08.05.2025

“Al-Jomi’ As-Sahih “ asarida shukronalik masalalarining talqini

Ne'matga shukr qilish musulmon odam sifatlanishi lozim bo‘lgan eng ulug‘ va go‘zal axloqiy sifatlardan biridir. Shukr - ezgulik ulashgan kishiga chiroyli maqtov va yaxshilik evaziga qilinadigan mukofotdir. Shukr lug‘atda-  maqtov, minnatdorchilik bildirish, rahmat va tashakkur etish degan ma'nolarni ifodalasa, ne'mat esa, huzur-halovat, farovonlik, mo‘lchilik, farovon turmush, mol-mulk, boylik va ne'mat kabi ma'nolarda qo‘llaniladi.
Istilohda, musulmon kishi biror bir yaxshilikka ega bo‘lsa yoki unga biror bir ne'mat yetsa, bularning barchasi Alloh taolodan deb e'tirof etish, uni boshqalarga so‘zlash va ne'matga shukr qilib uni o‘z o‘rniga ishlatishga aytiladi.
Haqiqatan, aslida ne'mat egasi Alloh taoloning o‘zidir. Ammo, ba'zi ne'matlar yetishida vositachi bo‘ladi. Xuddi, inson haq yo‘lni topishida yoki biror bir ilm yo kasb egasi bo‘lishida payg‘ambarlar,  ulamolar va ustozlar vositachi bo‘lganlari kabi. Zotan, ota-ona insonni bu yorug‘ dunyoga kelishiga sababchi bo‘lsalar, ustoz va murabbiylar dunyo va oxirat yaxshiliklariga ega bo‘lishlariga sababchi zotlardir. Shu bois dono xalqimiz ”Ustoz otangdek ulug‘”-deya tavsiflashadi.

 Demak, biz biror ne'matga erishdikmi darrov ne'mat egasiga tashakkurimizni izhor qilishmiz lozim bo‘lar ekan.
 Yaxshilik qiluvchining yaxshiligini mamnunlik ila e'tirof etishni ulamolar «shukr» deyishgan. Ular shukrning uch qismdan, ya'ni, qalb shukri, til bilan shukr va amaliy shukrdan iboratligini ham bayon qilishgan.Har bir inson o‘zining barcha holi, kuch-quvvati, sog‘-omonligi, boyligi, mansabi Allohdan ekanligini bilib, iqror bo‘lishi qalb shukridir. Shukrning bu turi barchaga farzdir. Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:«Sizlar erishgan barcha ne'matlar Alloh taolodandir» (Nahl, 53).

Til bilan shukr minnatdorlikda bo‘lish va sano aytish bilan ado etiladi. Vaz-Zuho surasi oxirgi oyatining taqozosi shunday.

Toatlarni davomli ado etish va gunohlardan saqlanish amaliy shukrdir. Rasuli Akram (s.a.v.) namozda uzoq turishlari sababli muborak oyoqlari shishib ketardi. Buni ko‘rgan sahobiylar:  «Yo Rasulalloh! Parvardigor sizni yorlaqagani shubhasiz. Shunday ekan, bu hol nechun?» deb so‘raganlarida, Rasuli Akram (s.a.v.): «Shukrli banda bo‘lmayinmi?» deb javob berdilar[1]. Bu va Oli Imron surasining 123-oyati mazmuniga binoan Allohdan qo‘rqish, uning amru nahyilariga rioya etish bilan Alloh bergan ne'matlarning amaliy shukri keltiriladi.

Insonlarning o‘zaro munosabatidagi shukr yaxshiliklarni yoqlash, ezgu ishda amaliy yordam ko‘rsatish bilan ado etiladi.

Alloh taolo oyati karimada marhamat qiladiki:

 “Bas, Alloh sizga rizq qilib bergan narsalardan halol-pok holida yeng. Va agar unga ibodat qiladigan bo‘lsangiz, Allohning ne’matiga shukr qiling”.

Albatta Allohning ne’matlariga shukr qilsak, Qur’oni karimda: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman”, deb va’da qilganidek,  yana ham ziyoda qilib beradi. Va agar ne’matlariga shukr qilmasdan buyruqlarini bajarmay, qaytariqlaridan qaytmasak, oyatning davomida marhamat qiladiki: Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar.  

