21.04.2025

Dunyo dinlari taʼlimotida tabiat muhofazasi

        Tabiat — bu biz yashaydigan uy, insonning hayoti, sogʼligi va kelajagi tabiiy muhitga bevosita bogʼliq. Аmmo bugungi kunda ifloslanish, isrof, global isish, oral dengizi qurishi, chiqindilarning koʼpayishi kabi muammolar butun insoniyatni xavotirga solmoqda.

Bugungi kunda ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashdagi muhim jihatlardan yana biri global ekologik muammolar, atrof-muhitni ifloslanishi va ijtimoiy hayotga taʼsiri masalasini oʼrganib chiqqan holda ularni bartaraf etish yoʼllarini axtarish hisoblanadi. Chunki, soʼnggi ikki asr ichida Yer yuzining aksariyat mamlakatlarida sanoatlashuv jarayonini jadallashib ketishi atrof-muhitning ahvoli tobora dahshatli ravishda yomonlashishiga olib bordi. Buning oqibatida, ayni asrda insoniyat iqlim oʼzgarishi, sanoat mahsulotlari qoldiqlari va maishiy chiqindilardan chiqayotgan gazsimon moddalar taʼsirida atrof-muhit ifloslanishi, energiya resurslari va xom-ashyoga boʼlgan talabni keskin darajada oʼsishi natijasida Yer osti zaxiralari tanqisligi kabi muammolarga toʼqnash kelib turibdi.

          So‘nggi yillarda global ekologik muammolar insoniyat taqdiriga tahdid solmoqda. BMTning sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili taxminan 7 million kishi havo ifloslanishi tufayli hayotdan ko‘z yumadi. 2022-yilda esa dunyo bo‘yicha 10 million gektardan ortiq o‘rmon maydonlari kesilgan (FAO, 2022). 

O‘zbekiston kontekstida ham ekologik vaziyat tashvishli. 2024-yilgi rasmiy hisobotlarga ko‘ra, atmosfera havosining ifloslanish darajasi o‘rtacha 20 foizga oshgan (EKO, 2024). Bunday sharoitda ekologik madaniyatni rivojlantirish dolzarb vazifaga aylangan. Shu jihatdan qaraganda, islom falsafasi va tarixiy meros ekologik ongni shakllantirishda muhim manba bo‘la oladi.

          Shu oʼrinda taʼkidlab oʼtish lozimki, bunday ekologik muammolarning dolzarbligini faqat Xitoy va Hindiston misolida koʼrib chiqishimiz bu ikki davlat sanoati taraqqiy etib, dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatorida sanalishiga qaramay, aholisi yuqoridagi kabi ijtimoiy qiyinchiliklarga yuz tutib turganligi bilangina bogʼliq emas, balki sayyoramizdagi insoniyatning eng koʼp qismini oʼz bagʼriga sigʼdirgan mazkur mamlakatlarda buddaviylik, xristianlik va islom dinlari vakillari ham maʼlum ulushni tashkil qilganlari bilan aloqadordir.

          Bunday sharoitda faqat texnik yechimlar yetarli emas. Bizga axloqiy, maʼnaviy va diniy asoslangan yondashuv ham kerak. Shu nuqtai nazardan, dunyo dinlari tabiatni muhofaza qilish boʼyicha qanday taʼlimot berganini koʼrib chiqish juda muhimdir.

          Buddaviylik dinida tabiat muhofazasi juda muhim o‘ringa ega. Bu dinning asosiy tamoyillaridan biri – hayotga hurmat, ya’ni barcha tirik mavjudotlarni, jumladan o‘simliklar va hayvonlarni asrash, zarar yetkazmaslikdir. Quyidagilar orqali buddaviylikda tabiatga bo‘lgan munosabatni ko‘rish mumkin:

Ahimsa (ziyon yetkazmaslik) – Buddaviylikda bu asosiy axloqiy qoida hisoblanadi. Faqat insonlarga emas, balki barcha mavjudotlarga nisbatan ham shafqatli bo‘lish kerak. Bu tabiatni asrashga undaydi.

