24.10.2024

Qabristonga borilganda qaysi suralarni o’qish kerak?

Bismillahir rohmanir rohim.  Dinimizda qabristonga borilganda qaysi sura yoki oyatlarni o'qish kerakligi qat'iy belgilab qo'yilmagan. Qur'oni karimning qaysi joyidan yaxshi o'qiy olsa oʻsha yeridan istagancha o'qiydi. Keyin qiroatning savobini mayyitga bag'ishlaydi.  Aksariyat manbalarimizda qabristondagi Qur'on tilovati biror suraga cheklab qo'yilmagan. “Al-Javharotun nayyiroh” kitobida shunday deyiladi: “Mayyit dafn qilingach, go'yo bir tuya so’yilib,  goʻshti taqsimlanadigan muddatcha qabri yonida Qur'on tilovati va duo qilib turishlari mustahabdir.” 

Lekin hadisi shariflarda ba'zi sura yoki oyatlarni o'qish fazilatli ekaniga ishoralar bor. Sahihi Buhoriy”ga sharh yozgan hanafiy alloma Badriddin Ayniy bunday deydi: Imom Abu Dovud Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan  rivoyat qiladi. U kishi aytdilar:  “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o’liklaringizga Yasin so'rasini o'qing” deganlar. Bu hadisni Imom Nasaiy va Imom ibn Moja  ham rivoyat qilishgan.  Qolaversa, ushbu rivoyat mayyit yonida o'qilgan Qurʼondan manfaat olishiga dalolat qiladi va “Mayyit Qur'on qiroatidan manfaat ko'rmaydi” deganlarga qarshi hujjat bo`ladi. (“Umdatul qori” kitobi).  

Sahobalar ichida qabrlari tepasida Qur'on tilovat qilishni vasiyat qilib ketganlari  ham bor. Chunki ular shu narsada mayyitga foyda borligini payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitganlar. Shu sababli ham vasiyat qilganlar. 

 Abdurahmon ibn A'lo ibn Lajlajdan, u kishi otalaridan rivoyat qiladilar: “Otam menga: Ey o'g'ilcham! Agar vafot etsam, meni lahadga qo'ygin. Lahadga qo’yib bo’lgach: “Bismillahi va ala millati Rosulillah”,  deb ustimga tuproq tortgin.  Keyin  bosh tomonimda Baqara surasining avvali va oxirini o'qigin, chunki men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning mana shunday deganlarini eshitganman,” dedi.” Imom Tabaroniy rivoyati.

 Shuningdek, Imom ibn Moja Paygʻambarimiz alayhissalom o'tganlar haqqiga  Fotiha surasini oʻqishni buyurganlarini ham rivoyat qilgan. 

Abu Bakr ibn Abu Saiddan  rivoyat qilinadi : “Qabrlarni ziyorat qilish va Ixlos surasini yetti marta o'qish mustahabdir.  Shu sabab mayyitning kechirilmagan gunohlari kechiriladi”.

Ushbulardan ko’rinib turibdiki, qabristonga borib Qur’on tilovat qilsa bo’ladi va bundan mayyit manfaat oladi. Qabristonga ziyorat qilib borgan kishi qaysi suralarni yaxshi bilsa, o’sha suralarni o’qiyveradi. Xususan Baqara surasining boshi va oxiri,  Yasin, Mulk, Ixlos va Fotiha suralarini o’qisa hadislarda keltirilgan suralarni o’qigan bo’ladi. Vallohu a’lam.

 

 

 

Qiroat va tajvid fani o’qituvchisi: L.O’rinova 

Izoh qoldirish