Shar’iy manbalarda uluhiyyat va rububiyyat tavhidini ajratish to’g’risidagi fikrlarga qarshi mulohazalar.
2-qism
- Avvalambor, ibn Taymiyya rohimahullohdan oldingi biror kishi bunday taqsimot haqida bilmagan. Qolaversa, islom tarixida biror kishi rububiyyat tavhidi uluhiyyat tavhididan shar’an boshqa manoda deb ham aytmagan. “Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam islomni qabul qilgan biror bir kimsaga “Ikki xil tavhid bor. Lekin sen to uluhiyyat tavhidiga iymon keltirmasang musulmon bo’lolmaysan” demaganlar. Hatto bunga biror so’z bilan ishora ham qilmaganlar. Biror salafi solihdan ham bu haqida rivoyat kelmagan”.[1]
Ma’lumki, Ibn Taymiyya rohimahulloh mushriklarni rububiyyat tavhidiga iymon keltirgan deb biladilar! Shu sabab, iymonlari to’liq bo’lishi uchun ularni uluhiyyat tavhidiga da’vat qilishlari kerak. Ammo shunday bo’lsada, na Qur’onda va na sunnatda va na biror salafi solihning va na ulardan keyingilarning aytgan gapida bu taqsimot haqida bir og’iz ham so’z kelmagan.
- Bu taqsimot to’g’riligi haqida biror dalil ham topilmaydi va shu taqsimot sohiblarining o’zlari Qur’onda ham, sunnatda ham salaf ulamolaridan ham biror shar’iy matn kelmaganini e‘tirof etishadi. Shuning uchun bu taqsimotga istiqro’ (mavzuga doir barcha ma’lumotlarni o’rganib chiqish)ni dalil qiladilar.
Ibn Bozz bu to’g’risida – “Bu taqsimotga istiqro’ dalil bo’ladi. Chunki, olimlarimiz Payg’ambar s.a.v. sunnatlariga va Qur’onga oid matnlarni o’rganib chiqganlarida natija shu xulosani ko’rsatgan va ba’zi olimlar bu taqsimotga to’rtinchi qismni ham qo’shganlar. Bu natijalarning bari istiqro’ bilan bo’lgan” deydi.[2]
Endi o’ylab ko’ring! Dinning asli bo’lgan ilmning bir masalasi bo’lsayu u haqida biror bir shar’iy matn kelmagan bo’lsa va u masala olimlarning istiqro’siga tashlab qo’yilgan bo’lsa! Bu gapga rozi bo’lsakda, Ibn Taymiyya rohimahullohdan oldin – hijriy yettinchi asrgacha bo’lgan olimlarning qaysi biri bu haqida biror gap aytgan?!
Nahotki, hijriy yettinchi asrdan oldingi musulmonlarning hammasi u haqida biror shar’iy matn kelmagan e’tiqod masalasini bilishmasa?!
- Aslida, tavhid so’zi lug’atda: - bir narsani yagona deb hukm berish va uni xuddi shunday yagona deb bilishdir. Istelohda esa: - ibodat qiluvchi o’zi ibodat qilayotgan zotni o’sha ibodatga loyiq yagona zot deb bilishidir.
Demak, tavhid bitta bo’ladi va hech qachon qismlarga bo’linmaydi. Aks holda tavhid (yakkalash) emas taslis (uchta deb bilish) deb nomlanishi kerak edi. Shuning uchun ham, kimki tavhiddan bir masalani inkor qilsa, butun tavhidni inkor qilgan bo’ladi. Shunday ekan, kishi tavhidni bir qismiga mo’min, bir qismiga esa kofir hisoblanmaydi. Balki, tavhidga to’liq iymon keltirgan kishi mo’min, muvahhid, tavhidning bir masalasinigina inkor qilgan kishi esa kofir deb nomlanadi.