O‘zaro bog‘liqlik – Buddaviylikda barcha mavjudotlar va tabiat o‘zaro bog‘liq deb qaraladi. Inson tabiatga zarar yetkazsa, o‘ziga ham zarar qiladi. Shuning uchun tabiat bilan uyg‘unlikda yashash muhim hisoblanadi.

Me'yorni ushlashlik – Buddistlar ortiqcha isrofgarchilikdan qochadilar. Keraksiz iste'mol, ortiqcha resurs sarfi – bular tabiatga zarar keltiradi. Shu sabab buddistlar kamtarin va me’yorida yashashni afzal ko‘radilar.

Meditatsiya va tabiat – Ko‘p buddistlar tinchlik va uyg‘unlikni tabiat bag‘rida topadilar. Tog‘lar, o‘rmonlar va daryolar ularning ruhiy poklanish manbaidir. Bu esa tabiatga nisbatan chuqur hurmat va e’tiborni kuchaytiradi.

Shu asoslar orqali buddaviylikda tabiat faqat yashash muhiti emas, balki ruhiy o‘sish manbai, hurmat qilinadigan va asrash lozim bo‘lgan muqaddas ne’mat sifatida ko‘riladi.

          Xristianlik dinining katolik oqimida ham yahudiylikda boʼlgani singari atrof-muhit muammolariga nisbatan munosabat turli tamoyillar, ijtimoiy taʼlimotlar va Rim papasining murojaatlari orqali bildirilgan. Masalan, 1987 yil oʼsha davrdagi Rim papasi Ioann Pavel ikkinchi murojaatida atrof-muhit muhofazasi boʼyicha quyidagi uch jihatga eʼtibor qaratiladi: Birinchi, taraqqiyot bir narsani eʼtirof etishi lozimki, bu tartibli dunyoda har bir jonzot oʼzaro bogʼlangan zanjirni tashkil qiladi. Yer usti va osti hamda mehnat resurslaridan faqat iqtisodiy manfaat yoʼlida foydalanish notoʼgʼridir. Shu sababli hatto, hayvonot olami ham borliqdagi oʼz vazifasini bajargan holda – katolik katexizisi (diniy aqidalarning savol-javob tarzidagi qisqacha bayoni)da aytilganidek – hurmat va sharaf koʼrsatilishiga loyiq. Ikkinchi, tabiiy boyliklar zaxirasi chegaralangan ekanligini yodda tutib, insoniyat kelgusi avlod hayoti haqida qaygʼurishga masʼuldir. Uchinchi, Yer yuzidagi har bir inson boshqalar tomonidan hurmat koʼrishga, sihat-salomat holatida yuqori turmush darajasida hayot kechirishga haqlidir.

           Islom dinida atrof-muhitni muhofaza qilish boʼyicha maʼlum koʼrsatmalar berilganini Qurʼoni karim oyatlarini oʼrganish asnosida bilib olish mumkin. Аvvalo, shuni taʼkidlab oʼtish lozimki, islom inson, borliq va ularni Yaratgan bilan aloqadorligi toʼgʼrisidagi taʼlimotlarni mujassam etgan dindir. Shu bois islom dinida inson va tabiat oʼrtasidagi aloqani mavjud boʼlishi Yaratganning qudrati haqida mushohada yuritib, Unga ibodat qilishga chorlovchi, borliq goʼzalliklaridan bahra olib, uning komponentlarini asrab-avaylashni koʼzda tutuvchi maʼnaviy masʼuliyat hissini uygʼotadigan oʼziga xos rishta hisoblanadi. Islom taʼlimotiga binoan, inson bu borliqni ajralmas bir boʼlagi boʼlib, boshqa mavjudotlar orasida alohida mavqeʼga ega hisoblanadi. Tabiat esa inson manfaatlariga xizmat qiladigan oʼziga xos taʼminot manbai sifatida koʼriladi. Inson va tabiatga nisbatan bu tarzdagi munosabatdan kelib chiqib, borliqdagi biror mavjudotga yetadigan xavf-xatar odamzotning farovon va salomat holatda hayot kechirishiga moneʼlik qiladigan omil deb baholanadi. Shuning uchun islom dinining muqaddas kitobi Qurʼoni karim oyatlaridan birida yer yuzidagi yuruvchi va uchuvchi jonzotlar inson kabi xalq (ummat) ekanligi (“Аnʼom”:38), boshqasida esa oʼzi singari xalq – nabotot va hayvonot olamini halok qilish “buzgʼunchilik” (“Baqara”:205) deb taʼriflanadi. Muhammad sollallohu alayhi va sallam hadislarida har bir inson yer yuzida tinchlik va omonlik boʼlishi uchun masʼulligi hamda ushbu javobgarlik xususida Yaratganning oldida savolga tutilishi haqida taʼkidlanadi.

