05.12.2024

Hayo pardasi ko'tarilsa...

Hayo, nomus-u imona dalildur,
Hayosiz doimo xor-u zalildur.
Uyalma ma’rifat hosil qiluvdan, 
Maorifsiz kishilar murda dildur.

“Turkiy Guliston yoxud axloq”

Hayo deb ishda, so’zda odobni rioya qilmoqlikka aytiladi. Hayo dilni ravshan qiladian bir nurdirki, inson har vaqt shul ma’naviy nurning ziyosiga muhtojdir. Lekin, ming afsuslar bo’lsinki, bugungi kunga kelib, ushbu yorug’ nurning yog’dusi kundan kunga o’z ta’sirini yo’qotib, atrofni hayosizlik, iffatsizlik, nomussizlik kabi zulmatlar o’rab bormoqda. Alaloqibat, barchamiz har bir harakatimizda, so’zimizda hayo deb atalmish buyuk bir ne’matni qo’ldan boy berib bormoqdamiz. 
Ulamolarimiz iffatning pardasi, vijdonning niqobi hayodur, deyishadi. Xo’sh, hech o’zimizga savol berib ko’rganmizmi? Hayo deb atalmish ushbu parda ko’tarilsa, boshimizga qanday balolar yog’iladi”
Dastavval, jamiyat johiliyat davri kabi boʻlib qoladi. Inson hech qanday  ikkilanishlarsiz nafsiga ergashgan holda ko’ngli tusagan ishni qila boshlaydi va bora-bora bu odatiy holga aylanadi. Iffat, or-nomus kabi qadriyatlar  o’z ta’sirini yo’qotib, o’z sohibini nafs asiriga aylantirib qo’yadi.
Shu sababdan ham Habibimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam hadislaridan birida 


“Agarda hayo qilmasang, bilganingni qil!”,
deya aytadilar. 
Yunon faylasufi Suqrot ham 
“Xotinlarning eng go’zali hayo va iffat pardasiga o’ralganlaridir”,
deydi. 
 

Darhaqiqat, ushbu xislat ayol kishi uchun o’ziga xos bir go’zallikdir. Agar u ayol kishini tark etsa, garchi u ming xurliqo bo’lsada, ayolni ko’rimsiz va fayzsiz bir holatga aylantirib qo’yadi. Mening nazdimda, hayoli ayol garchi go’zal bo’lmasada, hayosi sabab atrofidagi insonlarning nazarini o’ziga jalb etadi, ularning xayollarini maftun etib, o’ziga asir qilib oladi. Barcha u bilan o’tirishlikka, uning suhbatidan bahramand bo’lishlikka intiladi. Shu o’rinda alloma, shayx Ayman Yog'iy tomonlaridan e’tirof etilgan bir haqiqatni keltirib o’tishlikni lozim deb topdim: 
Ayollarning hammasi bir-biriga o'xshaydi. Ularni faqat hayo ajratib turadi.
Qanchalik achchiq bo’lmasin, shu o’rinda og’riqli bir yaramizni yodga olmasak bo’lmas. Hozirgi kunda yosh, hali aqlini tanib olishga ham ulgurmagan maktab yoshidagi qizlarning bir-birovi bilan yigit talashishligi, bir vaqtning o’zida bir necha nomahramlar bilan noshariy aloqalar qurib, ta’bir joiz bo’lsa, o’z obro’yiga putur yetkazib, ota-onasining yuzini yerga qaratishligi va Alloh saqlasin buning  natijasida turli xildagi ko’ngilni xira qiluvchi oqibatlarga olib borayotganligi hech birimizga sir emas. “Va zinoga yaqinlashmanglar. Albatta, u fohisha ish va yomon yo‘ldir”. (“Isro” surasi, 32-oyat)
Ey aziz opa-singillarim! Unutmaylik, qadarimiz yozilib, qalamlar qurib bo’lgan. Bo’lajak turmush o’rtog’imiz, jufti halolimiz uchun o’zimizning iffatimizni, or-nomusimizni himoya qilaylik. Hech bir nomahram ularga bo’lgan vafoyimizni buzishligimizga loyiq bo’la olmaydi. Sadoqatli bo’laylik va asl sadoqat- hali tanimagan insonimiz uchun qadamimizni o'ylab bosishligimizda ekanligini yoddan ko’tarmaylik! Quyidagi Allohning va’dasini har vaqt esda saqlaylik: “Nopok xotinlar nopok erlar uchundir. Nopok erkaklar nopok xotinlar uchundir. Pokiza ayollar pokiza erkaklar uchundir. Pokiza erkaklar pokiza ayollar uchundir.” (“Nur” surasi 26-oyat).“Ey odamlar! Albatta, Allohning va’dasi haqdir.”(“Fotir”surasi 5-oyat)

 

“Jo'ybori Kalon” ayol-qizlar o'rta maxsus islom ta'lim 

muassasasi talabasi Ashurova Iroda 
 

Izoh qoldirish