
Qabr azobi haqmi?
Ba’zi toifalar qabr azobini inkor qilishsada, qabr azobi Alloh taoloning kalomi va rosulullohning sollalohu alayhi vasallam hadislari orqali sobitligini bilamiz. Quyida shu mavzuni qisqacha bayoniga kirishsak.
Bismillahir rohmanir rohim.
Qabr azobi haqidagi oyatlar.
1) “Alloh iymon keltirganlarni bu dunyo hayotida ham, oxiratda ham sobit so’z ila sobitqadam qilur”. (Ibrohim surasi 27-oyat).
Imom Buxoriy rohmatullohi alayh o’zlarini sahih kitoblarida ما جاء في عذاب القبر nomli bobida 1369- hadisda bu oyatni qabr azobi haqida deganlar.
2) “Fir’avn ahlini yomon azob o’rab oldi. U olovdir. Unga ertayu kech ko’ndalang qilinur. Soat (qiyomat) qoim bo’lganida esa: “Fir’avn ahlini eng ashaddiy azobga kiritinglar”, deyilur”. (G’ofir surasi 45-46 oyatlar). Abdulloh ibn Mas’ud va Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumolar: “Fir’avn ahlini yomon azob o’rab oldi. U olovdir. Unga ertayu kech ko’ndalang qilinur” oyatini dalil qilib Fir’avn ahli har kuni ikki marotaba olovga robaro qilinadi deydilar. Oyatni ikkinchi qismi: Soat (qiyomat) qoim bo’lganida esa: “Fir’avn ahlini eng ashaddiy azobga kiritinglar”, deyilur” bilan esa oyatni avvalida kelgan azob qabrdagi azob ekanligi ma’lum bo’ladi. Abulbarokat Abdulloh an Nasafiy o’zlarini “Tafsir an Nasafiy” nomli tafsirlarida bu oyatni qabr azobiga dalil bo’ladi, deganlar.
3) “ Atrofingizdagi a’robiylardan munofiqlar bor. Madina ahlidan ham. Ular nifoqda siyqasi chiqqanlardir. Siz ularni bilmassiz, ularni biz bilamiz. Albatta ularni ikki marotaba azoblarmiz. So’ngra ulkan azobga qaytarilurlar”. (Tavba surasi 101-oyat). Alloh taolo oyatda: “Albatta ularni ikki marotaba azoblarmiz”, dedi. Bu ikkita azob dunyoda bo’ladi.
Birinchisi: Ularni munofiqligi dunyoda bilinib qolishi bilan bo’ladi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollalohu alayhi vasallamjuma kuni xutbaga chiqdilar, so’ng aytdilar: “Ey falonchi chiq albatta sen munofiqsan. Chiq ey falonchi albatta sen munofiqsan”, deb, ularni ismlari bilan fosh qilib masjiddan chiqarib yubordilar”. Shuncha vaqtda beri ichlarida yashirib kelayotgan nifoqlarini katta jamoatni ichida oshkor bo’lishi, hijolat teriga botishlari, albatta ular uchun kutilmagan va og’ir zarba bo’lishi aniq.
Ikkinchisi: Qabrdagi azob. Bu gap Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
“So’ngra ulkan azobga qaytarilurlar” oyatidagi “ulkan azobdan” murod jahannam azobidir.
“Jo'ybori Kalon” ayol-qizlar o'rta maxsus islom
ta'lim muassasasi o'qituvchisi Ashurali Xolmatov
Izoh qoldirish