Ushbu masala borasidagi ba’zi gumonlar va ularga javoblar.
3-qism
Birinchi gumon: Biz e’tiroz bildirayotgan toifa mushriklar rububiyyat tavhidiga iymon keltirganliklariga dalil sifatida
وَلَئِن سَأَلْتَهُم مَّنْ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ لَيَقُولُنَّ اللَّهُ
“Agar ulardan “Osmonlaru yerni kim yaratgan?” deb so’rasangiz, Albatta, - “Alloh” derlar”[1] oyatini keltiradilar. Bu oyat ularning nazdida mushriklar rububiyyat tavhidiga iymon keltirgan ammo ibodatdan bosh tortgani ya’ni uluhiyyat tavhidini inkor qilganligini bayon qilmoqda.
- Bu oyat mushriklar payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ularga ochiq va ravshan hujjatlar hamda dalillarni keltirgach e’tiroz bildirgani so’z topolmay, qalblarida bo’lmagan gapni tillari bilan aytganligi haqida xabar bermoqda.
- Alloh ularning qiyomat kunidagi hollaridan xabar berib, aytadi:
تَٱللَّهِ إِن كُنَّا لَفِی ضَلَـٰلࣲ مُّبِینٍ - إِذۡ نُسَوِّیكُم بِرَبِّ ٱلۡعَـٰلَمِینَ
“Allohga qasamki, albatta, biz ochiq-oydin adashuvda ekanmiz. Chunki sizlarni Robbul Olamiynga tenglashtirardik.”[2]
Ya’ni, “Sizlarni robblar qilib olgandik.” derlar.
- Alloh taolo yana shunday deydi:
وَلَا تَسُبُّوا۟ ٱلَّذِینَ یَدۡعُونَ مِن دُونِ ٱللَّهِ فَیَسُبُّوا۟ ٱللَّهَ عَدۡوَۢا بِغَیۡرِ عِلۡمࣲۗ
“Ularning Allohdan o‘zga ibodat qiladiganlarini so‘kmangiz. Bas, bilmasdan, zulm ila Allohni so‘kib yurmasinlar.”[3]
Ushbu oyatda Alloh taolo agar ularning ilohlarini biz haqorat qiladigan bo’lsak, ular ham hech shubhasiz Allohni haqorat qilishlarining xabarini ochiq bayonlamoqda. Shunday ekan, ularning rububiyyatga bo’lgan iymonlari qayerda qoladi?!
Shundan keyin ham, bu mushriklar haqida “Rububiyyatga iymon keltirgan, payg’ambarlar ham faqat uluhiyyatni isboti uchun yuborilganlar, mushriklar faqatgina uluhiyyat tavhidini tark qilganlari uchungina kofir bo’lganlar!” deyish to’g’rimikan?!
Shayx Yusuf Rofi’ Dijviy Molikiy rohimahulloh aytadilar: “Bu mushriklar Alloh ular haqida nozil qilgan oyatlarni keltirgan payg’ambarlarni inkor qilib, yolg’onchiga chiqarishgan, harom qilingan narsalarni o’zlariga halol sanab olishgan, qiyomat, qayta tirilish kabi haqiqatlarni inkor qilgan, hatto Allohning xotini, bolasi bor, farishtalar Allohning qizlari deb e‘tiqod qilishgan bo’lsada, bunday taqsimot qilib, ularni “Allohning robbligini tan olishgan” deyishda qanday ma’no bor? Shunga qaramay, yana “Payg’ambarlar ular bilan bu masalalarda tortishmagan, faqatgina Allohning yagona iloh ekani to’g’risida bahslashganlar.” deydilar. Buning natijasida, o’zlarining nazdida u mushriklar musulmonlar bilan barobar, hatto Muhammad ibn Abdulvahhobning fikricha, musulmonlar ulardan ko’ra kofirroq!”[4]
Ikkinchi gumon: Ular xos ma’nodagi ibodat tushunchasiga ham yangi umumiy ta’riflar kiritganlar va bu ta’rifga to’g’ri kelmagan kishini Alloh taolodan boshqasiga ibodat qilgani uchun mushrik dedilar.[5]
Bu ta’riflardan biri: Ibodat – Alloh yaxshi ko'radigan va rozi bo'ladigan har qanday zohiriy va yashirin so'z, amallardir. Yoki, Ibodat – bandani Alloh taologa yaqinlashtiradigan buyruq va qaytariq ko’rinishidagi har qanday ishdir.
Shu ikki ta’rifdan kelib chiqib: “Allohga yaqinlashtiradigan yoki Alloh taolo suygan har bir amal, agar u Alloh taolodan boshqasi uchun qilingan bo‘lsa ham, u shirkdir, chunki u amal bilan Alloh taolodan boshqasiga ibodat qilingan bo’ladi. Misol: Kim Allohdan boshqasiga namoz o‘qisa, Allohdan o‘zgaga duo qilsa yoki sajda qilsa, shirk qilgan bo'ladi, chunki bu amallar ibodatdir.
