
"Bo'yinning burilishi bilan bosh ham yo'l topar"
Ushbu maqola garchi oilali bo’lmasakda, ustozlardan eshitgan nasihatlarimiz, hayotimiz davomida uchratgan, baxtli hayot kechirayotgan, Allohning fazli ila erini rozi qilishlikka musharraf bo’lgan ayollardan tinglaganimiz pandu nasihatlardan ta’sirlanib yozildi. Bir foyda topsangiz Allohdan, xato-kamchilik chiqsa bizdan deb bilishingizni tilagan holda, mavzuyimizga kirishamiz.
Ming afsuslar bo’lsinki, bugungi kunimizda barpo etilishidan ko’zlangan asl maqsad halovat bo’lishi kerak bo’lgan xonadonlarimizning aksarini rohat-farog’at tark etmoqda. Men bu ishda ayollarimizni ayblamoqchi emasman. Zero, qars ikki qo’ldan chiqadi. Lekin, shu bilan birgalikda har bir kas aybni avvalo o’zidan qidirmoqligi darkor, degan qonunga xilof qilmagan holda, ushbu maqolada o’zimizning, ya’ni ayollarning yo’l qo’yayotgan xatolarimizni ochiqlab berishlikka urunmoqchiman va bu yo’lda yuqorida aytib o’tganimiz shartlarga amal qilmoqlikni ma’qul deb topdim.
Ey ayollar jamoasi!
Qanoatli bo’ling,
Tillaringizni tiying,
Ehtiyojingizdan ortig’ini so’ramang!
Shirinso’z bo’ling! Ishdan (o'qishdan) qaytgan zavjingizga hadeb noliyvermasdan,ochiqyuzlilik bilan go'zal muomala qiling!
Agarda shunday qilgan holda uning ko’nglini o’zingizga asir etarkansiz, istaysizmi yo’qmi,uning muhabbatiga sazovor bo'lasiz.
Zero, xotin bo’yin. Er garchi bosh bo’lsada, bo’yin qayrilgan tomonga buriladi. Va shuningdek, agarda bo’yin qo’pollik bilan burilarkan, o’zi bilmagan holda ham o’ziga ham “boshiga” zarar yetqazib qo’yadi.
Ustozlarimizdan birlari shunday deya nasihat qilgandilar:
“Istaysizmi yo’qmi, ertaga taqdir taqazosi bilan birovning uyiga borib tushasiz. Sizlarga maslahatim shuki, erlaringizga nisbatan xushmuoma bo’ling! Garchida haqni nohaq, oqni qora deb turgan bo’lsada, qaysarlik qilib, haqiqatni uqtirishga urinmang! Zero, ayni damda bundan foyda ham yo’q. G’azabidan bosilgach, o’ziga kelib olgach, go’zallik, latofatlilik bilan ishining oqibati qanday bo’lishligini sharhlang. Shu holatda ham sizning maslahatingizga quloq tutmasa va boshi devorga urilib, nohaqligini anglab yetsa ham hech qachon “Men sizga aytmaganmidim. Meni gapimga kirmadingiz, mana oqibati. O’zingiz pishirgan oshni endi o’zingiz yeng!”, qabilida ish tutmang!
Jannatiy ayolning belgilaridan biri, u hech vaqt eriga “Nima uchun bu ishni qildingiz?”, deb so’roqlamaydi. Balki, garchi adashsada, har qanday holatda eriga yelkadosh bo’lib turaveradi.
Kun kelib, Allohning fazli ila olima bo’lsangiz va eringiz “Uyda o’tirasan!”, deb shart qo’ysa, o’tirishlikka majbursiz. Lekin shuningdek u ham ilmli bir ayolni nikohlab olib, uyda o’tirg’izib qo’yganligi uchun Qiyomat kunida javob beradi!” Magarki, gunohga, ma’siyatga, Allohning amriga qarshi ishga buyurmas ekan, eringizga bo’ysunishligingiz shartdir!
Erga tegarkansiz, ERPARAST bo’ling!
Xuddiki, yosh bola bir futbolchining muxlisi bo’lib olib, uning ismini, yoqtirgan mashg’ulotlarini,qisqa qilib aytganda, uning yurish-turishlarini o’rgangani kabi,siz ham eringizning muxlisi bo’ling! Unga nimalar yoqadi,nimalar yoqmaydi, hammasiga rioya qilishikka intiling. Sizni ko’rganlar “Buncha ham eriga oshiq bo’lmasa,odam ham erini hamin qadar yaxshi ko’radimi?” deb hayron qolishsin! Va bularning barini xursand holatda, Allohning roziligini istagan holda qiling. Albatta er ham odam, unda ham fahm-farosat degan narsa bor, agarda ayoli o’z o’rnini bilib muomala qilsa, er albatta qilishni rejalashtirayotgan ishlari borasida u bilan maslahatlashadi.
Xulosa o'rnida shuni aytamizki, ne-ne umidlar va orzular bilan qurilgan bu rishtalarning uzilishini shunchaki bir tomoshabin sifatida kuzatib turishlik meni og’ritadi.
Qolaversa, so’nggi kunlarda tahsil olayotgan ustozlarimizning deyarli barchalari shu mavzu borasida ma’viza qilishyapti, shuning o’zi ham bu mavzuning neqadar ahamiyat kasb etishligini anglatadi.
📝Ashurova Iroda
Izoh qoldirish