09.06.2025

Milliy g‘oya – yosh avlod tarbiyasining ma’naviy asosi

Milliy g‘oya — bu xalqning umumiy manfaatlari, tarixiy tajribasi, orzu-umidlari, ruhiy dunyosi va ma’naviy qadriyatlarini birlashtiruvchi, ularni yagona maqsad sari yo‘naltiruvchi g‘oyaviy tizimdir. U milliy birdamlikni ta’minlovchi kuch sifatida jamiyatni uyg‘un va taraqqiy etgan holga keltiradi. Ma’naviyat esa har bir shaxs va jamiyat hayotining ma’naviy-axloqiy tamal toshidir. Prezidentimiz  Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Milliy g‘oya va ma’naviyat – bu millatning yuragi, uning mustahkam immunitetidir”. Milliy g‘oya milliy-ma’naviy qadriyatlar asosida shakllanadi. Masalan, ona tili, tarixiy xotira, urf-odat, diniy-meros va badiiy ijod milliy ma’naviyatning tarkibiy bo‘g‘inlari hisoblanadi. Bu qiymatlar orqali milliy g‘oya millat ongini hamda shaklini belgilab beradi va mustahkamlaydi. 

Bugungi globallashuv va ma’naviy tahdidlar davrida har bir xalq o‘z milliy g‘oyasiga tayanib yashamoqda. O‘zbekistonda ham mustaqillik yillaridan boshlab xalqimizning azaliy qadriyatlari, urf-odatlari, tarixiy xotirasi asosida milliy g‘oyamiz shakllantirildi. Bu g‘oya xalqimizning o‘zligini anglashiga, barkamol jamiyat barpo etishiga xizmat qilmoqda. Aynan shu maqsadlarda milliy g‘oya – ma’naviyatimizning mezoni sifatida jamiyat rivojida muhim o‘rin tutadi.

Tarix fanlari doktori, professor Sh. Yusupov  “Milliy g‘oya va ma’naviyat – bu yosh avlodni yot g‘oyalar ta’siridan himoya qiluvchi qalqondir”, deb ta’kidlaydi. Taniqli pedagog olim M. Sobirov esa “Yosh avlod tarbiyasida milliy g‘oya va ma’naviyatni o‘zlashtirish, ularni hayotiy tamoyilga aylantirish – millatning kelajagini belgilovchi eng muhim omildir”, deydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek “Yoshlar kelajagimiz, ularning taqdiri bizga befarq emas. Ularni milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalash, ularga milliy g‘oya va ma’naviyat tamoyillarini singdirish – bu davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishidir”. Milliy g‘oya va ma’naviyatning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni nafaqat ularning shaxsiy kamoloti, balki jamiyatning barqaror rivojlanishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Milliy g'urur shaxsning o'z xalqi, uning tarixi va madaniyati bilan faxrlanish, g'ururlanish hissidir. U yoshlarni milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga, milliy an'analarni davom ettirishga undaydi. Milliy g'urur millatning o'zligini anglashi va namoyon etishining yorqin ifodasidir. Globallashuv jarayonida o‘zligini anglagan, milliy g‘urur va iftixor bilan yashovchi yosh avlodgina kelajakda Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladi. Shu boisdan milliy g‘oya va ma’naviyatga oid bilim va ko‘nikmalarni yoshlar ongiga singdirish, ularni mustahkamlash zamon talabi bo‘lib qolmoqda.

Yoshlarni milliy ruhda tarbiyalash vositalari:

- ta’lim tizimining barcha turdagi bosqichlari uchun ijtimoiy an`analardan dasturlar asosida elektron darsliklar tizimini yaratish;

- telearxiv fondidan foydalangan holda dasturlar asosida mavzular bo‘yicha video darslarni yaratish;

- muzeylar bilan hamkorlikda, ko‘chma muzey mashg‘ulotlarni reja asosida sifatli amalga oshirish;

- davlat arxivi materiallari asosida ko‘rgazmali qurollar, video, audio yozuvlarni tayyorlash;

- yuqoridagi materiallardan foydalanish uchun internet tarmog‘i orqali masofadan o‘qitish uslubidan foydalanish tizimini yaratish.

Ma’lumki, har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, kishi organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Shunday ekan, yurtimizda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz lozim. Toki, yoshlarimiz milliy o‘zligini, shu bilan birga, dunyoni chuqur anglaydigan, zamon bilan barobar qadam tashlaydigan insonlar bo‘lib yetishsin.

  Xulosa qilib aytganda, milliy g‘oya har qanday davlat va jamiyatning ma’naviy asosini tashkil etadi. U yosh avlod qalbida vatanparvarlik, ijtimoiy mas’uliyat, tarixiy xotira va milliy iftixor tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi. Bugungi globallashuv sharoitida xorijiy madaniy oqimlar, turli g‘oyaviy tahdidlarga qarshi milliy g‘oya bilan kurashish mumkin. Shu bois, yoshlarni sog‘lom dunyoqarash, mustahkam iymon, yuksak axloq va halollik ruhida tarbiyalashda milliy g‘oya beqiyos rol o‘ynaydi. U faqat nazariy konsepsiya emas, balki yoshlar hayoti va ongiga singdirilishi lozim bo‘lgan hayotiy dasturdir. Zero, yuksak ma’naviyatli avlod – yurt kelajagining kafolati sanaladi.

 

Yoshlar bilan ishlash, ma`naviyat va mar`ifat

 bo`limi uslubchisi Samadova Raximabegim

Izoh qoldirish