20.05.2025

Mazhabga ergashish dinimiz talabi.

2025-yil 20-may kuni “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ta`lim muassasasi mudarrisasi Jamilova Asila tomonidan “Mazhabga ergashish dinimiz talabi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi. Tadbirda fiqhiy mazhablar va yo`nalishlar, hozirgi kundagi ixtiloflar , ixtiloflarga yechimlar to`g`risida talabalarga ma`lumot berildi.  Tadbir davomida quyidagi ma`lumotlar berildi: “Mazhab” so'zi arab tilida “yo'l”, “yo'nalish”, shar'iy istilohda esa “diniy masala bo'yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo'li” ma'nolarini bildiradi. Hanafiy mazhabi ahli sunna val jamoa yo'nalishining to'rt fiqhiy mazhablari orasida asrlar osha ergashuvchilarining ko'pligi, mustahkam asoslari va qulayligi bilan ajralib turadi.
         Bugungi dunyo musulmonlarining qariyb 50%ini hanafiylar tashkil qiladi. Hanafiy mazhabi to'rt ahli sunna mazhablarining eng avvalgisi hisoblanadi. Bu mazhabning ahamiyatli tomonlaridan biri shundaki, bu mazhab faqatgina Abu Hanifa rohmatullohi alayhning fikrlari bilan emas, balki shogirdlarining qavllari bilan ham mustahkamlangan. Imom Abu Hanifaning o'ziga xos dars o'tish usuli muallim va mutaallimni birdek ilmiy saviyasini oshirishga qaratilgan edi. U zot o'rtaga bir fikrni tashlab, uni shogirdlari bilan birga muhokama qilar, har kim bu masala ustida o'z fikrini erkin bayon qilgach, barchaning fikridan hosil bo'lgan xulosani yasab, barcha atrofida jamlangan olimlar u kishini tasdiqlagach yozdirar edilar. Mana shuning o'zi ham Abu Hanifa rohmatullohi alayhning ilmi muttasil o'sib, fikri to'lishib borishida muhim ahamiyat kasb qildi. Shu bilan birga Abu Hanifa rohmatullohi alayh fiqh fanini alohida fan sifatida tartiblagan zotdirlar. Imom Shofi'iyning mashhur so'zlarida u kishi: “Fiqhda barcha olimlar Abu Hanifaning oila ahlidir. U zotga teng kelib masala ayta oladigan kishi yo'q”, deydilar.
        Hanafiy mazhabi ulamolari fiqhning 4 asosiy manbaini e'tirof etish bilan birga boshqa mazhablar vakillariga nisbatan fiqh talablariga rioya etishning qiyos va ijtihod usullaridan kengroq foydalanadi. Bu mazhabning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat: Qur'oni Karimdan hukm olishda oyatlarning nosix va mansuxlarini obdon aniqlab olish; hadisi shariflardan huquqqa doirlarini shar'iy hukmlarga asos qilib olishda har bir hadisning sahihligiga katta e'tibor berish va ularning nosix, mansuxligini chuqur aniqlash; sahobalarning ittifoq ila chiqargan qarorlari (ijmo') hamda qiyos va ijtihod usullariga binoan huquqiy xulosa chiqarishdan tashqari istihson deb ataluvchi qo'shimcha manbadan ham foydalanish.

Hanafiy mazhabi oddiy huquq(urf-odat)dan ham huquqning keng mustaqil yordamchi manbai sifatida foydalanadi, bu hol hayotiy ehtiyojlarni va mahalliy odatlarni hisobga olib huquqiy qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Bu mazhab qoidalari mo'tadilligi, birmuncha yumshoqligi, qulayligi, xalqlarning mahalliy an'analarini e'tiborga olganligi sababli 11-asrdan boshlab shimol va sharqqa keng yoyilgan. Kichik Osiyo, Bolqon, Shimoliy Kavkaz, Qora dengiz, Volga bo'ylari, O'rta Osiyo mamlakatlari, Afg'oniston, Hindiston va Xitoyning olis hududlariga tarqalgan. Hozirgi davrda dunyo musulmonlarining qariyb yarmi, shu jumladan, yurtimiz musulmonlari hanafiy mazhabiga amal qilgan holda musulmonchilik qonun-qoidalarini bajarib kelmoqda. Tadbir so`ngida, talabalar ta`lim muassasasi mudarrisasiga o`zlarini qiziqtirgan turli savollarini berib, javob olishdi.

                                                                                                                                                                                                                 Ta`lim muassasasi  direktor o`rinbosari : D.Boltayeva.

Izoh qoldirish