qilgan, g‘orat va xunrezlik bo‘lmagan g‘avg‘olarning deyarli hammasini kambag‘allar foydasiga hal qilinishiga erishgan”
Behbudiy muftilik lavozimini qachondan boshlab bajara boshlagan? Umuman, “mufti” atamasi nimani anglatadi? Bu savollarning birinchisiga javob berish uchun yana Hoji Muinga murojaat etaylik. U Behbudiyga bag‘ishlangan boshqa bir maqolasida shu haqda bunday yozgan: «...Behbudiy afandi Kobud bo‘lusining qozisi mulla Zubayrning qozixonasiga mirzolikka kirib, bunda 1-2 oy o‘tmay, muftilikka o‘tdi. Necha yillar muftilik bilan kun kechirdi”.
“Mufti” arabcha so‘z bo‘lib, fatvo beruvchi, diniy masalalarda qaror chiqaruvchi ma’nolarini anglatadi. “Mufti, - deb yozilgan “Islom ensiklopediyasi”da, - diniy-huquqiy masalalarni izohlash, talqin qilib berish, shariatni tatbiq etish borasida hal qiluvchi huquqqa ega. Odatda uning fikr va qarorlari fatvolarda bayon etilib, musulmonlar uchun qo‘llanma hisoblanadi”. Sir emas, XX asrning 20-yillarigacha muftining fatvo tarzida ifodalangan “fikr va qarorlari”, “Islom ensiklopediyasi”da yozilganidek, musulmonlar uchun qo‘llanma emas, balki buyruq hisoblangan. Behbudiy shunday katta huquqlarga ega bo‘lgan shariat bilimdoni edi.
U paytlarda, ya’ni asrimiz boshida Jomboy tumaniga Bulung‘ur, G‘allaorol, Baxmal tumanlarining katta qismi tobe bo‘lgan. Chunki, shanba va chorshanba kunlari o‘sha qishloqlardan ham talay kishilar kelib, mufti janoblarini kutib o‘tirisharkan.
Behbudiy bu yerda ish boshlaganida qozixona yo‘qligi sababli qozi Abdumajid Yunus o‘g‘li fuqarolarning ishini asosan uyida ko‘rarkan. Yangi mufti ya’ni Behbudiy ancha sa’y-harakatlar bilan bu yumushni masjidga ko‘chirgan ekan. Mahmudxo‘ja Behbudiy u yoki bu masalada fatvolar berish bilan birga qozilik hujjatlarini ko‘zdan kechirarkan, vaqf, merosga oid masalalarni adolatli hal qilarkan”.
Nusrat Rahmatning bir maqolasida mufti Behbudiy qiyofasini ochuvchi g‘aroyib bir voqea naql qilingan. Uning zamondoshlaridan eshitishiga qaraganda, Jomboyda bir ot o‘g‘risi bo‘lgan ekan. U Baxmal tog‘laridan oshib o‘tib, Panjikent qishloqlaridan ot o‘g‘irlab kelar va o‘g‘irlangan otlarni Samarqand bozoriga olib borib sotar ekan. Ammo u o‘zi istiqomat qilayotgan joyda bunday jinoiy ishlarni zinhor-bazinhor qilmas ekan. Kunlarning birida u o‘g‘irlab kelayotgan ot nobop chiqib, “yur” deganda yurmay, o‘g‘rining jonini halqumiga keltiribdi. Shu payt u bir chorbog‘da oppoq otning bog‘lab qo‘yilganini ko‘rib qolibdi. Boyagi qirchang‘ini uning o‘rniga bog‘lab, oppoq otni minib ketibdi-da, Samarqand yaqinidagi Tagitepa qishloqlik tanishining uyida qoldiribdi. Ammo jinoyat fosh bo‘lib, uzoq surishtirishlardan so‘ng, qozi o‘g‘rining qo‘lini kesish haqida hukm chiqaribdi. Ammo Behbudiy Jomboyning muftisi sifatida qozining shunday dahshatli hukm chiqarganiga e’tiroz bildiribdi.
- Ehtimol, xabaringiz yo‘qdir. Yaqinda bu jazo bekor qilindi, - debdi u qoziga yotig‘i bilan.
Hukmning bekor qilinishi o‘z obro‘siga soya tashlashi mumkinligini sezgan qozi Qur’onning “Moida” surasining 38-oyatini ochib, o‘qib beradi. Bu oyatda esa: «O‘g‘ri erkakni ham, o‘g‘ri ayolni ham qilmishlariga jazo bo‘lsin uchun, Olloh tomonidan azob bo‘lsin uchun qo‘llarini kesinglar”, degan so‘zlar yozilgan ekan.
- Buni bekor qilish mumkinmi? – deb so‘raydi qozi.
Behbudiy agar o‘g‘rining qo‘llari kesilsa, birinchidan, uning mahalla-qo‘ydagi, qarindosh-urug‘lari o‘rtasidagi obro‘si yo‘qolibgina qolmay, ularning g‘azab va nafratiga duchor bo‘lishi, ikkinchidan, uning mehnat bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lmasligi, hatto o‘z-o‘ziga xizmat qila olmasligi va oilasi a’zolariga tirik tovon bo‘lib qolishi mumkinligini e’tiborga olib, jazoning yengilroq bo‘lishini istaydi va qoziga Qur’onning “Niso” surasidagi 90-oyatni ko‘rsatib, deydi: “Olloh afv etguvchi, maxfirat qilguvchi bo‘lgan zotdir”. Qozi Behbudiyning bu so‘zlaridan keyin hukmning bekor qilinishiga rozi bo‘ladi. Bu voqea Behbudiyning muftilik faoliyati davomida beva-bechoralargina emas, balki sharoit taqozosi bilan jinoyat yo‘liga kirib qolgan kishilarga ham rahm-shafqat va muruvvat ko‘rsatganidan, insonparvar mufti sifatida ish yuritganidan shahodat beradi.
Ta`lim muassasasi O`zbekiston
tarixi fani o`qituvchisi Elchiyeva Shohista
Izoh qoldirish