16.04.2025

Qur`on durlari ichra bir dur - Hijr surasi

 

Qur’on – bu qalblarga nur, hayotga yo‘l ko‘rsatuvchi Alloh taoloning Kalomidir. Har bir surasi hikmat, har bir oyati ibrat manbai.  Ana shunday suralardan biri — Hijr surasidir. Qur’oni Karimdagi suralar orasida yuksak ma’nolar-u teran hikmatlarni o‘zida jamlagan suralardan biri bu — Hijr surasidir. U Qur’onning 15-surasi bo‘lib, Makkiy suralar jumlasiga kiradi. Surada 99 oyat mavjud bo‘lib, bu oyatlar Alloh taoloning hikmatli kalomlarini, insoniyatga berilgan ilohiy pand-u nasihatlarni, sobiq ummatlarning saboq bo‘lishi kerak bo‘lgan tarixlarini bayon etadi.
“Hijr” — bu so‘z Hijr vodiysiga ishora qiladi. Bu vodiyning xalqi o'z zamonida madaniyat jihatidan ilg‘or bo‘lgan, ammo kufrga botgan  Samud qavmi yashagan joy edi. Ular Payg‘ambarlarning da’vatiga quloq solmay, oqibatda azobga duchor bo‘lgan edilar. Suraning mazmuni ham ana shu voqelikdan ilhomlangan bo‘lib, unda Samud, Lut va boshqa halok bo‘lgan qavmlarning ibratli qissalari zikr etiladi.

Hijr surasida bir necha muhim mavzular yoritilgan:

1. Qur’onning Rabboniy himoyasi:
Alloh taolo Qur’on haqida shunday deydi:
“Albatta, zikrni (ya’ni Qur’onni) Biz nozil qildik va albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz” (Hijr, 9-oyat).
Bu oyat har bir mo‘min qalbida Qur’onga bo‘lgan muhabbatni yanada mustahkamlaydi.

2. Kofirlarning inkori va ularning jazosi:
Surada Allohga ishonmagan qavmlarning qanday qilib halokatga uchragani, bu holat har bir inson uchun ogohlik belgisi bo‘lishi kerakligi ta’kidlanadi.

3. Shaytonning kibri va Odam alayhissalomga sajda qilmasligi:
Iblisning takabburligi, insonning sharafli yaratilgani va Allohning Odam alayhissalomga bergan yuksak maqomi haqida chuqur tafakkurga undovchi oyatlar mavjud.

4. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tasalli topishlari:
Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tushayotgan og‘irliklar va dushmanlarning masxara qilishlariga qarshi sabr-toqat qilishga buyurilgan oyatlar ham bor. Bu oyatlar har bir tilovat  qiluvchiga dalda va ruhiy tayanch bo‘ladi.

Hijr surasi, Qur’onning boshqa suralari kabi, insoniyatni haqqa chaqiruvchi nurli yo‘lboshchidir. U bizga shuni anglatadiki: Qur’on – abadiy himoya ostida, mo‘min esa har doim sabr, tafakkur va to‘g‘ri yo‘lni tanlashi lozim. Har bir oyati qalbimizga haqiqat nurlarini solib, bizni najot sari yetaklaydi.

Qalbga o‘rnatilgan Qur’on, tilga bitilgan duolar va hayotga tadbiq qilingan haqiqatlar bilan yashash — eng yuksak saodatdir.


Ta`lim muassasasi 2-kurs talabasi Abdurahmonova Odina 
Mas'ul o`qituvchi: O'rinova Lutfiya

Izoh qoldirish