
Qur’on o‘qishni oʻrganayotganlar uchun 9 ta tavsiya
Har bir musulmon uchun Qur’on – nur, hidoyat va ruhiy sokinlik manbaidir. Bu ilohiy Kitobni o‘qish va tushunish har bir mo‘min uchun sharaf bo‘lib, hayotini mazmunli va barakali qiladi. Ko‘pchilik Qur’on o‘qishni bolaligida o‘rgangan bo‘lsa-da, ayrimlar uchun bu yo‘l endi boshlanmoqda. Yoshi, tajribasi yoki sharoiti qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Qur’onni o‘rganish hech qachon kech emas. Bu nafaqat Allohga yaqinlashish, balki ichki tinchlik va qalb xotirjamligiga erishishning eng go‘zal usulidir.
Ushbu tavsiyalar Qur’on o‘qishni o‘rganayotganlar uchun yo‘l-yo‘riq bo‘lib, bu muborak ilmni o‘zlashtirishni oson va samarali qilishga yordam beradi degan umiddamiz.
1-tavsiya: Agar siz ohangga solib, tarannum qilib oqishga odatlangan bo‘lsangiz avvalo manashu ohangdan voz keching. Chunki siz ohangga solaman deb choʻzilishi kerak boʻlgan joylarni cho‘zmasdan va cho‘zilishi mumkin bo‘lmagan joylarni cho‘zib qoʻyishingiz mumkin. Agar siz ovozlari chiroyli, qiroatlari go‘zal qorilarni eshitishga odatlangan bo‘lsangiz, vaqtinch ularni eshitishni to‘xtating. Buning uchun umuman ohangga solmasdan, tarannum qilmasdan oʻqigan ustoz qorilarning dars shaklidagi qiroatlaridan foydalansangiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.
2-tavsiya: O‘qishga qiynalayotgan soʻzlaringiz bilan yaqinroq tanishing. Bu so‘zni avvalo yozilishini o‘rganing, daftaringizga ko‘chirib yozing. Harakatlari, bu soʻzda qanday qoidalar mavjudligi haqida fikr qiling va bu soʻz o‘zbek tilida qanday ma’no anglatishi haqida ma’lumot izlang. Shunda keyingi safar bu soʻzga duch kelsangiz uni qiynalmasdan osonlik bilan oʻqiy olasiz.
3-tavsiya: O‘zbek tilida mavjud bo‘lmagan arab tilinin harflari bilan yaxshilab tanishib chiqing. Ularning mahrajlari, talaffuzlari, xususiyatlari va sifatlarini bittadan erinmasdan o‘zlashtiring. Talaffuz qilishda qiynalayotgan harfingizni to qiynalmasdan chiqarish darajasiga yetguningizgacha qayta va qayta mashq qiling. Ishoning sizning og‘iz mushaklaringiz Qur’ondagi barcha harfni talaffuz qila oladigan qilib yaratilgan.
4-tavsiya: O‘zingizda topgan xatolaringiz bilan birin-ketin ishlang. Hamma xatoni bir vaqtda tuzatishga harakat qilmang. Eng dolzarb, ma’noni koʻp buzadigan xatolar bilan avvalida ishlang. Bir xatoni tuzatib, uni oʻzlashtirib boʻlganingizdan keyin ikkinchi xatoni tuzatishga kirishing. Buning uchun ustozdan: “Eng katta xato qaysi, qaysi xatoyimni birinchi boʻlib tuzatishim kerak”- deya so‘rashingiz mumkin.
5-tavsiya: Ustozga savol berishdan uyalmang. Hatto oddiy kabi tuyilgan savollaringizni ham oʻzingiz uchun muhim deb biling. Zero, Qurʼoni Karimda muhim bo‘lmagan qoida yo‘q. Shu bilan birga Qur’on o‘qib berayotgan vaqtingizda, vazifani topshirayotgan paytingizda “Xato qilib qoʻysam men haqimda nima deb o‘ylashadi?”-degan uyalish his tuyg‘ularidan o‘zingizni xalos qiling.
6-tavsiya: Qur’on o‘qishni oʻrganish uchun oʻzingizga eng yaxshi o‘quv qurollarini tanlang. Daftar, ruchka, qalamlarning eng sifatlisini va ishlatgan paytingizda kayfiyatingizni koʻtaradiganini, oʻzingizga eng ko‘p yoqqanini oling. Mus’haf kitobini ham koʻzingizga qiyinlik qilmaydiganini, harflari yaqqol, kattaroq oʻlchamda yozilganlarini tanlang. Shuning bilan birga agar koʻzoynak taqsangiz, o‘qish uchun ko‘zoynakdan foydalanayotgan bo‘lsangiz, koʻzoynagingiz sizga mos ekanligiga, u bilan koʻrishda qiynalmayotganingizga ishonch hosil qiling.
7-tavsiya: Nafas olish mashqlari. Nafasingiz uzun oyatlarni oʻqishda yetmayotgan bo‘lsa, nafas olish mashqlarini bajarishingiz mumkin. Buning uchun shar ishirishingiz, nafasni bir necha soniya uzun qilib olib va bir necha soniya tutib turib va bir necha soniya ichida chiqarish mashqini bajarsangiz bo‘ladi.
Avvalo tog‘ri nafas olayotganingizga ahamiyat bering. Qorin bo‘shlig‘iga tortilgan havo nafasni uzunroq chiqarishga yordam beradi. O‘pkaga tortilgan havo uzun nafas uchun mos kelmaydi. Buning uchun qorin bilan nafas olish mashqlarini o‘rganishingiz va bajarib yurishingiz mumkin.
8-tavsiya: Agar siz Qur’on o‘qishda qiynalayotgan bo‘lsangiz duo va istig‘forni koʻpaytiring. Duo ijobat boʻladigan mahallar va makonlarda qalbingizni tubidan duo qilib, Alloh taolodan sizga oson va muyassar qilishligini soʻrang. Oldingi qilgan gunohlaringizni eslab, har biri uchun alohidadan tavba qilib chiqing va imkoningiz doirasida har kunlik sadaqa bering.
9-tavsiya: Niyat, va bu eng asosiysidir. Oʻzingizga savol bering, nima niyatda Qurʼon oʻqishni oʻrganmoqchisiz? Xotirjam va sokin holingizda bu savolning javobini oʻylang va daftaringizga yozib, qaydlab qoʻying.
Qur’on o‘qishni o‘rganish – bu nafaqat ilm olish, balki ruhiy yuksalish va Allohga yaqinlashish yo‘lidir. Har bir kichik qadam, har bir o‘rganilgan harf sizga savob va ma’naviy kuch bag‘ishlaydi. Asosiysi, sabr va davomiylik bilan harakat qilish, o‘zingizga nisbatan mehribon bo‘lish va har bir mashg‘ulotni ixlos bilan bajarishdir. Alloh taolo Qur’onni o‘qish va o‘rganishni oson qilgan, shuning uchun har bir inson uchun bu eshik doimo ochiq. Harakat qiling, duo qiling va Qur’on nuri qalbingizni yoritsin!
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar islom ta'lim muassasasi o‘qituvchisi
Xakimova Zarnigor Abdukarimovna
Izoh qoldirish