- Aqlan olib qaralganda robb va iloh orasida shar’iy jihatdan biror farq yo’q. Iloh bu robb. Robb esa bu iloh. Demak, ikkisining har biri boshqasining o’rniga to’g’ri keladigan, doim birga bo’ladigan tushunchalardir. Alloh taolo shunday deydi:
أَلَمْ تَرَ إِلَى الَّذِي حَاجَّ إِبْرَاهِيمَ فِي رَبِّهِ
“Alloh podshohlik berib qo‘ygani sababidan Ibrohim bilan Robbisi haqida hujjat talashganni bilmadingmi?”[3]
Ularning da’volariga ko’ra Ibrohim alayhissalom davrlaridagi zolim podshoh Namrud rububiyyat tavhidini bilar edi. Shuning uchun, oyatda “Robbisi haqida” emas “Ilohi haqida” deyilishi kerak edi?!
Bundan ma’lum bo’ladiki, Qur’oni karim ham iymon shart bo’lishi va undan kelib chiqadigan natijalar e’tiboridan robb va iloh orasini ajratmaydi. Chunki, haqiqiy iloh bu – haqiqiy robb, botil iloh esa bu – botil robb. Ibodatni xoslash va iloh deb bilish robb bo’lgan zotgagina loyiqdir.
Alloh taolo aytadi:
أَلَّا یَسۡجُدُوا۟ لِلَّهِ ٱلَّذِی یُخۡرِجُ ٱلۡخَبۡءَ فِی ٱلسَّمَـٰوَتِ وَٱلۡأَرۡضِ
“Osmonlaru yerdagi sirlarni oshkor qiladigan Allohga sajda qilmaydilarmi?!”[4]
Bu oyati karimada Alloh taolo qudrati mukammalligi sobit bo’lgan zotgagina sajda qilish kerakligi, undan o’zgasiga esa sajda qilib, sig’inishdan biror manfaat yo’qligiga ishora qilmoqda.
- Bu taqsimot dinning asli bo’lgan e’tiqod masalasida qilingan. Qolaversa, bunday taqshimlash bo’yicha taqsimot sohiblarining o’zlari ham ixtilof qilishgan. Ibn Taymiyya rohimahulloh bu taqsimot asoschisi bo’lsalarda bir o’rinda ikki qismga, boshqa o’rinda esa uch qismga bo’lganlar.
Bunday har xillikda asoslarga xilof bo’lganligi uchun katta muammo bor. Agar, “Bu taqsimotda hech qanday muammo yo’q. Chunki, bu ijtihodga bog’liq. Bir o’rinda ijtihodlari ikkiga taqsimlashga qaror topgan bo’lsa, boshqa o’rinda uchga taqsimlash to’g’riligiga qaror topgan!” deya e’tiroz bildirilsa, bunga javob quyidagicha bo’ladi:
“Bunday bo’lishi xato. Chunki ijtihod e‘tiqod masalalarida emas, furu’ (fiqh) masalalarida joiz. Qolaversa, bu taqsimotning har xilligidan Ibn Taymiyyaga tavhidni ikki qismga bo’lishda ergashganlar, tavhidning uchinchi qismi – ism va sifatlar tavhidiga kofir bo’lishi lozim kelib qoladi!”
- Tavhidni uchga bo’lish fikri “Mushriklar rububiyyat tavhidiga iymon keltirganlar!” degan da’voni yuzaga keltirdi. Natijada, mushriklar va musulmonlar orasida rububiyyat tavhidida biror farq qolmadi. Ular va musulmonlar rububiyyat tavhidida barobar bo’ldilar va oralarida uluhiyyat tavhididagina farq qoldi xolos!
Bu esa, mushriklar rububiyyat tavhidiga ham kufr keltirganliklari, Allohdan boshqa yaratuvchi va boshqaruvchi robblar borligiga e‘tiqod qilganliklari to’grisidagi Qur’on oyatlari, hadislar hamda musulmonlar tomonidan qoldirilgan asarlarda ochiq – oydin kelgan ma’lumotlarga teskaridir.
Mushriklar rububiyyat tavhidiga kufr keltirganliklariga dalolat qiluvchi oyat va hadislar.
- Alloh taolo ayt
وَلَا یَأۡمُرَكُمۡ أَن تَتَّخِذُوا۟ ٱلۡمَلَـٰۤىِٕكَةَ وَٱلنَّبِیِّـۧنَ أَرۡبَابًاۗ
“U sizlarni farishtalar va Payg‘ambarlarni Robb qilib olishingizga buyurmaydi.” [5]
Oyatda Alloh taolo ularning bir nechta robblari borligini ochiq bildirmoqda. Shunday ekan, rububiyyatga iymon ketirganliklari haqidagi da’vo qayerdan paydo bo’ldi?!
