29.01.2025

ISRO va Me'roj

ISRO va Me'roj

Bismillahir rohmanir rohiym.
Alloh taologa U Zotning ulug'ligiga munosib hamd-u sanolar boʻlsin. Paygʻambarlarning afzali Muhammad Mustafoga mukammal  va tugal salavot-u salomlar boʻlsin.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning Masjid ul Haromdan Masjid ul Aqsoga kechaning bir qismida Alloh tomonidan sayr qildirilishlari "ISRO" deb nomlanadi.Oʻsha kechaning oʻzida Alloh taoloning huzuriga koʻtarilishlari esa "ME'ROJ" deb nomlanadi. Buu hodisaning hijratdan oldin boʻlib oʻtganiga barcha ulamolar ittifoq qilganlar. Bu hodisa nubuvvatning 13-yili sodir boʻlganligi toʻgʻrisidagi ma'lumot eng rojihi (kuchlisi, haqiqatga voqelikka yaqini) dir.
🔸Isro hodisasi Qur'on bilan sobit boʻlgan. Uni inkor etgan shaxs kofir boʻladi.
🔸Me'roj voqeasi esa mutavotir darajaga yetgan sahih hadislar ila sobit boʻlgan. Uni inkor etgan shaxs bid'atchi boʻladi.
Isro va Me'roj hodisasi qamariy qaysi oyda boʻlib oʻtgani haqida ham turli ma'lumotlar bor. Ularning eng kuchlirogʻi Robiul avval oyidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Isro va Me'rojga uygʻoq hollarida, ruh va jasadlari bilan borib kelganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Isro va Me'roj kechasi Alloh taoloning oʻzi sayr qildirgan. Ya'ni Alloh taolo u zotni Jabroil farishta va Buroq ismli ulov hamrohligida sayr qildirgan. Shuning uchun ham oyati karimada "(Alloh) o'z bandasini sayr qildirdi" deyilgan.
🔸Me'rojning lugʻaviy ma'nosi (narvon, zinapoyadir). Me'roj – yuqoriga chiqish asbobi bo'lib, xuddi narvon kabi narsa. Lekin uni qanday narsa ekanligini bilib bo'lmaydi. Uning hukmi ham boshqa gʻaybiy narsalar hukmiga oʻxshashdir. Unga iymon keltiramiz, lekin kayfiyati bilan mashgʻul boʻlmaymiz.
Isro va Me'roj Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida bir marta sodir boʻlgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqa Paygʻambarlar Me'rojga chiqishmagan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Me'rojda Alloh taolo bilan gaplashganlari toʻgʻrisida sahih hadislar kelgan.
🔸Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Me'roj kechasi besh mahal namozni farz qilishdan tashqari, yana "Baqara" surasining ba'zi oyatlarini bevosita ato etgan. Ushbu oyatlar "Baqara" surasining (285-286-oyatlar) hisoblanadi.

Tayyorladi:  
Ta'lim muassasa talabasi A.Oblaqulova
 

Izoh qoldirish