 “Alloh taolo bandaga kattami-kichikmi bir ne’mat bersa, banda uning shukronasi uchun “Allohga hamd bo‘lsin” desa, shunda u o‘sha ne’matdan ham afzalroq narsaga erishgan bo‘ladi”, deganlar.

  Ne’matlarga shukr qilish ikki xil bo‘ladi: ma’naviy va amaliy.Ma’naviy shukr: Alloh taologa tasbeh, hamd, takbir aytib, uni ulug‘lashimiz, maqtashimiz va tashakkurlar aytish bilan bo‘ladi.

Amaliy shukr: Allohning bergan ne’matlarini isrof qilmay, uning buyurganidek sarf qilishimizdir. Yana berayotgan ne’matlariga shukr qilish, uning aytganlariga amal qilib, qaytarganlaridan tiyilish bilan bo‘ladi.

Alloh insonlarni va jinlarni faqat o‘ziga ibodat qilish uchungina yaratdi. Yer yuzida isrofgarchilik, buzg‘unchilik, takabburlik va isyon qilish uchun yaratmadi.  Alloh taolo oyati karimada marhamat qilib aytadiki “Inson va Jinni faqt o‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim”.

Alloh taoloning berayotgan mo‘l-ko‘lchiliklariga ma’naviy shukr qilish, uni bergani uchun unga hamdlar aytish va uni barcha aybu nuqsonlardan poklab yodga olishimiz bilan bo‘ladi.

Amaliy shukr qilish esa: avvalo uni zakotini, ushurini haqlik bo‘lgan joylarga berish, har bir harakatini Alloh uchun qilish, hosillarni yig‘ib terish davomida Allohga hamdlar aytib, harom aralashib qolishidan panoh so‘rab duolar qilish zarur. Oxirida olingan foydalardan qarindosh – urug‘, kambag‘al, yetim-yesir va qo‘ni-qo‘shnilarga ham nasibalar ulashishni unutmaslik kerak. Bu Allohning ne’matlariga shukr qilishning eng oliy darajasidir. Chunki Alloh taolo oyati karimada:

 “Va Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo‘shnilarga, yon qo‘shnilarga, yonboshdagi sohiblarga, ko‘chada qolganlarga va qo‘lingizda mulk bo‘lganlarga yaxshilik qilinglar...”, deb marhamat qilgan.

Emin-erkin ibodat qilishimizdek oliy ne’matga amaliy shukrimiz: Allohga ko‘proq ibodat qilish, vaqtimizni g‘iybat, bo‘hton va behuda o‘yin kulgularga sarflamay, vaqtimizni g‘animat bilib, o‘zimiz, ayollarimiz hamda farzandlarimiz ko‘proq ilm o‘rganib, dinimiz, halqimiz va vatanimizga uning tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida sarflashimiz lozim. Alloh diyorimizni ko‘rinar-ko‘rinmas balolardan o‘z himoyasida saqlasin.

Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir yaxshilikka erishsa, bas, uni zikr qilsin. Kim zikr qilib eslasa, batahqiq uni shukrini ado etibdi. Kim yashirsa, demak kufrona ne'mat qilgan bo‘ladi”-dedilar. Shukr qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, balki o‘zidagi moddiy va ma'naviy ne'matlar haqida ko‘p mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda bo‘lishini tasavvur etish, o‘zidan qashshoqroq, qiynalganroq kishilarni yodga keltirish insonni o‘zidagi ne'matlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Bu ishi in'om etuvchiga ham manzur bo‘ladi. Natijada ne'matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Aksincha, noshukrlik, nonko‘rlik kabi holatlar in'om etuvchida nafrat va g‘azab paydo bo‘lishiga olib keladi. Natijada bergan ne'matlarini qaytarib olish yoki boshqa ofat yoxud musibatlarga duchor qilish yo‘li bilan jazolashi joiz bo‘lib qoladi.
Noshukrlik insonlararo munosabatlarda ham o‘zining salbiy natijalarini beradi. Yaxshilikni qadrlab, imkoni bo‘lsa qaytarish aynan olijanoblikdir.
Inson nimaga erishgan bo‘lsa, avvalombor Allohning o‘lchovi qolaversa sababiyat olamidagi sabablarga bog‘liqdir. Biz doimo xushyor va sergak bo‘lib ne'matlarni o‘z o‘rnida qadrlashimiz shu bilan birgalikda atrofimizdagi insonlarga ham tez-tez eslatib turishimiz lozim. Shunda bizga yetgan ne'matni qadrlagan bo‘lishligimiz bilan birga ziyodasiga ham ega bo‘lish baxti turadi. 

Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:
Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi,7-oyat).
No‘'mon ibn Bashir roziyallohu anhudan, u kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: “Allohning haddi – chegarasida turganlar va undan chiqqanlarning misoli xuddi bir kemadan qur'a orqali joy olgan kishilarga o‘xshaydi. Ularning ba'zisi kemaning yuqorisidan, ba'zisi pastidan joy oldilar. Pastdagilar suvga hojatlari tushsa, yuqoridagilarning oldidan o‘tar edilar.

 Ular: “Yuqoridagilarga ozor bermasligimiz uchun o‘z ulushimizdan bir joyni teshib olsak, qandoq bo‘larkin”. Agar ularning qullaridan tutsalar, ular ham, boshqalar ham – hammalari najot topurlar”. 
Vatanimiz osmoni musaffo, tinchlik-osoyishta bu hayotimizni shukrini qilish shu aziz yurtda yashayotgan har bir fuqaroning ham qarzi ham farzi bo‘lishi darkor. Ha, o‘zini, oilasini, yaqinlarini, butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o‘ylagan har bir shaxs bu haqiqatni teran anglaydi. Bu ishda har kim qo‘lidan kelgan hissasini qo‘shmog‘i matlubdir. Bilib turib beparvo bo‘lishiga hech haqqimiz yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: ”Insonlarning Alloh taologa eng shukrlisi odamlarga shukr qilganlaridir”- deb marhamat qilganlar.
Shukr qilish fazilati nimada? Kishi ne'matni o‘z egasi bo‘lgan Yaratuvchisidan ekanini tan olishligi dunyodagi eng katta baxt va saodatdir. Zero, bu dunyoda ne'matning shukri evaziga ziyoda bo‘lsa, oxiratda Robbisini roziligi va jannatiga sazovor bo‘lib, azobidan omonda qolishidadir.
Shukr va maqtov orasida qanday farq bor? Ikki jihatdan farq qiladi;
Shukr tana a'zolari orqali ado etiladi, maqtov esa, til va qalb ila ado etiladi. Shuning uchun shukr sajdasi degan so‘zni eshitamiz maqtov sajdasi deb emas. Chunki, shukr a'zolar bilan ado etiladi.
Shukr ne'mat yetgan paytida aytiladi. Maqtov esa, hamma xolatda ham aytilaveradi. 

Shu bois Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odatlari agar biror xursandchilik yetsa, “Alhamdulillohillaziy bine'matihi tatimmus solihat”
deb duo qilsalar, biror balo yo ko‘ngilsizlik yetsa, “Alhamdulillahi ala kulli hal”  der edilar.
Yaxshiliklarning bardavom bo‘lishi shukronaligimizga bog‘liqdir. Ne'matlarni ziyoda bo‘lishini xohlagan kishini uning shukrini ado etishi kerakligi Qur'oni karimda quyidagicha izohlanadi. “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”. (Ibrohim surasi, 7 oyat)

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan ham shu ma'nodagi quyidagi o‘gitlar rivoyat qilingan: “Ne'mat shukrga bog‘langandir. Shukr esa ziyoda bo‘lish bilan aloqador. Har ikkisi teng biriktirilgan. Bandadan shukr to‘xtamaguncha Alloh tomonidan ziyoda qilish to‘xtamaydi”.

Shukr qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, balki o‘zidagi moddiy va ma'naviy ne'matlar haqida ko‘p mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda bo‘lishini tasavvur etish, o‘zidan qashshoqroq, qiynalganroq kishilarni yodga keltirish insonni o‘zidagi ne'matlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Bu ishi in'om etuvchiga ham manzur bo‘ladi. Natijada ne'matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Aksincha, noshukrlik, nonko‘rlik kabi holatlar in'om etuvchida nafrat va g‘azab paydo bo‘lishiga olib keladi. Natijada bergan ne'matlarini qaytarib olish yoki boshqa ofat yoxud musibatlarga duchor qilish yo‘li bilan jazolashi joiz bo‘lib qoladi.

