
Abu Mansur Moturudiy ta’limotida –diniy bag’rikenglik g’oyalari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi PQ-102-sonli qaroriga binoan Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash bo’yicha mamlakatimizda bir qancha amaliy ishlar o’z ahamiyatini kasb etmoqda. Jumladan, 2025 yil 29-30 aprel kunlari samarqand shahrida “Moturidiylik – bagʻrikenglik, moʻ'tadillik va ma'rifat ta'limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazilyapti. Unda 20 dan ortiq mamlakatdan etmishdan oshiq ulamo va olimlar, xalqaro tashkilot rahbarlari, muftiylar, taniqli ulamolar va ilmiy tadqiqotchilar qatnashyapti.
Buyuk olim Abu Mansur Moturidiyning asarlarida diniy bag‘rikenglik, barcha dinni birdek hurmat qilish uqtirilgan. Uning Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan, islom olamida juda keng tanilgan “Ta’vilotu ahlus-sunna” asarining “Haj” surasi 40-oyati tafsirida: “Cherkov va sinagogalarni vayron qilish man etiladi. Shuning uchun ham musulmonlar yurtida shu davrgacha ular buzilmay saqlanib qolgan. Bu masalada ilm ahli orasida ixtilof yo‘qdir”, deyiladi. Bundan ko’rinib turibdiki, Moturudiy ta’limotida Din masalasida boshqa din vakillari o’rtasidagi o’zaro totuvlik, do’stona munosabatlar, hamjihatlikka ishora bordir.
Diniy bag’rikenglik – turli diniy e’tiqoddagi kishilarning olijanob g‘oya va niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashi, kishilik jamiyati ravnaqi yo‘lida xizmat qilishini anglatadigan tushuncha. Hozirgi vaqtda bu ezgu g‘oya nafaqat dindorlar, balki jamiyatning barcha a’zolari o‘rtasidagi hamkorlik va bahamjihatlikni nazarda tutadi. Diniy bag‘rikenglik tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ozod va obod Vatan qurishning muhim shartidir. Qadimdan diyorimizda buddaviylik, zardushtiylik, nasroniylik, yahudiylik, islom dinlari yonma-yon yashab kelgan, madaniyat markazlari hisoblangan shaharlarimizda masjid, cherkov, sinagogalar faoliyat ko‘rsatgan. Ularda turli millat, elat va dinga mansub bo‘lgan xalqlar, qavmlar o‘z diniy amallarini emin-erkin ado etgan. Vatanimiz tarixining eng murakkab, ziddiyatli, og‘ir davrlarida ham yurtimizdagi mavjud din vakillari o‘rtasida diniy asosda mojarolar bo‘lgan emas. Bu – yurtimiz xalqlarining Diniy bag‘rikenglik borasida katta tajribaga ega bo‘lganidan dalolat beradi. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 16 konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Ularga o‘z diniy marosimlarini o‘tkazish va mamlakat hayotida faol ishtirok etish uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu boradagi huquqiy asoslar O‘zbekiston Konstitutsiyasida, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda mustahkamlab qo‘yilgan. Ma’lumki, dunyodagi dinlar asl mohiyatiga ko‘ra ezgulik g‘oyasiga asoslanadi, kishilarni halollik, poklik, mehr-shafqat, birodarlik va bag‘rikenglikka da’vat etadi. Inson hayotining asl maqsadi inson va tabiatga nisbatan odilona, oqilona munosabatda bo‘lish, hamisha yaxshi, savobli ishlarni amalga oshirishdan iboratdir. Shunday ekan, haqiqiy diniy qarashlar ortida diniy bag‘rikenglik yotadi. UNESCO diniy bag‘rikenglik muammosiga alohida e’tibor berib, 1995 yilni BMTning bag‘rikenglik yili deb e’lon qildi. O‘sha yili 16 noyabrda 185 davlat ishtirokida Parijda Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi qabul qilindi.
Davlatimiz rahabarining PQ-102-sonli qarorida ilgari surilgan xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga mansub allomalarning hayoti va ilmiy merosiga oid noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etilishiga oid bo’lgan bandlar ham mamlakatimizda diniy bag’rikenglik tamoyili naqadar yuksak e’tirof etilishini ko’rish mumkin.
Bugungi kunda yurtimiz aholisining katta qismini islom diniga e’tiqod qiluvchi musulmonlar tashkil qilishiga qaramay, diniy konfessiyaga mansub tashkilotlar erkin, o’zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik ruhida faoliyat yuritayotgani va qonunga muvofiq, ularning har biri o‘z faoliyatida bir xil huquq va erkinliklarga ega ekanligini faxr bilan aytishimiz mumkin.
Shunday ekan, diniy bag‘rikenglik zamonaviylikning asosi va jamiyatlarning va jamiyatning har bir a’zosiga teng huquqlar asosida davlati rivojiga hissa qo‘shish imkonini beradi.
GULAMOVA DILAFRO`Z
jO`YBORI KALON O`RTA MAXSUS ISLOM TA`LIM MUASSASASI O`QITUVCHISI
Izoh qoldirish