31.10.2024

Hidoyat imomi imom Moturidiy haqida

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Faqih, mutakallim, mufassir, usulul fiqh olimi, ahli sunna val jamoaning shayxi Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy rahmatulloh alayh tahminan hijriy 248-yillarda Samarqandda tug'ilib, 333-hijriy yilda vafot etgan. Samarqanddagi Chokarzida qabristoniga dafn qilinganlar. Islom dinining oltin asrlarida yashagan (ya'ni III-IV hijriy asrlar, Abbosiylar xalifaligi davri, Movarounnahrda Somoniylar hukmronligi yillari). U kishi Hanafiy mazhabida bo'lib, arab tilida ijod qilgan. Kamoliddin Qozi Bayzoviy Imom Moturidiyning nasabi mashhur sahobiy Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhuga borib taqalishini aytib o'tgan. Imom Moturidiy "Hidoyat imomi", "Hidoyat bayrog'i", "Musulmonlar aqidasini to'g'rilovchi" kabi bir qancha nomlar bilan mashhur bo'lgan. U zot bir qancha kitoblar ta'lif qilgan, bizgacha asosan uchta kitobi yetib kelgan: "Kitabut tavhid", "Ta'vilotu ahli sunna"(bu ikkisi chop etilgan, o'rganilgan), "Kitabul maqolot"(qo'lyozmasi bor). 

    "Kitabut tavhid“ bilish nazariyasi bayon qilingan musulmon ilohiyotshunosligining birinchi asari hisoblanadi. Kitobning kalom ilmi ta'rifi berilgan muqaddimasida bilimning 3 manbai: hissiy (sezgi) aʼzolari vositasida, naql – rivoyatlar vositasida va aql-idrok vositasida axborotlar olish mumkinligi haqida gapiriladi. Moturidiy sof din doirasidan chiqmagan holda aql-idrokni ulug'laydi va mantiqan asoslangan bilimning ahamiyatini ta'kidlaydi. Kitobda o'sha davrdagi adashgan firqalar qarashlarining haqiqatdan yiroq ekanligi tahlil etilgan. Moturidiy "Din yo'lidagi barcha adashuvlarning sababi – riyokor kimsalarga ko'r-ko'rona ergashishdadir“, deb taʼkidlagan edi.

    Moturidiy ilohiyotchi olim sifatida muhim aqidaviy masalalar – juzʼiy ixtiyor, eʼtiqod, oxirat hayoti kabilarni qamrab oluvchi risolalar bitdi. „Maʼxaz ash Shariʼa“ („Shariat asoslari sarasi“), „Kitob al-usul“ („Diniy taʼlimot asoslari kitobi“), „Kitob al-jadal“ („Dialektika haqidagi kitob“) kabi asarlari shular jumlasidandir. Moturidiy Abu Hanifa qarashlarini tushuntirib berib, uni rivojlantirdi.   Moturidiy qarashlari oʻz davrida mintaqaning madaniy va ilmiy ravnaqita sabab boʻlgan. Chunki Moturidiy din asoslarini mantiqan tushuntirgan, tanlov huquqi va ijtimoiy hamjihatlikni qaror topdirish gʻoyalarini rivojlantirgan. Moturidiy jami 15 ga yaqin asar taklif etgan. Uning kalomga oid 7 ta va fiqhga oid 2 ta asari boʻlib, ular saqlanib qolmagan.

Aksariyat mashhur hanafiy ulamolar aqida bobida u kishining yo'lidan yurishgan. 

Imom Abu Mansur Moturudiy - ahli sunna val jamoa e'tiqodini naqliy va aqliy dalillar bilan sharhlashda Islom olamida nom qozongan zotlardan biri. Turli botil aqidaviy firqalar ko'payganda u zot sahobalar, tobeinlar va taba tobeinlarning sog'lom aqidalarini jamlab, sharhladilar va ahli sunna aqidasini himoya qildilar. U zot va shogirdlari aqidaviy maktab tashlil qilishdi va u "Moturudiy aqidaviy mazhabi" deb nomlandi. Bu ishda Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning qoldirgan ilmlari va ijtihodlaridan ko'p foydalanganlar. Shu sababli bu aqida maktabi izdoshlarining ko'pchiligi hanafiylardir. Hozirgi kunda dunyo musulmonlar ommasining yarmidan ko'pi moturudiya aqidaviy yo'nalishiga ergashadilar. Qolgan yarmi esa Imom Abul Hasan Ash'ariy aqida mazhabiga ergashadilar va ikki mazhab bir butun bo'lib, ahli sunna val jamoani tashkil etadi.

Imom Abu Mansur Moturudiyning eng mashhur ustozlari quyidagi ulamolardir:

    1. Abu Nasr Iyoziy. U zot o'z davrining yetuk olimi bo'lgan.

    2. Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy.  Usul va furu' ilmlarini o'zida jamlagan va turli ilmlarda mohir bo'lgan olim edilar. 

    3. Muhammad ibn Muqotil Roziy. Ra'y shahrining qozisi.

    4. Nusayr ibn Yahyo 

   E'tiborli joyi shundaki Imom Abu Mansur Moturudiy ikki ustoz vositasida Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad silsilasiga bog'lanadilar. Yuqorida sanalgan to'rtta ustozlaridan Muhammad ibn Muqotil, Imom Muhammadning shogirdi Abu Mutiy Hakam ibn Abdulloh Balxiydan dars olganlar. Qolgan uchta ustozlari ham Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlarning shogirdi bo'lgan Abu Sulaymon ibn Muso ibn Sulaymon Juzjoniydan dars olganlar.

   Bu ustoz-shogirdlar silsilasi bizga Imom Moturudiyning barcha ustozlari ahli sunna val jamoa ulamolari bo'lgani va Islom ummati e'tirof qilgan, bir ovozdan qabul qilgan mujtahid olimlarga juda yaqin bo'lganini e'tirof qilishgan. U zor dinimizning sof manbalari sahobalar, tobeinlar va tana tobeinlarga juda yaqin davrda yashashgan va ularming ilmlaridan barakali foydalanganlar.

Oʻzbekistonda Moturidiy merosini oʻrganishga faqat mustaqillikdan keyingina kirishildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 2000-yilda Moturidiy tavalludining 1130-yilligi Oʻzbekistonda keng nishonlandi. Oʻzbekiston prezident I. A. Karimov tashabbusi bilan Samarqandda alloma xotirasiga yodgorlik majmui bunyod etildi. Toshkent va Samarqandda Moturidiy taʼlimoti va uning islom olamida tutgan mavqeiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkazildi. Moturidiy hayotining turli qirralarini yorituvchi maqolalar, risolalar va tadqiqotlar chop etildi. Moturidiy merosini oʻrgangan xorijlik olimlar bilan samarali hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.

Jo’ybori Kalon ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim 

muassasasining aqoid fani o’qituvchisi: Jamilova Asila

Izoh qoldirish