
BЕHBUDIY DARSLIKLARI
Mahmudxo`ja Behbudiy bir qator darsliklar yozdi. O‘zSE dagi «Behbudiy» maqolasi muallifi marhum S.Qosimov adibning 6 ta darsligini qayd etadi: «Muntaxabi jugrofiyai umumiy» («Qisqacha umumiy geografiya»), «Kitobatul atfol» («Bolalar maktublari»), «Muxtasar tarixi islom» («Islomning qisqacha tarixi»), «Madxali jug‘rofiyai umroniy» («Aholi geografiyasiga kirish»), «Muxtasar jug‘rofiyai Rusiy» («Rusiyaning qisqacha geografiyasi»). Shulardan biri «Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy»ga to‘xtaymiz.
Asarning to‘la nomi «Kitobi muntaxabi jug‘rofiyai umumiy va namunai jug‘rofiya». 1905 yil 24 avgustda Sankt-Peterburg senzurasidan ruxsat olinib, 1906 yil Samarqandda G. I. Demurov matbaasida chop etilgan. 106 sahifadan tashkil topgan. Muallif bu «qadim fan»ga taalluqli «turkiy, arabiy, forsiy, rusiy lug‘atlarga tasnif bo‘lgan o‘ttuz qadar qadim va jadid kutub va rasoili jugrofiya, hay’ati riyoziy, tarixiy, tabiiy»lardan va yana juda ko‘p turli-tuman ma’lumot manbalardan foydalanib yozganini qayd qiladi.
«Jug‘rofiya degan so‘z yunoniy, lug‘ati arabiyg‘a ta’ri-fi arz ma’nosig‘a, ya’ni yer va tufroqni bayon qilaturg‘on ilmni aytilur», izoh beradi muallif. So‘ng Behbudiy uning turlariga to‘xtaydi.Kitobning dastlabki sahifalarida jug‘rofiyaning fan sifatida maydonga kelish tarixi, qadim Turkiston olim-larining bu sohadagi xizmatlari yoritiladi, asarlari nomi keltiriladi. Muallif Shamsiddinbek Somiyning (1850 1904) 6 jildlik mashhur «Qomus ul-a’lom» va Ismoilbek Gasprinskiyning «Turkiston ulamosi» kitoblaridagi hujjat va dalillarga suyanib fikr yuritgan.
Boblarning biri «Jug‘rofiyani o‘qumoq musulmonlarg‘a lozimdur» deb atalgan. Unda Yer haqidagi xurofiy tushunchalar tanqid qilingan. Chunonchi: «Ammo hozirgi jug‘rofiya ilmi, tajriba va ro‘yati boshlarindan bilinadurki, Yer kurraviy yumaloq, ostiga ho‘kuz, balig‘ yo‘q, atrofiga devori yo‘q va Yer aylanadur, havoga muallaq turadur. Bizni nazarimizga sokin va ammo haqiqatda aylanadur» «Eski va yangi donishmandlar» faslida qadim Batlimus (Ptolomey)dan qolgan geotsentrizm va unga qarama-qarshi geliotsentrizm haqida gap ketadi. Ilmi hay’atdagi «sab’ayi sayyor», «to‘qqiz osmon» iboralari izohlanadi.
Jo’ybori kalon o’rta-maxsus islom ta’lim muassasasi 1-kurs talabasi Azimova Bibixadicha
Izoh qoldirish