TAVHIDNI RUBUBIYYAT VA ULUHIYYAT TAVHIDIGA BO’LISHNING XATOLIGI HAQIDA MULOHAZALAR
1-qism
Ahli sunna val jamoa yo’nalishiga tegishli manbalar, xususan e’tiqodga oid kitoblar bilan tanishib chiqqanda bir necha asrlar o’tgan bo’lsada ularda ahli sunnaga mansub biror olimning tavhid tushunchasini shar’iy jihatdan rububiyat va uluhiyat tavhidiga bo’lganligiga guvoh bo’lmaysiz. Balki, barcha manbalarda bu qismlar yagona tavhid deb nomlanganini ko’rasiz. Shunday ekan, inson yo muvahhid bo’ladi. Muvahhid bo’lmasa mushrik bo’ladi. Ammo tavhidning ba’zi qismlariga iymon keltirgan yarim muvahhid ba’zisiga iymon keltirmagan yarim mushrik bo’lolmaydi!
Ko’pchilikka ma’lumki, tavhid borasidagi bunday taqsimotni ilk bor Shayx ibn Taymiya rohimahulloh boshlab berganlar. Aslida tavhidni ikki qism: rububiyat va uluhiyatga bo’lganlar. Ba’zi o’rinlarda esa uchga: rububiyat, uluhiyat hamda ism va sifatlar tavhidiga ajratganlar.
U kishining va u kishiga egashganlarning bu taqsimot to’g’risidagi xulosalari:
“Rububiyat – Alloh taoloni yaratish, boshqarish, rizq berish, tiriltirish, o’ldirish va yomg’ir yog’dirish kabi fe’llarida yagona deb bilish.
Uluhiyat – har qanday ibodatni yagona Alloh taoloning o’zigagina loyiq deb bilish.
Bu ikki tushuncha agar bir joyda zikr qilinsa ikkisi ham bir ma’noni ifodalaydigan, boshqa – boshqa joyda zikr qilinsa yuqoridagi alohida ma’nolarni ifodalaydigan tushunchalardir. Shunday ekan, rububiyat uluhiyatni o’z ichiga olsa, uluhiyat ham rububiyatni lozim tutadi”.
Mana shu joygacha zikr qilib o’tilgan fikrlar istelohiy(atama sifatida qilingan) taqsimot bo’lishi mumkinligi e’tiboridan hech qanday xatolikka sabab bo’lmaydi. Ammo Ibn Taymiya rohimahulloh va u zotning shogirlari rububiyat va uluhiyatni nafaqat atama sifatida, balki shar’iy ahamiyati ham farqli deb biladilar.
Shunga ko’ra, “Mo’min kishi Alloh taoloni har ikkala tavhidda yagona deb bilishi lozim. Chunki rububiyat tavhidining o’zi to’laqonli iymon bo’lishi uchun kifoya qilmaydi. Kimki, rububiyatda Allohni yagona deb bilsa, u uluhiyatda ham Allohni yagona deb hisoblagan bo’lmaydi. Demak, u kishi haqiqiy mo’min bo’la olmaydi. Faqatgina rububiyatga iymon keltirgan, uluhiyatda esa shirk keltirgan hisoblanadi” – deydilar.
Hattoki bu fikrlar ortidan Qur’on oyatlari va hadislarga, qolaversa aqlga ham xilof bo’lgan xulosalarga kelganlar.
“Mushriklar Alloh taoloning rububiyatiga to’laqonli iymon keltirganlar! Ya’ni, Alloh taoloni yaratishda, foyda va zarar berishda, ishlarni boshqarishda yagona deb e’tiqod qilishgan. Faqatgina maxluqotlarni vosita qilib olish va ulardan ham ehtiyojlarini so’rash bilan ularga ibodat qilib uluhiyatda shirk keltirganlar. Payg’ambarlar ham o’zlarining mushrik qavmlari bilan Allohni rububiyati to’g’risida tortishmaganlar. Rububiyatga ham shirk keltirgan kishilar esa juda oz sonli bo’lishgan. Shu sababli ham payg’ambarlar va qavmlari orasida rububiyat borasida tortishuv yuzaga kelmagan.”[1]
Shu boisdan, Ibn Taymiya va u zotning ergashuvchilari Allohning borligi, birligi va qadim Zot ekanligi to’g’risida bahs yuritiladigan kalom ilmini keraksiz deb da’vo qiladilar. Aqiyda ilmining bosh mavzularini mushriklar shundoq ham iqror bo’lgan ammo, bu iqrori ularni islomga kiritmaganidek, bu masalalarni o’rganishni ham behuda deb hisoblaydilar!
Ibn Taymiya rohimahulloh o’z asarlarida: “Payg’ambarlar faqatgina Allohni ibodatga loyiqlikda yagona deb bilish bo’lgan uluhiyat tavhidi uchungina yuborilganlar. Alloh taoloning olamlarning egasi, undagi jamiki ishlarni tasarruf etuvchi deb e’tiqod qilish bo’lgan rububiyat tavhidiga esa biror mushrik ham musulmon ham qarshi chiqmaganligiga quyidagi oyati karima dalil bo’ladi:
وَلَئِن سَأَلْتَهُم مَّنْ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ لَيَقُولُنَّ اللَّهُ
“Agar ulardan “Osmonlaru yerni kim yaratgan?” deb so’rasangiz, Albatta, - “Alloh” derlar”[2]”[3] deb yozadilar.