 Ka’b ibn Molikning tavbasi qabul bo‘lganda shukronasiga sajda qilgan. Buni imom Buxoriy va imom Muslimlar rivoyat qilishgan. Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam uzoq sajda qildilar so‘ng boshlarini ko‘tarib “Huzurimga Jabroil kelib menga bashorat berdi, shukur qilib Allohga sajda qildim” dedilar. 

 “Sahihul Buxoriy”da kelgan yana bir rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Aliy roziyallohu anhuni Yamanga yuboradilar, u erdan turib Aliy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Yamanliklarni Islomni qabul qilganlari haqida maktub yuboradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maktubni o‘qigach Allohga shukur qilib sajdaga yiqiladilar.
Bu kabi ne’mat etganida yoki musibat ariganida shukur qilish joiz. 

Olloh taolo bunday deydir: «Ibrohimga Xonai Ka’ba yerini tayin qilib berganimizda «Menga hech narsani shirk keltirmag‘il va mening uyimni tavof qilg‘uvchilar, unda turguvchilar, ruqu’ va sajda aylag‘uvchilar uchun pokiza tutg‘il, odamlarni hajga da’vat etg‘il! Ular har tarafdan, uzoq-uzoq yo‘llardan piyoda va oriq tuyalarni minib, o‘zlariga tegadirgan manfaatlarning guvohi bo‘lmoq uchun hayvonlarni rizqu nasiba qilib bergani shukronasiga Ollohning ismini muayyan kunlarda zikr qilmoq uchun oldingga kelishg‘aydir. Ulardan o‘zlaringiz ham tanovul qilingiz, nochor faqirlarga ham yediringiz, keyin badanlarining kirini ketkizsinlar, nazrlariga vafo qilsinlar va qadimiy Ka’bani tavof aylasinlar!» deb erdik. Buldir hukm: Kimki Olloh muharram qilgan narsalarni hurmat qilg‘aydir, Olloh dargohida xayriyatga erishg‘usidir!»[2]

Hasan Basriy aytadi: “Alloh xohlaganicha ne'mat berishi mumkin. Agar ne'matga shukr qilinmasa, uni azobga aylantiradi. Shuning uchun shukrni “saqlovchi” deb nomlashgan. Chunki u bor ne'matlarni muhofaza qiladi. Yana uni “jalb” qilguvchi ham deyishgan. Chunki u yo‘q ne'matni jalb qiladi”.

O‘tgan solih insonlar hayotini o‘rgansak, shukronalik borasida yuksak namunalarga guvoh bo‘lamiz. Ularning shukr qilishdagi tushunchalari bizning tushunchamizda ancha yuqori turgan. Ular ne'mat yetganda emas, balki qiyinchilik yetganda shukr qilganlar, yaxshilik yetganda esa uni boshqalarga ilinganlar. Shaqiq Balxiy bir solih kishiga uchrab: “Ey birodar, menga kengchilik va tanglikdagi holatingizni sifatlang” deb murojaat qilibdi. U kishi: “Biz berilsak shukr qiladigan, to‘silsak sabr qiladigan qavmmiz”, deb javob qaytaribdi. Shaqiq esa “Bu Balx itlarining holiku”, deganda u kishi ajablanib: “Unda sizlarning kengchilik va tanglikdagi holatingiz qanday?” deb so‘rabdi. Shaqiq bunga: “Biz to‘silsak sabr qiladigan, berilsak boshqalarga ulashadigan qavmmiz”, deb javob qaytargan ekan.

Xulosa o‘rnida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Hikam ibn Umayr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadislarini  keltiramiz: Rasululloh solallohu alayhi vasallam: “Kim sizlarga bir yaxshilik qilsa, uni mukofatlasin. Biror narsa topa olmasa, uni haqqiga duo qilsin” – deganlar.
Yaratgan O‘zi berayotgan ne'matlarini ziyoda qilsin. Yurtimizni tinch, mustaqilligimizni abadiy aylasin!

 

Dilafruz Gulamova

 

“Jo`ybori Kalon” ayol-qizlar o`rta maxsus islom 

ta`lim muassasasi o`qituvchisi

 


 

[1]  Imom Buxoriy “Al-Jome’as-Sahih” asari.T.;1997 y. 1-jild.223-bet.5-bob.

[2] Imom Buxoriy “Al-Jome’as-Sahih” asari.T.;1997 y. 1-jild. 342-bet,123 bob.

Izoh qoldirish