10.05.2025

Mahmudxo'ja Behbudiyning ilm-fan rivojiga qo`shgan hissasi

Mahmudxo'ja Behbudiy o'n to'qqizinchi asrning oxirgi choragi va yigirmanchi asrning dastlabki o'n yilliklarida Turkistonning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy hayotida yorqin iz qoldirgan siymolardan biridir. Manbalarda qayd etilishicha, Behbudiy Yassaviy avlodidan sanaladi.  Behbudiyning otasi islom xuquqshunosligi bo'yicha yirik mutaxassis bo'lib, bu borada ko'plab kitob va risolalar yaratgan edi. Bu o'z navbatida Mahmudxo'janing ma`rifatli shaxs sifatida rivojlanishiga katta ta`sir ko`rsatgan.  U keyinchalik bu haqida so'zlab, hatto maqolalaridan birida otasi yozgan “Hidoya” ("Islom huquqiga sharhlar") asarining hayotida muhim ahamiyatga ega bo`lganligini   alohida qayd etgan.  6 — 7 yoshida tog'asi qozi Muhammad Siddiq tufayli xat savodi chiqqan, keyinchalik otasi bilan birga o‘qishni boshlagan va to‘rt yil ichida 12 yoshida Qur’onni yod olgan. Bundan tashqari, u arab yozuvi, sintaksis, qofiyani o‘rgandi. Kichik amakisi mulla Odildan  mantiq ilmidan va fiqhdan dars oldi. Shundan so'ng, u o'zining ona tili bo'lgan turk tili bilan birga arab va fors tillarini, keyinchalik rus tilini mustaqil o'rganadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy an’anaviy madrasa ta’limini Samarqand va Buxoro shaharlarida olgan.18 yoshidan qozixonada mirzalik qiladi, keyinchalik  qozi, muftiy darajasigacha ko‘tariladi. 

  XIX asrning 90-yillarida Chashmaob va Kobud volostlarida mirzolik qilgan Behbudiy dunyoqarashining keskin o'zgarishida uning Sharq va G'arb mamlakatlariga qilgan safarlari muhim ahamiyatga ega bo'ldi.  U 1899-1900 yillarda Turkiya, Misr va Hijozga, 1903-1904 yillarda esa Rossiyaning Moskva, Peterburg, Nijniy, Qozon va Ufa singari shaharlariga borib, xorijiy xalqlar hayoti bilan yaqindan tanishdi.  Ushbu holatlar Mahmudxo‘ja “Jadidi usul” maktablari haqidagi g‘oyalarini kuchaytirdi va u 1903-yilda Samarqandda ilk jadid maktablarini ochdi. Sayohat davomida paydo bo`lgan yangi maktab (usuli jadid) ochish xususida rejalarini Ajziy, Abdulqodir Shakuriylar bilan hamkorlikda amalga oshirib, Samarqand yaqinidagi Halvoyi qishlog‘ida yangi maktab ochadi. Maxmudxo`ja Behbudiyning «usuli jadid» maktabidagi o`qitish ishlari quyidagi tartibda olib borilar edi: «Maktab ikki bosqichdan iborat bo`lib, birinchi bosqich – ibtidoiy qism deb nomlangan. Buning tahsil muddati to`rt yil. Birinchi yilida: forscha va arabcha yozuv hamda o`qishni o`rganilgan. Suralar yod olingan. Hisob darsi o`rgatilgan. Umuman bir yil davomida yozmoq va o`qimoqni to`liq o`rganganlar. Ikkinchi yilida: xaftiyak, imon va e`tiqoddan dars, fors, turkiy va arab tilida she`rlar, qasidalar o`qitilgan. Uchinchi yilida: Qur`oni Karim, Islom ibodati, tajvid, Sa`diydan nasihatlar, fors va turkiy til puxta o`rgatilib, undan insholar yozdirilardi. Hisobdan turli taqsimot va ish yuritish kabi zaruriy jihatlar o`qitilgan. To`rtinchi yilida: esa Kalom-u Sharif, mufassal tajvid, forsiy va turkiy nazm va nasr, axloq darsi, turkiy va forsiy til, hisob, tarix, jo`g`rofiya o`qitilgan. Bu to`rt sinfni tamomlagan bolalarni muallimlarning o`zi taqsimlagan. Xohlasa ikkinchi bosqichga qoldirar, ularning o`zlashtirishlariga qarab madrasaga yuborar, bolaning o`zi xohlasa Yevropa maktablariga yuborar yoki tirikchilik uchun ishlashga yo`llanma berardi. Maktabning ikkinchi bosqichi – rushadiya bo`lib, bu bosqichda o`qitiladigan dars va ilmlarning mundarijasi quyidagicha: birinchi yili arab tili, jo`g`rofiya, shafaqiya, fors tili, tarjima jumla muxtasar, tarixi anbiyo va islom tarixi, Sa`diyning «Guliston», turkiy tili o`qitilgan; ikkinchi yil – arab tili, tarix, islom axloq, turk tili, hisob, fors yozuvi va hokazolar; uchinchi yil – arab tili, hisob, xat yozuvi, tarix turkiy til, rus tili ham o`qitilgan; to`rtinchi yil – arab tili, rus qozixona xatlari, bo`listnoyxona xatlari, turk tili va adabiyoti, salomatlik, maktab va hayot, ishq va muhabbatsiz axloq va boshqa ko`pgina hayotiy darslar o`qitilgan. Sakkiz sinf, ya`ni ikki bosqichni tamomlagan shogird arabcha, forscha va turkchada bemalol so`zlab yozardi. Ma'rifatparvarlik faoliyati faqat maktab doirasi bilangina cheklanmaydi. Bu haqiqatni to'g'ri tushungan Behbudiy 1908 yili Samarqandda Turkistondagi dastlabki zamonaviy kutubxonalardan biri — «Qiroatxonai islomiya»ni tashkil etadi. Keyinchalik «Behbudiya kutubxonasi» nomini olgan bu ma'rifat o'chog'i 1919-yilga qadar faoliyatda bo'lib, samarqandlik yoshlar diniy va dunyoviy bilimlarining shakllanishida o'z vazifasini o'tadi. Bir kecha-kunduzda 11 nafargacha o'quvchi shug'ullanishi mumkin bo'lgan bu kutubxona tez orada Samarqandning yirik ziyo maskanlaridan biriga aylandi va bora-bora uning jamg'armasida 1000 dan ziyod noyob kitoblar to'plandi. 

  Behbudiy, shuningdek, islom tarixiga oid «Muxtasari tarixi islom»  va «Amaliyoti islom» singari darslik hamda qo'llanmalarini yaratdi. Bu tilga olingan asarlarning o'ziyoq Behbudiyning nafaqat dunyoviy, balki diniy bilimlarni ham puxta egallagan shaxs bo'lganidan dalolatdir.

Xulosa sifatida F.Xo’jayеvning quyidagi fikrlarini kеltirish mumkin,  «Siyosiy, ijtimoiy faoliyati va bilimining kеngligi jihatidan Turkistonning o’sha vaqtdagi jadidlaridan unga tеng kеla oladigan kishi bo’lmasa kеrak». Mahmudxo'ja Behbudiyning faoliyati va asarlarida oldinga surilgan taraqqiyparvar g'oyalar bugungi avlodlar uchun ham ma'naviy-ma'rifiy sarchashmalardan biri sifatida qadrlidir. 

Ta`lim muassasasi, yoshlar bilan ishlash, ma`naviyat va 

ma`rifat bo`limi uslubchisi  R.A.Samadova 

 

Izoh qoldirish