-large.jpg)
Korrupsiya kelajakka tahdid
Bo'lmaganda edi qaro tun benur,
Chiroq etolmasdi oʻz nurun zuhur.
Xusrav Dehlaviy
Bashariyat yaratilgandan buyon vaqt chashmasi oqishda davom etmoqda, necha-necha asrlar osha, insonlarning ne-ne qilmishlariga shohid bo'ldi bu osmon-u falak, oy-u yulduzlar.
“ Zamon birdir insonlar o'zga,
Falak birdir malaklar o'zga,
Hayot birdir manzillar oʻzga,
Ilhom berdi Robbim quliga, sahifaga to'kdi kamina”.
Ajabo, necha asrlardan buyon hayot mezonlari hech o'zgarmaydi, yaxshilik va yomonlik, haqiqat va yolg'on, halol va harom doimo bir-biri bilan shiddat-la kurash olib borishda davom etadi. Biri sal o'zib ketsa, ikkinchisi unga darrov yetib oladi. Biz bu ikki mezonlar orasidagi muvozanatni kecha va kunduz misolida tasavvur qilishimiz mumkin. Har ikkisini bir-biridan ayro tasavvur qilish amri maholdir. Keling, siz bilan bugungi holatimizga bir nazar solsak, osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, vatanimiz kun sayin taraqqiy etib bormoqda, har qanday yoʻnalishda bo'lsin, ilm olishimiz uchun yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev Miromonovich keng imkoniyatlarga yo'l ochib bermoqdalar. Asal bor yerda pashshalar ham topilganidek, yurtimizdagi shuncha imkoniyatlar borligiga qaramasdan, oʻzining qing'ir qilmishlari bilan ayrim kimsalar musaffo suvni loyqalantirib uning sofligiga putur yetkazishadi.
Taassufki, qay jabhaga yuzlanmaylik g'irromlik, ayyorlik, poraxoʻrlik kabi oxiri tubanlikka eltuvchi illatlarga duch kelishimiz barchamizga kundek ayon. Ba'zan o'zini omonlik yo'q bo'lgan jarlikka tushib ketganday tasavvur qilasan inson.... Ne ne adolatsizliklarning yolg'onlarning guvohi bo'lamiz-u, ammo nega har doim sukut bilan kifoyalanamiz bilasizmi?! Chunki bizning soʻzlarimiz hech narsani o'zgartirmaydi, xuddi dengizdan bir tomchi kabi. Ilmimiz bor-u amallarga muhtoj… Holatimizni quyidagi misralar aytib turgandek go'yo: “Ilmlar bor kitoblarda, zohir bo'lmas amallarda”.
Birdan-bir yechim amalning o'zi bilan boʻlib qolmaydi, albatta. Biz yana islohga muhtojmiz. Bu isloh boshqalarni o'zgartirish emas, albatta. Bu o'z vijdonimiz islohidir. Agar vijdonimiz isloh qilinsa, hech qanday “korrupsiya”, “poraxo'rlik” kabi atamalarga murojaat qilmaymiz.
Hozirgi kunda har bir jamiyatning dolzarb masalasiga aylangan bu “korrupsiya” illati nafaqat davlat boshqaruvining sohalariga salbiy ta'sir koʻrsatib, ijtimoiy tenglik, iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyotga to'sqinlik qiladi, balki u insonlar orasiga nifoq urug'ini sochib, jamiyatda adolat va ishonch muhitini yo'q qiladi. Korrupsiya insonlar o'rtasidagi tenglik tamoyillarni buzadi. Yuqori tabaqa vakillari katta imtiyozlarga ega bo’ladi-yu, aholining faqir-u kambag‘al qatlama esa bu imkoniyatlarni yetti uxlab tushida ham ko'rmaydi. Sizningcha, bu holat jamiyatda norozilik va nizolarga sabab bo'lmaydimi?! Bora-bora bu siyosiy beqarorlik va boshqaruvning samaradorligi pasayishiga olib kelmaydimi?!
Qadimgi xitoyliklar tinch va xotirjam yashash maqsadida, Buyuk Xitoy devorini qurishgan. “Buni mustahkamligi va balandligi sabab, u yerga hech kim bostirib kira olmaydi”,-degan e'tiqodda bo'lishgan. Lekin devor qurib bitkazilganning birinchi yilidayoq, uch bosqinga duchor bo'lishgan. Har gal dushman bostirib kelganida, devorni buzishga yoki osilib chiqib, ustidan sakrab o'tishga urinmagan. Bu haqida mutlaqo o'ylab ham ko'rmagan, balki ular eshik og'alari bo'lmish qorovullarga pora berib, darvozadan xuddi kishi uyiga bemalol kirgani kabi, kirib borishgan. Qadimgi xitoyliklar devor qurishga mashg'ul bo'lishgan-u, devorini qo'riqlovchi soqchilarni bino qilishni unutishgan.
Bugungi olamimizdagi eng katta ehtiyojlarimizdan biri- binolar bunyod etishdan oldin insonni tarbiyalash va uni bunyod qilishga e'tibor qaratishdadir.
Jo'ybori Kalon ayol-qizlar islom ta'lim muassasasining
1-kurs talabasi Mavloniy Hadiyja Mehriddin qizi.
Izoh qoldirish