- Yusuf alayhissalom zindonda o’z sheriklarini tavhidga da’vat qila turib, shunday deydilar:
ءَأَرۡبَابࣱ مُّتَفَرِّقُونَ خَیۡرٌ أَمِ ٱللَّهُ ٱلۡوَ حِدُ ٱلۡقَهَّارُ
“Turli-tuman Robblar yaxshimi yoki yolg‘izu Qahhor Allohmi?”[6]
Demak, ularda rububiyyat tavhidiga iymon bo’lmagan. Iymonlari bo’lganida edi, Yusuf alayhissalom ularni rububiyyatga da’vat qilmas edilar!
- Alloh taolo miysoq to’g’risida aytadi:
أَلَسۡتُ بِرَبِّكُمۡۖ قَالُوا۟ بَلَىٰ
“Robbingiz emasmanmi?” deganida; “Xuddi shunday!”[7]
Agar rububiyyat tavhidining o’ziga iymon keltirish kifoya qilmaganida edi, mushriklardan bu tarzda va’da olinishi to’g’ri bo’lmasdi. Va ular ham qiyomat kunida
إِنَّا كُنَّا عَنۡ هَـٰذَا غَـٰفِلِینَ
“Biz bundan g’ofil edik!”[8]deyishlari ham xato bo’lardi. Chunki, ular rububiyyatga iymon keltirishgan edi. Ulardan talab qilingani ham shuning o’zi edi! Demak, ular ham musulmonlar kabi najot topishlari kerak bo’lardi.
Bundan tashqari, ularga qarshi chiqqanlik va kufr keltirganlik bilan hukm qilishimiz uchun “Robbingiz emasmanmi?” deb emas, “Ilohingiz emasmanmi?” deb va’da olinishi to’g’ri bo’lardi. Chunki, Alloh taolo O’zinini tavhidini talab qilganda, ular bajarishmagandi. Ammo voqe’lik Alloh taolo rububiyyat tavhidinigina aytganini ko’rsatmoqda. Agar ikkisining orasida shar’iy farq bo’lganida edi, uluhiyyat tavhidiga ham iqror bo’lishlarini talab qilgan bo’lardi.
- Muso alayhissalom va Firavn orasidagi suhbat ham aynan rububiyyat borasida kechgan edi:
فَقَالَ أَنَا۠ رَبُّكُمُ ٱلۡأَعۡلَىٰ
“Va, “Men sizlarning eng oliy Robbingizman!”, dedi”[9]
قَالَ لَىِٕنِ ٱتَّخَذۡتَ إِلَـٰهًا غَیۡرِی لَأَجۡعَلَنَّكَ مِنَ ٱلۡمَسۡجُونِینَ
Agar mendan boshqani iloh qilib olsang, albatta, men seni zindonbandlardan qilurman», dedi.[10]
- Alloh taolo yana aytadi:
ثُمَّ ٱلَّذِینَ كَفَرُوا۟ بِرَبِّهِمۡ یَعۡدِلُونَ
“So‘ngra kufr keltirganlar o‘z Robbilariga (o‘zgalarni) tenglashtiradilar.”[11]
Bu oyatda – ularning da’volariga ko’ra, Alloh taolo “Ilohlariga kufr keltirganlar...” deyishi kerak bo’lardi.
“Jo'ybori Kalon” ayol qizlar o'rta maxsus
islom ta'lim muassasasi o'qituvchisi Islomova Sayyora
[1] مقالات و فتاوى الشيخ يوسف الدجوي 249 b
[2] مجموع فتاوى و مقالات الشيخ ابن باز 6\277
[3] Baqara, 258-oyat
[4] Naml, 25-oyat
[5] Oli Imron, 80 – oyat
[6] Yusuf surasi, 39 – oyat
[7] A’rof surasi, 172 – oyat
[8] A’rof surasi, 172 – oyat
[9] Naziat surasi, 24 – oyat
[10] Shuaro surasi, 29 – oyat
[11] An’om surasi, 1 – oyat
Izoh qoldirish