Demak, kimki Alloh taoloning sifatlari va rububiyyati, ishlarni boshqaruchi, foydani ham zararni ham Uning o’zi beruvchiligi bilan iymonga da’vat qilsa, payg’ambarlar amalga oshirish uchun yuborilgan tavhidga da’vat qilgan bo’lmaydi. Aksincha, shundoq ham mushriklar tan oladigan mavjud narsaga da’vat qilgan bo’ladi xolos. Natijada da’vatni noqis qilgan va uluhiyat tavhidini esa tark qilgan bo’ladi.[4]
Yana bunga qo’shimcha qilib, ibodatning shariat talab qilgan ma’nosiga yangicha tushunchalarni ham olib kirdilar. Bu tushuncha esa ularni insonni hurmat qilish, e’zozlashning ba’zi ko’rinishlarini u o’sha insonni iloh deb e’tiqod qilyaptimi, rububiyyat sifatlaridan biriga xoslayaptimi yoki yo’qmi ajratmay, bu e’zozlashdan ko’zlangan maqsad haqida o’ylamay turib, shariat talab qilgan ibodat xos ma’nosi bilan tenglashtirishga olib bordi. Natijada, musulmonlarni kofirga chiqarib, butlarga ibodat qilgan mushriklar bilan barobar ko’radigan bo’ldilar. Bunga esa, - “Ular uluhiyyat tavhidiga shirk keltirishgan”liklari sabab qilib keltirildi.[5]
Aynan shu fahmlari sababli, payg’ambarlar va avliyolarni vasila qiladigan, ulardan shafoat qilishlarini, qiyin vaziyatlarda duo qilishlarini so’raydiganlar garchi, Alloh taoloni yaratuvchi deb Allohning rububiyyat tavhidiga e‘tiqod qilsalarda, Uning uluhiyyat tavhidini tark qilish ila kofir bo’lib, ularga ibodat qilgan bo’ladi deb hisoblaganlar.
Va bu kishilar – ularning nazdida, – avliyolarni vasila qilib, ularning qabrlarini ziyorat qiladigan, istig’osa yo’li bilan ularga nido qiladigan, Allohdan o’zgasi qodir bo’lmaydigan ishlarni o’sha avliyolardan duo qilib so’raydigan musulmonlar toifasiga to’g’ri keladi. Hattoki bu ish omma musulmonlarni uluhiyyat tavhidiga iymon keltirmagan degan qarash bilan ularni kofirga chiqarishgacha yetib bordi.
Achinarlisi shundaki, bu yangicha taqsimot sohiblari o’z iddaolariga qarshi fikrdagi musulmonlarni ilmiy tomonlama kofirga chiqaribgina qolmay, balki u musulmonlarni qurol bilan o’ldirishni shart deya haddan oshishdi.
Tavhid taqsimotchilarining eng muhim manbalaridan birida quyidagi fikrlar keltirilgan:
“Biz to’g’ri deb bilgan va e’tiqod qiladiganimiz, Yaman, Tuhoma, Makka, Madina, Shom, Iroq ahliga da’vatimiz yetib borgan. Ular ham biz xolis Allohga ibodat qilishga buyurayotganimizni, ko’pchilik insonlar Allohdan boshqasidan hojatini so’rab, qiyinchilikda istig’osa qilib shirk keltirayotganini inkor qilganimizni, namoz o’qish, zakot berish kabi islom amallariga buyurib, fahsh va munkar hamda bid’at amallardan qaytarishimizni ham tushunishgan. Endi ularni o’ldirishimizdan oldin yana ogohlantirib, da’vat qilishimizga hojat yo’q!”[6]
Demak, muammo tavhidni oldin bo’lmagan yangicha istelohiy taqsim qilishning o’zida emas, balki, bir inson rububiyyatga iymon keltirib, uluhiyyatga iymon keltirmagan yarim mo’min bo’lishi e’tiboridan rububiyyat va uluhiyyat tavhidini shariat o’rnatgan ma’nosini o’zaro ajratishda yashiringan. Agar shunday bo’lsa, demak, bir insonga bir vaqtning o’zida ikkita bir biriga teskari hukm bilan hukm qilgan bo’lamiz. Bu esa aslo aqlga to’g’ri kelmaydi.
Rububiyyatga iymon keltirgan, uluhiyyatga esa kofir bo’lgani e‘tiboridan bu toifaga xilof fikrda bo’lgan musulmonlarni kofir deb hukm qilganliklari to’g’risidagi xabarlarni keltirsak, gap cho’zilib ketadi. Shu sababli, bu shubhalarga qarshi avval rububiyyat va uluhiyyat tavhidi orasida shariat talab qilgan ma’noda hech qanday farq yo’qligini, so’ngra mushriklar rububiyyat tavhidida bo’lishgani to’g’risidagi shubhalarga javob bersak, ana o’shanda bu taqsimot va undan kelib chiqqan hukmlarning xato ekani o’z tasdig’ini topadi. Quyida bu shubhalarga aqliy va naqliy dalillarni taqdim qilamiz.
“Jo'ybori Kalon” ayol qizlar o'rta maxsus
islom ta'lim muassasasi o'qituvchisi Islomova Sayyora
[1] الرؤية الوهابية للتوحيد Usmon Nobulusiy, 11-bet
[2] Luqmon surasi, 25 – oyat
[3] الإستقامة Ibn Taymiyya, 31\1
[4] مجموع الفتاوى Ibn Taymiyya, 10\284
[5] الرؤية الوهابية للتوحيد Usmon Nobulusiy, 11 b
[6] كتاب الدررالسنية في الأجوبة النجدية 9\253
Izoh qoldirish