Bu shubhaga javob quyidagicha:
- Alloh taolo yaxshi ko‘radigan, rozi bo‘ladigan va Unga yaqinlashtiruvchi amallar juda ko‘p. Masalan, qorni och kimsani to‘ydirish, yo‘ldan zararni olib tashlash va hokazo. Lekin bu ishlar Alloh taolodan boshqasi uchun qilinsa, Allohga shirk yoki Undan boshqasiga ibodat sanalmaydi. Chunki, bu ishni Allohga qurbat hosil qilish uchun emas, shu ishni iltimos qilgan kishining iltimosini bajarish maqsadida qilgan bo’lishi mumkin. Yoki bir mushrikni sanamga sajda qilayotganini ko’rgan kishi, “Allohdan boshqasiga ibodat qilyapti” deydi. Lekin o’sha mushrik nochorning taom so’ragani uchun uning qornini to’yg’azsa, uni ko’rgan kishi “Allohdan boshqaga ibodat qildi” demaydi
Demak, bu ikki ish orasida ochiq – oydin farq bor.
- Shariatda, Alloh taolo yaxshi ko‘radigan va rozi bo‘lgan ba’zi amallar Alloh taolodan boshqasi uchun bajariladi, lekin ular shirk hisoblanmaydi. Chunki sajda Alloh uchun ado etilsa, U yaxshi ko‘radigan va rozi bo‘ladigan va insonni Unga yaqinlashtiradigan amaldir. Ammo, farishtalar Odam alayhissalomga sajda qildilar va bu bilan Allohga shirk keltirganlari yo’q. Yusuf alayhissalomning ukalari u zotga sajda qildilar ammo, mushrik bo’lmadilar!
Oldingi ikki ta'rifda ular ibodatga qo'ygan cheklovlari umumiy ibodat va qurbat ma’nosidadir. Alloh taolodan boshqasi uchun qilinsa shirk bo’ladigan xos ibodat ma’nosida emas. Chunki, umumiy ma’nodagi ibodat unda Allohga yaqin bo’lish niyat qilinmasa, to’g’ri bo’lmaydi. Masalan, savdo – sotiq, uylanish kabi ishlarni Allohning roziligi uchun qilsagina savob oladi.
Xos ma’nodagi ibodat esa, u bilan savob hosil bo’ladigan, undan ibodat qilish maqsad qilingan va mana shu maqsad bilangina to’g’ri bo’ladigan itoat va bo’yinsunishdir. Agar birov ibodatni shu ma’noda Allohdan boshqasi uchun amalga oshirsa, shubhasiz shirk keltirgan bo’ladi.
Demak, muxoliflarimiz, umumiy ma’nodagi ibodat, ya’ni yaqinlik va itoat orasini, xos ma’nodagi ibodat, ya’ni ibodat niyatida bo‘lgan bo’ysunish orasini ajratmaganlar.Qolaversa, biror amalni, masalan, tavofni ibodat niyati bilan qilish bilan uni niyatsiz qilish orasini ham ajratmaydilar va ulardan birini Alloh taolodan boshqasi uchun qilishni shirk deb biladilar. Ammo, ibodatni belgilashda muhim chegarani unutmaslik lozim. U ham bo’lsa, o'sha ishdan ibodatni niyat qilish. Mana shuning uchun ham amallar ulardan ko’zlangan niyatga qarab e’tiborga olinadi.
Demak, sajda Alloh taolodan boshqasiga ibodat niyati bilan qilingan bo‘lsa, shirk bo‘ladi, agar ibodat niyatida bo‘lmasa, sajda qilish shirk emas. Chunki, Yusuf alayhissalomning birodarlari va ota-onalarining ibodat niyatisiz u kishiga sajda qilishlari, garchi har ikki holatda ham sajda zohiran bir xil bo'lsada, shirk hisoblanmaydi.
Ularning nazdida, ibodatning uchinchi ta'rifi: bu kamtarlik bilan muhabbat ko’rsatishdir. Kimga bo'ysunsangiz, itoat qilsangiz va sevsangiz, siz u kishiga ibodat qilgan bo’lasiz.
- Ammo bu ta'rif musulmon kishining Alloh taologa bo‘lgan muhabbatiga qaramay Undan boshqasi uchun qiladigan ko'pgina amallar bilan buziladi.
Chunki Alloh taoloning O’zi payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bo‘ysunishni, u zotga hurmat ko‘rsatishni va sevishni hamda u kishiga itoat qilishni, ota-onamizga muhabbat ko’rsatib, bo'ysunishni buyurdi. Demak, yuqoridagi ta’rifga ko’ra, shariatning o’zi bizga Allohdan boshqasiga ibodat qilishni buyurganmi?
Xulosa o’rnida shuni aytamizki, salafi solihlarimizni yo’llaridan og’ish, shariat manbaalaridan noto’g’ri fahm bilan hukmlar olish ortidan tavhidni shar’iy ma’nosini rububiyyat va uluhiyyatga ajratish hamda bundan chiqarilgan xulosalar natijasida Qur’on va sunnatga, shariatda vorid bo’lgan ko’pgina aniq xabarlarga qarshi chiqish yuzaga keldi. Hattoki, bu botil fikrlar ortidan qanchadan qancha musulmonlarning qonlari to’kildi. Va shu toifa ergashuvchilari tomonidan hozirga qadar sof e’tiqoddagi musulmonlar va ilm ahllari shirkda, kufrda va bid’atda ayblanib kelmoqda.
Yuqorida islom olamining zabardast olimlari tomonidan bu masaladagi xatolar va shubhalarga berilgan javoblar hamda mulohazalarni qisqa tarzda keltirib o’tdik.
[1] Luqmon surasi, 25 – oyat
[2] Shuaro surasi, 97 – 98 oyatlar
[3] An’om surasi, 108 – oyat
[4] مقالات الشيخ يوسف الدجوي 254 b
[5] الرؤية الوهابية للتوحيد Usmon Nobulusiy, 154-157 b
Izoh qoldirish