15.01.2025

Ummu Habiba roziyallohu anho - hozirgi zamon ayollari uchun go’zal namuna

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bizlarni ikki olam sarvari Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallamga ummat qilgan Alloh taologa hamdu sanolarimiz bo'lsin! 

O'zlarining go'zal xulqlari ila butun insoniyatga o'rnak bo'lgan Payg'ambarimizga salovatu salomlarimiz bo'lsin!

Alloh taolo o'zining kalomi bo'lmish Qur'oni karimda "Qalam" surasining  4 - oyatida Payg'ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallam borasida " Va albatta siz ulkan xulqdasiz" deya marhamat qilagan. Darhaqiqat Payg'ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallam go'zal xulqli zot bo'lganlar.  Biz bu borasida qancha ta'rif etmaylik ozdir. Va u zotning bu go'zal xulqlaridan o'rnak olib ahllari va ashoblari ham u zotga ergashgandirlar. Xususan ahli ayollari Payg'ambarimizdan chiroyli tarbiya va ta'lim olganlar. Mana shunday ayollardan biri Ummu Habiba onamizdir. U ayol o'zining go'zal sabrlari bilan ummat ayollariga o'rnak bo'ladilar.

Islom ilk taraqala boshlagan kezlarda Makka mushriklari tazyiqidan qochib  Xabashistonga safar qilgan ayollar orasida o'sha davrda Islomning eng katta dushmanlaridan bo'lgan  Abu Sufyoning qizi Ummu Habiba roziyallohu anho ham bor edilar.  Ummu Habiba Ramla r.a hijratdan 35 yil oldin Makkai mukarramada tug'ilganlar. Erining roziligini   istab ahlini tark etgan ayollarni eshitganmiz lekin dinini muhofaza qilish uchun na yaqinlarisiz va erisiz g'urbatda o'zi tanho qolgan ayollar borasida deyarli eshitmaganmiz to'g'rimi? 

Rosululloh sollollohu alayhi vasallamga turmushga chiqishlaridan oldin   Ubaydulloh ibn Jahsh Asadiy nikohida bo'lganlar. Erlari Xabashistondalik paytlarida nasroniylikni qabul qilgach, uni tark etib musofirlikda yolg'iz o'zlari qolganlar. Musofirlik qiyinchiliklari, bevalik alamlari yolg'izlik dardi ichra qolgan Ummu Habiba onamizga otasi Makkaning sayyidi, hammaga gapi o'tadigan kishi bo'lishiga qaramay qiziga yordam qilishdan bosh tortadi. Shunda u zot roziyallohu anho go'zal sabr qilgan holda Allohning yordamiga talpindilar. Shundan so'ng Payg'ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallam Xabashiston podshohi Najoshiyga Ummu Habiba onamizni o'z nikohlariga olishga yordam so'rab maktub yo'llaydilar. Ummu Habiba onamiz Madinaga kelgach Payg'ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallam unga hijratni oltinchi yoki yettinchi yili eri vafot etgandan keyin uylanadilar.  O'sha vaqtda Ummu Habiba onamiz 36 yoshda edilar. Rosululloh sollollohu alayhi vasallamning vafotlaridan  keyin Ummu Habiba onamiz xonayi saodatda qoldilar. Butun musulmonlar uni e'zozlashar edi. Bu hurmatning sababi Payg'ambarimizga bo'lgan sadoqat edi. Ummu Habiba onamiz dono, vazmin va jiddiy ayol edi. Rosulullohdan eshitgan ko'plab hadislarni rivoyat qilib islomiy bilimlarni yuksalishiga o'z hissalarini qo'shdilar. Ummu Habiba onamiz Ramla r.a hijratning 44 -yili  Madinada vafot etadilar va Baqi qabriatoniga dafn qilinadilar.

Darhaqiqat Ummu Habiba onamiz sabrda ummat ayollariga o'rnak bo'ladigan ayoldir. U kishining qiyinchiliklarda ham haq uzra sobit turishlari esa bugungi kundagi noto'g'ri oqimlarga aldanib qolayotganlar uchun ulkan saboqdir. Ayol jamiyatning yarmidir balki u jamiyatning qalbidir. Agar u buzilsa shubhasiz jamiyat ham fasodga yuz tutadi.  Shuning uchun ham Islom dushmanlari ayollarni ta'limdan yiroqlashtirishga urinadilar, maktablarga borishdan to'sadilar. Afrikada faolyat olib boruvchi "Boko Xaram" terroristik tashkiloti maktab, madrasalarni portlatadilar yoqib yuboradilar. Ular ayollarni buzuqlikka targ'ib qiladilar.  Shunday ekan ayollarning tarbiyali va ilmli bo'lishi bilan jamiyat isloh topadi. Muslima ayolga turli soha va maydonlarda o'rnak bo'ladigan fazilatlar ato etilgandir. Islom ayolga ilm o'rganish va uni tarqatish huquqini berdi.  Yana uni turli jabhalarda erkak kishidan kam qilmadi. Bugungi kunda yurtimizda ham ayollarni ilm olishi uchun turli islohotlar olib borilmoqda . Jumladan, Oliy ta'lim muassasilariga  ayollar uchun alohida kvota ajratilayotgani , " Ayollar daftari" ni ta'sis etilgani  va ishsiz ayollarni ish bilan ta'minlash ishlari olib borilyapti.

Shunday ekan zamonamizning har bir ayoli unga dini va davlati taqdim etgan huquqlardan foydalanib ilm olib uni o'z jamiyatining rivojiga hissa qo'shishi uchun sarflashi uning zimmasidagi burchidir.

 

Muassasa talabasi Ahmadjonova Azizaxon

Izoh qoldirish