         Shu oʼrinda, islom dinidagi Yer yuzini obod qilish va atrof-muhitni muhofaza etish borasidagi koʼrsatmalar xalqimiz orasida qadriyat darajasiga koʼtarilganligini koʼrish mumkin. Yaʼni, jamiyat va insoniyatga tekkan manfaati, odamzot hayotida tutgan roli bilan muhim ahamiyat kasb etib, eʼzozlanadigan qadriyatlardan biri – hashardir. Shubhasiz, hashar xalqimizning yillar davomida saqlanib kelayotgan oʼziga xos odatlaridan biri boʼlib, u atrof-muhitni, mahallalarni obod qilish barobarida kishilar oʼrtasida oʼzaro hamjihatlik tuygʼularini ham mustahkamlaydi. Uning zamirida obodlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, xayr-sahovat, bunyodkorlik mujassam sanaladi.

           Yuqorida kelgan maʼlumotlardan shunday xulosa qilish mumkinki, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash borasida yahudiylik, xristianlik va islom dinlarida belgilagan yoʼl avvalo, inson manfaatlariga qaratilgan boʼlib, ushbu printsip odamzotni maʼnaviy, iqtisodiy va tibbiy jihatdan toʼgʼri hayot kechirishini koʼzda tutadi. Shuningdek, mazkur dinlar eʼtibor qaratgan asosiy qadriyatlar – insonning hayoti, aqli, dini, nasli va mol-mulkini muhofaza qilish hisoblanadi.

        Ushbu muammolarni yechimi masalasida aniq bir nechta takliflarni bildirib oʻtish joiz deb hisoblayman:

-birinchidan, bu borada ommaviy ma'naviy-marifiy tadbirlar o’tkazish,

-ikkinchidan, televideniyada bu masalaning har bir shaxs uchun o’ta dolzarbligini ko’rsatuvchi qisqa metrajli videolar taqdim qilish,

-uchinchidan, mikro-o‘rmonlar yaratish loyihasini ishlab chiqish zarur. Shahar hududlarida kichik maydonlarda (masalan, maktab, bog‘cha yoki mahalla) zich daraxt ekish orqali “mikro o‘rmonlar” barpo etiladi. Bu nafaqat havoni tozalaydi, balki ekologik ta’lim uchun ham xizmat qiladi.

-to’rtinchidan, ilk boshlang’ich ta’lim jarayonlarida yoshlarda ekologik ongni kuchaytirish va ularni tabiatga faqat iqtisodiy maqsad sifatida emas, balki uni kelajak insoniyat uchun Alloh tomonidan berilgan omonat ekanligini singdirish maqsadga muvofiqdir.

        Xulosa qilib aytganda, tabiat muhofazasi umuminsoniy burch sifatida ahamiyatga molikdir. Qanday din boʼlishidan qatʼiy nazar, barcha diniy taʼlimotlar insonni tabiatni asrashga chaqirgan. Chunki:

  1. Tabiat  yaratuvchi tomonidan berilgan omonatdir;
  2. Tabiatga nisbatan shafqat va ehtirom imon va axloqning koʼrsatkichidir;
  3. Tashqi muhitni muhofaza qilish  ichki ruhiy tozalik bilan bogʼliqdir.

Yoshlar va kelajak avlodning vazifasi shundan iboratki, biz, yoshlar, nafaqat tabiatga, balki uni asrash haqidagi qadimiy bilimlarga ham eʼtibor berishimiz kerak. Inson axloqi, ma’naviyati, ilmi orqali borliqni asraydi.

 

Rahmonova Fotima, 

“Joʼybori Kalon” ayol-qizlar oʼrta maxsus

 islom ta’lim muassasasi 3-kurs talabasi.

Izoh qoldirish