22.04.2025

Asr surasining ma`nosi

 بسم الله الرحمن الرحيم   

 وَٱلْعَصْرِ 

1. Asr bilan qasam.

Ba’zi tafsirchilarimiz «asr»dan murod – yuz yillik muddat, zamon, asr namozi yoki asr namozi vaqti, ham deganlar.

Alloh taolo asr – zamon bilan qasam ichishi, u narsaning ajoyibotlar va g‘aroyibotlarga, ibrat va eslatmalarga to‘la ekanidandir. Alloh subhanahu va taolo asr ila qasam ichib, quyidagi oyatda keladigan ma’noni ta’kidlamoqda.

 إِنَّ ٱلْإِنسَٰنَ لَفِى خُسْرٍ

2. Albatta, inson xusrondadir.

Xusron – mag‘lubiyat, yutqiziq va nuqson ma’nolarini anglatadi. Ha, har bir inson xusrondadir..

. إِلَّا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ وَعَمِلُوا۟ ٱلصَّلِحَٰتِ وَتَوَاصَوْا۟ بِٱلْحَقِّ وَتَوَاصَوْا۟ بِٱلصَّبْرِ

3. Illo, iymon keltirganlar va solih amallar qilganlar, bir-birlarini haq yo‘lga chaqirganlar va bir-birlarini sabrga chaqirganlar (undoq emasdir).

Ma’lum bo‘ldiki, inson ikki dunyoda badbaxt bo‘lib qolmaslik uchun to‘rtta sifatga ega bo‘lishi kerak ekan:  

 – Allohga iymon keltirishi;

 – Solih amallar qilishi;

 – Haq ila bo‘lishi;

 – Sabrga chaqirishi.

Allohga iymon keltirish insonning eng avvalgi burchidir. Iymonning inson hayotiga ta’siri cheksizdir. U bu dunyo zulmat kishanlarini parchalaydi va qalblarga umid baxsh etadi. Qiyinchilik, og‘ir paytlarda inson o‘zining hamma narsaga qodir Yaratgani bor ekanini eslab, tortgan mashaqqatlarining savobini olishni o‘ylaydi, qarshisidagi barcha to‘siqlarni yengib o‘tishi osonlashadi. Shuning uchun ham haqiqiy mo‘minlar xotirlari jam, asablari joyida hayot kechiradilar. Alloh taologa bo‘lgan iymon kishi qalbida yaxshiliklarga yo‘l ochadi, yomonliklardan, gunohlardan qaytaradi. Iymonli kishi, Alloh taolo barcha holatimni, ishlarimni ko‘rib turibdi, qiyomat kuni bularning hisob-kitobini qiladi, deb ishonadi. Shuning uchun doimo yomonliklardan qochib solih amallarni – yaxshi ishlarni qiladi.

Ha, iymon doimo o‘z sohibini solih amalga chorlaydi. Shuning uchun ham Qur’onda iymondan so‘ng amali solih zikr qilinadi. Jumladan, biz o‘rganayotgan surada ham. Amali solih – Alloh taolo buyurgan barcha yaxshiliklardir.

Haq yo‘lga chaqirish ulkan insoniy fazilatdir. Islomda inson o‘zi haq yo‘lda bo‘lishi bilan kifoyalanib qolmasligi kerak, balki o‘zgalarni ham shu yo‘lga chaqirishi zarur. Haq yo‘lda yurish va unga kishilarni chaqirish oson emas. Haq yo‘lda yurmoqchi bo‘lgan shaxs o‘zining havoyi nafsiga, hokimlarning tug‘yoniga, odamlarning zulmiga va boshqa ko‘pgina narsalarga qarshi chiqib, chidam bilan ish olib borishi kerak. Shuning uchun ham oyatning davomida sabrga chaqiriq bor.  

Sabr bir necha xil bo‘ladi:  

Toat-ibodatni ado etish – sabr demakdir.

Havoyi nafs xohlab turgan gunohlarni qilmaslik – sabr.

Balo-ofatlar va musibatlarga taslim bo‘lmaslik – sabr.

Sabrning oliy darajasi fojia sodir bo‘lgan paytdagi ilk daqiqalardagi sabrdir.  

Sabr barcha fazilatlarning asosidir. Shuning uchun ham Alloh taolo Qur’onda mo‘minlarning asosiy sifatlaridan biri sabr ekanini qayta-qayta ta’kidlagan.

Umrni foydali ishlarga sarflashga chaqiradi. Asr surasining mazmuni juda chuqur bo‘lib, uning har bir oyati insonning hayotida ahamiyatli o‘rin tutadi.

Asr surasi Qur'onda qisqa va lo‘nda shaklda yozilgan bo‘lsa-da, uning ma'nosi juda keng va hayotiydir.

Suraning har bir oyatida insonlarning qanday yashashlari, qanday maqsadlarni ko‘zlashlari va qanday xulq-atvorni o‘zlashtirishlari kerakligi haqida hikmatlar berilgan. Alloh taolo insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, faqat yaxshilik va o‘ylab, maqsadga erishishga chaqiradi. Yaxshi amallar qilish, o‘zini va boshqalarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish, hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun zarurdir. Inson nafaqat o‘zining foydasiga, balki boshqalar uchun ham yaxshilik qilishi kerak.

Sabr va bir-birini qo‘llab-quvvatlashning ahamiyatini ta'kidlaydi. Hayotda inson ko‘p hollarda qiyinchiliklarga duch keladi, shunday paytlarda sabr qilish va chin dildan yordam berish juda muhimdir. Haqiqatni aytish, adolatli bo‘lish va o‘zining xatti-harakatlarida to‘g‘ri yo‘lni tanlash kerakligini anglatadi.

Asr surasi, Qur'onda eng qisqa suralardan bo‘lishiga qaramay, uning mazmuni juda boy va chuqur. Bu sura, insoniyatga vaqtni qadrlashni o‘rgatadi. Har bir inson uchun vaqt – bu juda qimmatli ne'matdir. Uni to‘g‘ri sarflash, hayotdagi har bir daqiqani foydali va maqsadga muvofiq ishlarga bag‘ishlash zarur.

Suraning mazmuni insonni yaxshilikka undaydi. Yaxshi amallar, sabr-toqat, haqiqatni aytish, o‘zini rivojlantirish va boshqalarga yordam berish, har bir insonning asosiy burchidir. Faqat shunday yo‘l bilan inson haqiqiy baxtga erishishi mumkin.

Asr surasi, bizni vaqtni qadrlashga, yaxshi amallar qilishga, sabr qilishga va haqiqatni aytishga chaqiradi. Ushbu sura, bizning hayotimizdagi eng muhim qadriyatlarni o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, har bir inson o‘z hayotini to‘g‘ri yo‘lda, yaxshi ishlar va maqsadlar bilan o‘zgartirishi kerakligini o‘rgatadi. Vaqtni behuda sarflamaslik, yaxshilik qilish, sabr va haqiqatni aytish — bu Asr surasining bizga beradigan eng katta saboqlaridir. Har bir musulmon uchun bu sura hayotdagi to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib beradi.

Taʼlim muassasasi 2- kurs talabasi Fayzilatxon Xoʻjaniyozova

Izoh qoldirish