QUR'ONI KARIM SURA VA OYATLARINI KIRILLCHADA YOZIB YODLASH
Qur’on – bu ummat uchun ne’mat va rahmatdir.
Qur’on Alloh taolo O’z Kalomi Sharifida vasf qilganidek, mo’minlarning qalblariga hayot baxsh etuvchi ruhdir:
وَكَذَلِكَ أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ رُوحًا مِنْ أَمْرِنَا مَا كُنتَ تَدْرِي مَا الْكِتَبُ وَلَا الْإِيمَانُ وَلَكِن جَعَلْنَهُ نُورًا نَّهْدِي بِهِ مَن نَّشَاءُ مِنْ عِبَادِنَا وَإِنَّكَ لَتَهْدِى إِلَى صِرَاطٍ مُّسْتَقِيم
“Shunday qilib, senga O’z amrimizdan bir ruhni vahiy qildik. Kitob nima, iymon nima, bilmas eding. Lekin uni bir nur qildikki, u bilan bandalarimizdan xohlaganimizni hidoyat qilurmiz. Albatta, sen to’g’ri yo’lga hidoyat qilursan”(Shuaro surasi, 52 – oyat).
Qur’on bir ruh bo’lib, Alloh taolo u ila xohlagan bandasini tiriltiradi. U mo’minlar uchun ma’viza, shifo, hidoyat va rahmatdir.
يَتَأَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَ تَكُم مَّوْعِظَةٌ مِّن رَّبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي ٥٧ الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“Ey odamlar! Batahqiq, sizga Robbingizdan mav’iza, ko‘kslardagi narsaga shifo, mo’minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus surasi, 57-oyat).
Qur’oni Karim shunchalar ulug’ Kitobligini anglab yetgan kishi albatta uni yodlashga intiladi. Uni yod olish naqadar ulkan savob ish ekanini paygʻambarimiz alayhissalomning hadislarida zikr qilingan:
“Qur’on oʻqinglar chunki Qur’on qiyomat kunida o’z egalarini shafoat qiladi”. (Imom muslim rivoyati)
Qur’oni Karim arab tilida nozil bo'lgan. Undagi ba’zi harflar borki uni boshqa yozuvda, xususan kirill yozuvida ifodalab bo’lmaydi. Agar biz kirill yozuvidagi Qur’onni o’qisak xato oʻqiymiz va xato yodlaymiz. Savob oʻrniga gunohkor boʻlib qolishimiz ham hech gap emas. Shundan kelib chiqib, Alloh taoloning Kalomini arab harfida qanday nozil bo’lgan bo’lsa shundayligicha yodlashga harakat qilish tavsiya qilinadi. Zotan hozirda buning uchun imkoniyatlar yetarli. Qur’onga xizmat qilayotgan yurtimiz qorilari, ulamolarimiz tomonidan arab imlosini o'rgatuvchi turli xil risolalar va kitoblar nashr qilinyapti. Qolaversa telegram kanallari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali Qur’oni Karim va tajvid darslarini sodda uslubida ta’lim berib kelinmoqda. Bundan tashqari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan 2018 – yildan boshlab O’zbekiston Musulmonlari Idorasi tasarrufidagi islom bilim yurtlarida Qur’oni Karim va tajvid o’quv kurslari yo’lga qo’yilgan. Shu kungacha minglab yurtdoshlarimiz ushbu kurslarda o’qib, savodxonliklarini oshirib kelishmoqda. Kim Qur’oni Karimni bexato, aynan nozil qilingandek o’qishni xohlasa, albatta arab tilida o’qishi lozimdir. Vallohu a’lam.
Qur’oni Karim va tajvid fani o’qituvchisi: L. O’rinova
Izoh qoldirish